Soliq to‘lovchilarni pasportlashtirish har yili emas, balki uch yilda bir marotaba o‘tkaziladi

O‘zbekiston 10:00 / 12.12.2018 6738

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisida «2019 yilga byudjyet-soliq siyosati Kontseptsiyasi va 2020-2021 yillarga prognoz mo‘ljallari qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi qizg‘in muhokama etilib, tanqidiy ko‘rib chiqilgan edi.

2019 yilgi byudjyet va soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari Kontseptsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan mazkur loyiha parlament quyi palatasining qo‘mitalari, fraksiyalarida bo‘lib o‘tgan muhokamalarda ham, yalpi majlisda ham deputatlarning bir qator savol va e'tirozlarini keltirib chiqargandi. 2018 yil 11 dekabr kuni esa parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida ushbu qonun loyihasi qayta ko‘rib chiqildi.

Soliq kodeksining 68-1-moddasi — “Soliq to‘lovchilarni pasportlashtirish” bo‘yicha deputatlar va mutaxassislarning uzoq muhokamalaridan so‘ng, soliq to‘lovchilarning manfaatlarini hisobga olib, mazkur modda soddalashtirildi. 

Pasportlashtirish jarayonining davriyligi belgilab qo‘yildi, ya'ni, uni har yili emas, balki uch yilda bir marotaba o‘tkazish belgilandi. 

Shuningdek, soliq to‘lovchilarni pasportlashtirish natijasida tuzilgan dalolatnoma soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblashga asos bo‘lishiga doir norma, shuningdek, bu jarayonga huquqni muhofaza qilish idoralarini jalb etishga oid norma chiqarib tashlandi. 

Muhokamalarda ishchi guruh tomonidan alohida ta'kidlandiki, pasportlashtirish jarayoni tadbirkorlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aralashuvlarni nazarda tutmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: