Davlat organlari xodimlari hukumatning maxsus mobil aloqa tizimidan foydalanishadi - Prezident farmoni

O‘zbekiston 23:26 / 13.12.2018 49685

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruviga raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat hamda axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.

Hujjatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 3 iyuldagi PQ–3832-son qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) raqamli iqtisodiyotni joriy etish va rivojlantirish sohasida vakolatli organ etib belgilanganligi ma'lumot uchun qabul qilingani qayd etib o‘tilgan.

Farmonga ko‘ra, 2019 yil 1 mayga qadar “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladi. Loyiha quyidagilarni nazarda tutadi:

  • elektron hukumatning davlat, aholi va biznesning samarali o‘zaro hamkorligini, shuningdek, jahonning raqamli makoniga integratsiyalashuvini ta'minlash bo‘yicha yagona milliy tizim sifatidagi maqsadli ahamiyatini belgilash;
  • “Elektron hukumat” tizimining tarkibi va tuzilmasini, uni yaratish shartlari va arxitekturasining kontseptual asoslarini, jumladan, tashkiliy, funksional, texnik tuzilmasini, shuningdek, asosiy raqamli aktivlar ro‘yxatini aniq belgilash;
  • elektron hukumatni yaratishning asosiy prinsiplari va funksional vazifalarini, elektron hukumat imkoniyatlaridan foydalangan holda raqamli transformatsiyaga erishishning aniq ko‘rsatkich va indikatorlarini belgilash;
  • elektron hukumatni yaratishning huquqiy va tashkiliy-texnik choralarini, jumladan, raqamli transformatsiya jarayonlarini tadqiq etish metodologiyasiga, ularning o‘zaro muvofiqligiga, axborot sohasida birgalikdagi hamkorlik, ma'lumotlar almashish protokollari va formatining o‘zaro mosligiga doir talablarni belgilash;
  • shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish bo‘yicha talablarni hisobga olgan holda axborotni yig‘ish, qayta ishlash, to‘plash, saqlash va uzatishda axborot xavfsizligini ta'minlash;
  • “Elektron hukumat” tizimini yaratish va joriy etish bo‘yicha loyihani amalga oshirish mexanizmlari va bosqichlarini nazarda tutish;
  • “Elektron hukumat” tizimini joriy etishda uning samaradorligi va shaffofligini oshirishni ta'minlaydigan, jumladan, loyihalar bo‘yicha yagona milliy distribyutorni tashkil etish orqali yaxlit jarayonni barpo etish;
  • Agentlik negizida boshlang‘ich loyiha sifatida elektron raqamli imzo infratuzilmasining namunaviy elementini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida raqamli infratuzilmani yanada modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 21 noyabrdagi PQ–4022-son qaroriga muvofiq LBMA tomonidan “Raqamli ishonch” raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bilan birgalikda barcha davlat xizmatlari faqatgina operatorning ma'lumotlarni qayta ishlash markazlari orqali ko‘rsatilishini ta'minlashni nazarda tutadigan 2019–2021 yillarda “Universal Mobile Systems” MChJni rivojlantirish Kontseptsiyasi ishlab chiqilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Innovatsion loyihalarni amalga oshirish va idoraviy axborot tizimlarini jadal integratsiyalashuvining tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 18 apreldagi PQ–3673-son qaroriga muvofiq LBMA tomonidan aloqaning, shu jumladan, xorijda bo‘lish vaqtida, maxfiyligi, tezkorligi, xavfsizligi va telekommunikatsiya xizmatlariga sarflanadigan byudjyet mablag‘larining tejalishini ta'minlaydigan hukumat mobil aloqasi tizimini ishga tushirish, sinash va undan tajriba tariqasida foydalanish ishlari bajarildi.

2019 yil 1 apreldan boshlab ushbu tizim davlat organlari, tashkilotlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari xodimlari uchun o‘z xizmat vazifalarini bajarishda foydalanilishi majburiy hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: