O‘zbekistonda yana bir ko‘krak nishoni ta'sis etiladi

O‘zbekiston 15:26 / 12.12.2018 15603

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi bilan “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish a'lochisi” ko‘krak nishoni ta'sis etilishi mumkin.

“Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish a'lochisi” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ko‘krak nishoni bilan mamlakat aholisining uy-joy sharoitlarini yaxshilash, muhandislik kommunikatsiyalarini o‘z vaqtida sifatli qurish va ta'mirlash, ularning atrofidagi hududlarni obodonlashtirish, uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va zamonaviy uskunalar bilan jihozlash ishlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan, soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan fuqarolar taqdirlanadi.

Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, ichimlik suvi va issiqlik ta'minoti korxonalari hamda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasidagi boshqa tashkilotlar xodimlarini ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, viloyatlar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalari hamda Toshkent shahar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasiga har yili 
25 yanvargacha taqdim etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, viloyatlar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalari hamda Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi nomzodlar bo‘yicha takliflarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi hamda har yili 25 fevralgacha O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga taqdim etadi.

Vazirlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunuvchi tashkilotlar hamda boshqa vazirlik va idoralar uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan o‘z xodimlarini ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni har yili 25 fevralgacha vazirlikka taqdim etadi.

O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri tomonidan ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Komissiya tashkil etiladi. 

Komissiya yig‘ilishida nomzodlar bo‘yicha hujjatlar o‘rganilib, har yili 1 aprelgacha eng munosib nomzodlar bo‘yicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi buyrug‘i har yili 15 aprelgacha qabul qilinadi.

Ko‘krak nishoni har yili 18 aprel – O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri (yoki uning topshirig‘iga binoan boshqa mas'ul shaxslar) tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

Ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining to‘rt baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladi.

Bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotlari vazirlikning byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobidan topshiriladi. Bir shaxs ko‘krak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi. Ko‘krak nishoni davlat mukofotlaridan keyin ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yangi ko‘krak nishoni ta'sis etilgani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: