Davlat test markazi tomonidan 20 turdagi test sinovlari o‘tkazilmoqda

O‘zbekiston 14:30 / 13.12.2018 9296

Bugun, 13 dekabr kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining xalqaro hamkorlik loyihalari bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi va unda DTM faoliyatiga oid qator ma'lumotlar taqdim etildi.

Markaz rahbari o‘rinbosari Qahramon Haqberdiyevning ma'lum qilishicha, bugungi kunda DTM tomonidan 20 turdagi sinovlar uchun test imtihonlari o‘tkazib kelinmoqda. Ular ichida ko‘pchilik bilgan an'anaviy sinovlardan tashqari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokim va hokim o‘rinbosarlari uchun test sinovlari, Imom Buxoriy xalqaro markazida malaka oshirayotgan imom-xatiblarning oraliq va yakuniy test sinovlari, muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchi fuqarolar uchun testlar kabilar ham bor.

DTM hozirda AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya kabi ilg‘or davlatlar bilan sohaga oid hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri Qahramon Haqberdiyevdan DTM shtat birligi va moddiy texnik bazasi bo‘yicha hozirgi kundagi ahvol qandayligini so‘radi.

«DTM faoliyati bevosita prezident va Vazirlar Mahkamasi nazoratida va bizning imkoniyatlarimiz ancha kengaydi. Xususan, shtat birligimiz 72tadan 150taga yetdi. Bir yil ichida qo‘shimcha 11 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Xususan, oldin bir soatda 4000 dona varaqani skaner qiluvchi qurilmalar o‘rniga AQShning SCANTRON korporatsiyasining iNSIGHT turkumiga kiruvchi optik tolali qurilmalarini keltirdik va bu qurilma soatiga 15 000 dona test varaqasini tekshirib bera oladi. Natijalarni har kuni e'lon qilishda bu juda qo‘l kelmoqda», deya javob qaytardi u.

Ko‘proq yangiliklar: