«Pul to‘lashga borsang, xodim yo‘q». Farg‘ona kommunal idoralarida turnaqator navbatlar

Jamiyat 17:12 / 12.12.2018 11257

Xonadonda ishlatiladigan elektr, gaz, suvga vaqtida to‘lov qilish haqida OAV orqali aytilaverib, aholining qarashlari o‘zgartirildi.

Xalqimiz aytilgan gapni tushunadi. Endi odamlar har oyning o‘ninchisigacha kommunal idoralariga borib, ishlatilgan energiya, gaz, suv uchun pul to‘lashga o‘rganishdi. To‘lamasa, MIB bilan muammolar boshlanadi.

Biroq, oldinlari «QARZDORLIK KO‘P. TO‘LAShMAYaPTI», deb bong uradigan kommunalchilar, asli o‘zlari vaqtida to‘lovlarga tayyor emas ekan.

Farg‘onalik o‘quvchilarimizdan biri aloqaga chiqdi. «Qirguli gaz idorasiga to‘lov qilish uchun bordim. Navbat uchun 35 kishi bor. Uch yarim soatda galim keldi. Ertalab, soat 9da kirib, soat 11:30da chiqdim. Navbatda turganlar orasida asabbuzarlik, kelishmovchilik odatiy holga aylangan. So‘ng elektr uchun pul to‘lagani Marg‘ilon elektr tarmoqlari idorasiga borsam (hudud bo‘yicha shu yerga qaraymiz), 50-60 odam navbatda turgan ekan. Soat 12dan o‘tganda kassa xodimlari tushlikka chiqib ketishdi. Shuncha odam sarson, yo ketishini bilmaydi, yo kutishini.

Marg‘ilondagi «Qishloqqurilishbank», «Agrobank» ofislariga kirsam, ular elektr energiyasiga pul qabul qilishmas ekan. Iste'mol qilingan elektr uchun pul to‘lay olmay qaytib keldim. Elektr tarmoqlari idorasi xodimlari «Oyning 15-20 sanalaridan keyin kelsangiz, odam kam bo‘ladi», degani ortiqcha bo‘ldi. Axir, MIB har kuni, «To‘lovni oyning o‘ninchisigacha amalga oshiring!», deb turibdiku?».

Fuqaroning e'tirozi juda o‘rinli. Hozir, qaysi shahar yoki tuman markazidagi kommunal soha idorasiga borsangiz, uzundan-uzun navbatlarni ko‘rasiz. Kassir, ya'ni pul qabul qiluvchi xodimlar sonini ko‘paytirish masalasi soha mutasaddilari uchun hech dolzarbga o‘xshamaydi.

Yana ularda boshqa muammo ham chiqib turadi. Yo baza ishlamay qoladi, yoki internet. Shahar va tuman markazlariga pul qabul qilish shoxobchalari tashkil qilinsa va o‘sha qabul qilish shoxobchalari dam olish kunlari ham ishlasa, odamlar ish kunida sarson bo‘lmas edi.

Soha vakillarining banklar bilan aloqasi ham yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Sizda savol tug‘ilishi mumkin: «Telefondan «Klik» orqali o‘tkazib qo‘ysa bo‘lmaydimi?». Bo‘ladi. Lekin, MIB kvitansiya so‘raydi. Keyin, telefon orqali yuborilgan summani oyning 10-sanasigacha kommunal soha idorasiga borib, o‘z hisob daftarchangizga qayd ettirish ham kerak...

Mazkur sohada aholini qiynab kelayotgan muammolar ko‘p. Endi ularning yechimi ustida bosh qotirishsa bo‘lar edi...

Elmurod Ermatov
KUN.UZ muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: