OAV: AQSh Xitoy bilan «texnologik urushni» boshlamoqchi

Jahon 12:30 / 12.12.2018 16491

AQShning Xitoyga qarshi savdo urushi asosiy raqib bilan «texnologik urushni» boshlash uchun faqatgina bahonadir. Bu haqda Fudan Shanxay universiteti siyosatshunosi Ven Yan China Daily nashriga aytib o‘tdi.

Ekspert so‘zlariga ko‘ra, Amerikaning taktikasi ZTE va Fujian Jinhua Integrated Circuit Company yirik texnologiya kompaniyalari bilan bog‘liq hodisalar, shuningdek, dekabr oyida Huawei kompaniyasi bilan yuz bergan voqea tufayli oshkor bo‘ldi. Ven Yanning fikricha, Qo‘shma Shtatlar Xitoyning innovatsion korxonalarini nishonga olgan. Avvalroq Kanadada AQShning iltimosi bo‘yicha Huawei moliyaviy direktori Men Vanchjou hibsga olindi. Bu hafta Kanadadagi sud uni garov evaziga ozod etishga qaror qildi.

Siyosatshunosning ishonch bildirishicha, Huawei amerikaliklar nishoniga aylangan so‘nggi kompaniya emas. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh, katta ehtimol bilan, bunday kampaniyani o‘tkazish rejasini tayyorlab qo‘ygan bo‘lishi mumkin, ammo Xitoy hali ham aksilchoralar imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda hamda bu masalada alohida vazminlikni ko‘rsatyapti. Ekspertning ta'kidlashicha, Xitoy hukumati XXRdagi Amerika kompaniyalariga qarshi hech qachon bunday tarzda harakat qilmagan.

Pekin mamlakat manfaatlarini himoya qilish uchun samarali, ammo tajovuzkor bo‘lmagan qarshi hujumlarni ishlab chiqishi va AQSh tomonining kelgusi hujumiga tayyorgarlik ko‘rishi lozim, deya hisoblaydi Ven Yan. Shunga qaramay, ekspert Xitoy aksilchoralarga borishga tayyor ekaniga shubha bilan qaramoqda. Uning qo‘shimcha qilishicha, rasmiylar, katta ehtimol bilan, AQShning global yetakchiligiga e'tiroz bildirmoqchi emaslar va «har doim sulh haqida kelishishga tayyorlar», an'anaviy strategik vazminlik amaliyotini davom ettiradilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya Xitoyga qarshi kurashda AQShni qo‘llab-quvvatlagani xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: