Maktab filiallari tushunchasiga barham beriladi

O‘zbekiston 12:00 / 12.12.2018 24035

Bugun, 12 dekabr kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Vazir Sherzod Shermatov, o‘rinbosarlari hamda boshqarmalar rahbarlari ishtirokidagi tadbirda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorli, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi yuzasidan xalq ta'limi tizimida olib borilayotgan amaliy ishlar natijalari tahlil qilindi.

Kun.uz muxbiri xabar qilishicha, vazirlik o‘z oldiga asosan chekka hududlarga xos bo‘lgan maktab filiallari degan tushunchani yo‘qotishni maqsad qilgan.

Xalq ta'limi vazirining aytishicha, qishloq hududlaridagi maktab filiallari alohida maktabga aylantirilishi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu ishlar doirasida joriy yilning o‘zida respublika bo‘ylab 43ta maktab filiali asosiy maktabga aylantirilgan.

Shuningdek, matbuot anjumanida joriy yilda 68ta yangi maktab qurilgani aytib o‘tilgan, nodavlat talim muassasalari soni bir yilda 2 baravar ortib, 84taga yetgan.

Qayd etish kerakki, yil davomida OAVda chekka hududlarda joylashgan ko‘plab maktab filiallaridagi og‘ir sharoitlar haqida o‘nlab materiallar e'lon qilingandi. Bunday filiallar odatda uzoq masofadagi asosiy maktabga qatnashi muammo bo‘lgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun eski binoda (bog‘cha yoki masjid binosi o‘rnida ham) bir yoki bir necha xonadan iborat bo‘lgan maktablarga aytiladi.

Ko‘proq yangiliklar: