Prezident pensiyaga oid yangi hujjatni imzoladi​: Ishlayotgan pensionerlarga to‘liq pensiya beriladi

O‘zbekiston 20:20 / 12.12.2018 167628

​O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Fuqarolarning pensiya ta'minoti tizimi samaradorligini oshirish va pensionerlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda keltirilgan.

Farmonga ko‘ra, Pensionerlarni ijtimoiy jihatdan yanada qo‘llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ularning salohiyati, tajribasi va bilimini to‘laqonli jalb qilish, pensiya ta'minoti tizimi samaradorligini oshirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishda xalqaro tamoyil va standartlarni joriy etish maqsadida, 2019 yil 1 yanvardan boshlab barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalar to‘liq miqdorda to‘lanishi belgilangan.

Shuningdek, 2019 yil 1 yanvardan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdorini eng kam oylik ish haqining 8 barobaridan (O‘zbekistonda eng kam ish haqi miqdori 202 730 so‘m, 8 «minimalka» 1 mln 621 ming so‘m bo‘ladi) 10 barobarigacha (2 mln 27 ming 300 so‘m) oshirish to‘g‘risidagi takliflar ma'qullangan.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Moliya vazirligi huzuridagi byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi 2019 yil 1 yanvardan pensiyani hisoblashda qabul qilinadigan ish haqining maksimal miqdori oshirilishini hisobga olgan holda pensiyalar miqdori qaytadan hisoblab chiqilishini ta'minlaydi.

Qayd etish kerakki, prezident bu o‘zgarish haqida Konstitutsiya bayrami kuni va'da bergandi.

«Konstitutsiyamizda aholining muhim ijtimoiy huquqi sifatida kafolatlangan pensiya ta'minoti kelgusi yillarda ham eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qoladi», - deya ta'kidlab o‘tgandi davlat rahbari. 

Prezident 2019 yildan boshlab pensiya to‘lovining yuqori chegarasi eng kam oylik ish haqining 8 barobaridan 10 barobariga oshirilishi va ishlayotgan pensionerlarga pensiyalar to‘la miqdorda to‘lanishini qo‘shimcha qilgandi.

«O‘zbekiston Respublikasi pensiya ta'minoti tizimini rivojlantirish va isloh etish istiqbollari» xalqaro amaliy seminarida ishtirok etgan BMT vakiliga ko‘ra, ijtimoiy himoyada pensiya masalasi doimo dolzarb bo‘lib kelgan. 

«Mamlakat aholisining asosiy qismi ishga yaroqli qatlam. Lekin, shunga qaramay pensiyaga doimiy e'tibor qaratilishi lozim. Pensiya bo‘yicha islohotlarni tartibli yo‘lga qo‘yish maqsadida Jahon banki vakillari bilan ishlar olib borilmoqda. Xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish kerak. Misol qilib Polshani ham olish mumkin», degan BMT Taraqqiyot dasturi vakili Xurshid Rustamov.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprelida Moliya vazirligi huzuridagi Byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan ishlab chiqilgan davlat pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasida O‘zbekistonda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish taklif etilgandi

Bugungi kunda pensiya yoshi O‘zbekiston Respublikasida nafaqat Yevropa, Amerika, Osiyo mamlakatlari orasida, balki MDH davlatlari ichida ham eng kichik hisoblanib, muddatidan avval pensiyaga chiqish huquqini hisobga olgan holda, o‘rtacha erkaklarda 58 yoshni, ayollarda esa 53 yoshni tashkil etadi. Muddatidan avval pensiyaga chiqish huquqi hisobga olinmaganda esa, erkaklar 60 yoshda, ayollar 55 yoshda pensiyaga chiqishi mumkin bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: