Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi

O‘zbekiston 09:23 / 12.12.2018 45737

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalariga kiritilishi rejalashtirilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar 

1. 6-bandga quyidagi mazmundagi o‘n oltinchi xatboshi qo‘shiladi:

«Maysazor (yashil hudud) – qatnov qismi yoki trotuarga tutashgan daraxt yoki boshqa o‘simliklar ekilgan yohud sun'iy yashil qoplama bilan qoplangan hudud.»;

41-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«Svetofor (reversivdan tashqari)ning yoki tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida haydovchilar transport vositalarini to‘xtash chizig‘i (5.33 yo‘l belgisi) oldida (bunda transport vositasining eng oldingi nuqtasi to‘xtash chizig‘i ustiga chiqib ketmasligi kerak), bunday chiziq bo‘lmaganda esa:»;

78-bandning ikkinchi xatboshisida «tezligini oshirishga» degan so‘zlardan keyin «va pasaytirishga» degan so‘zlar qo‘shiladi;

88-bandda birinchi va ikkinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«Transport vositalariga yo‘lning o‘ng tomonidagi yo‘l yoqasining imkon qadar chetida, u bo‘lmaganda esa qatnov qismining imkon qadar chetida va ushbu Qoidalarning 89-bandida ko‘rsatilgan hollarda trotuarda to‘xtash va to‘xtab turishga ruxsat etiladi.
Aholi punktlarida ikkita harakat bo‘lagi bo‘lgan bir tomonlama harakat tashkil etilgan yo‘llarda, o‘rtada tramvay izi bo‘lmasa yo‘lning chap tomonida ham to‘xtash va to‘xtab turishga ruxsat etiladi.»;

89-band birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«Transport vositalarini yo‘lning qatnov qismi chetiga parallel holda bir qator qilib, kajavasi bo‘lmagan ikki g‘ildirakli transport vositalarini ikki qator qilib qo‘yishga ruxsat etiladi.»;

91-bandga quyidagi mazmundagi o‘n uchinchi xatboshi qo‘shiladi:

«maysazor (yashil hudud) bilan band qilingan hududlarda.»;

98-bandga quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi qo‘shiladi:

«Aylanma harakatlanish joyida harakatlanayotgan transport vositalari aylanaga kirib kelayotgan transport vositalariga nisbatan imtiyozga ega.»;

138-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«Kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart.»;

162-bandga quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi qo‘shiladi:

«qurilish materiallarini, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, shuningdek, boshqa to‘kiladigan (issiq asfalt, yirik gabaritli va og‘ir yuklardan tashqari) yuklarni ochiq avtotransport vositalarida tashishda yukni majburiy tartibda brezent yoki boshqa qalin material bilan qoplasa;»;

164-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«O‘ta og‘ir, katta o‘lchamli va xavfli yuklarni tashishda gabarit o‘lchamlari yukli yoki yuksiz holda eni bo‘yicha 2,55 (refrijyeratorlar va izotermik kuzovlar uchun 2,6) metrdan va balandligi bo‘yicha yo‘l sathidan
4 metrdan, uzunligi bo‘yicha yakka avtotransport vositasi 12 metrdan, tirkama 12 metrdan, yarimtirkamali avtopoyezd 20 metrdan, tirkamali avtopoyezd 20 metrdan ortiq bo‘lgan yoxud yuki transport vositasining oldi va orqa nuqtasidan 2 metrdan ortiq chiqib turgan transport vositalarining harakatlanishi belgilangan tartibda DYHXX bilan kelishilgan bo‘lishi kerak.»;

168-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«rulni ushlamasdan va bir qo‘lda ushlab harakatlanish (manyovrdan oldin ishoralar berish bundan mustasno).»;

2. Yo‘l harakati qoidalarining 1-ilovasida:

«Ogohlantiruvchi belgilar» 1-bo‘limiga:

quyidagi mazmundagi to‘rtinchi xatboshi qo‘shiladi:

«1.3. «Diqqat, temir yo‘l kesishmasini to‘suvchi qurilma». Ushbu yo‘l belgi to‘suvchi qurilma bilan jihozlangan temir yo‘l kesishmalariga yetmasdan o‘rnatiladi. Oldinda to‘suvchi qurilma borligi haqida transport vositalari haydovchilarini ogohlantiradi.»;

to‘rtinchi – o‘ttiz to‘rtinchi xatboshilar tegishli ravishda beshinchi – o‘ttiz beshinchi xatboshilar deb hisoblanadi;

quyidagi mazmundagi o‘ttiz oltinchi xatboshi qo‘shiladi:

«1.31. «Sun'iy yo‘l notekisligi». Yo‘lning sun'iy notekislik o‘rnatilgan qismiga yaqinlashayotganligini bildiradi, transport vositasining harakatlanish tezligini majburiy tarzda kamaytirish uchun qo‘llaniladi.»;

o‘ttiz beshinchi – o‘ttiz oltinchi xatboshilar tegishli ravishda o‘ttiz yettinchi – o‘ttiz sakkizinchi xatboshilar deb hisoblanadi;

quyidagi mazmundagi o‘ttiz to‘qqizinchi xatboshi qo‘shiladi:

«1.32. «Tirbandlik». Ushbu yo‘l belgisi vaqtinchalik yoki tasviri o‘zgaradigan holatda tirbandlik hosil bo‘lgan yo‘l yoki chorrahaga kirish oldidan yo‘lni yoki chorrahani aylanib o‘tish imkoniyati bo‘lgan joyga  o‘rnatiladi.»;
    
o‘ttiz yettinchi – qirq birinchi xatboshilar tegishli ravishda qirqinchi – qirq to‘rtinchi xatboshilar deb hisoblanadi;

qirqinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«1.1, 1.2, 1.5 - 1.32 ogohlantiruvchi belgilari aholi punktlarida xavfli joydan 50 - 100 metr, aholi punktlaridan tashqarida esa 150 - 300 metr oldin o‘rnatiladi. Zaruriyat bo‘lganda bu belgilar 7.1.1 qo‘shimcha-axborot belgisida ko‘rsatilgan boshqa masofada ham o‘rnatilishi mumkin.»;

qirq uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«1.3, 1.3.1 va 1.3.2 belgilari bevosita temir yo‘l kesishmasining oldiga o‘rnatiladi.»;

«Taqiqlovchi belgilar» 3-bo‘limiga:

quyidagi mazmundagi o‘ttiz oltinchi – o‘ttiz sakkizinchi xatboshilari qo‘shiladi:

«3.32. «Xavfli yuk tashiyotgan transport vositasining harakati taqiqlangan».
3.33. «Portlovchi va tez alangalanuvchi yukni tashiyotgan transport vositasining harakati taqiqlangan».
3.27 belgisining yengil yo‘nalishsiz taksi transport vositalari haydovchilariga yo‘lovchi va yuklarni tushirish va chiqarish paytida daxli yo‘q.»;

o‘ttiz oltinchi – qirq sakkizinchi xatboshilar tegishli ravishda o‘ttiz sakkizinchi – elliginchi xatboshilar deb hisoblanadi;

«Buyuruvchi belgilar» 4-bo‘limiga:

quyidagi mazmundagi o‘n sakkizinchi – yigirma uchinchi xatboshilar qo‘shiladi:

«4.6.1. «Piyodalar va velosipedchilarning birgalikdagi harakati tashkil etilgan yo‘lak».
4.6.2. «Piyodalar va velosipedchilarning birgalikdagi harakati tashkil etilgan yo‘lakning oxiri».
4.6.3. «Piyodalar va velosipedchilarning harakati alohida tashkil etilgan yo‘lak». 1.1, 1.25 va 1.26 yo‘l yotiq chizig‘i yordamida, konstruktiv tarzda yoxud boshqa usulda piyodalar va velosipedchilarning harakati ajratilgan piyodalar va velosipedchilar yo‘lagi.
4.6.4. «Piyodalar va velosipedchilarning harakati alohida tashkil etilgan yo‘lakning oxiri».
4.6.5. «Piyodalar va velosipedchilarning harakati alohida tashkil etilgan yo‘lak». 1.1, 1.25 va 1.26 yo‘l yotiq chizig‘i yordamida, konstruktiv tarzda yoxud boshqa usulda piyodalar va velosipedchilarning harakati ajratilgan piyodalar va velosipedchilar yo‘lagi.
4.6.6. «Piyodalar va velosipedchilarning harakati alohida tashkil etilgan yo‘lakning oxiri.»»;

o‘n sakkizinchi – o‘n to‘qqizinchi xatboshilar tegishli ravishda yigirma to‘rtinchi – yigirma beshinchi xatboshilar deb hisoblanadi;

quyidagi mazmundagi yigirma oltinchi xatboshi qo‘shiladi:

«4.9.1, 4.9.2 va 4.9.3 «Xavfli yuk tashiyotgan transport vositalarining harakat yo‘nalishi». Xavfli yuk taniqli belgisi bilan jihozlangan transport vositalarining harakatiga yo‘l belgisida ko‘rsatilgan yo‘nalishlarda ruxsat beriladi: 4.9.1 - to‘g‘riga, 4.9.2 - chapga, 4.9.3 - o‘ngga.»;

«Axborot-ko‘rsatgich belgilari» 5-bo‘limiga:

quyidagi mazmundagi oltmishinchi – oltmish uchinchi xatboshilari qo‘shiladi:

«5.42. «Qizil chiroqda o‘ngga harakatlanish». Transport svetofori qizil chirog‘ining o‘ng yoniga 5.42 yo‘l belgisi o‘rnatilgan bo‘lsa, transport vositalarining haydovchilari svetoforning taqiqlovchi ishorasi yonib turganida barcha xavfsizlik choralarini ko‘rgan holda o‘ngga burilishlari mumkin. Bunda ular harakat yo‘nalishi bo‘yicha va burilayotgan ko‘chani kesib o‘tayotgan piyodalarga hamda boshqa transport vositalariga yo‘l berishlari shart;
5.43. «Radar». Ko‘cha va yo‘llarda avtomobil haydovchilari tomonidan belgilangan tezlikka rioya etilishini “radar”lar tomonidan nazorat qilinayotganligini bildiruvchi axborot-ko‘rsatgich yo‘l belgisi. Ushbu yo‘l belgisini belgilangan harakatlanish tezligi nazoratga olingan barcha joylarga o‘rnatilishi shart;
5.44. «Velosipedchilar uchun yo‘lak». Yo‘l belgisi qaysi harakat bo‘lagi ustiga o‘rnatilgan bo‘lsa o‘sha harakat bo‘lagiga ta'sir qiladi. Yo‘lning o‘ng tomoniga o‘rnatilgan yo‘l belgisi o‘ng bo‘lakka ta'sir qiladi;
5.45. «Velosipedchilar uchun yo‘lakning oxiri».»;

oltmishinchi – oltmish ikkinchi xatboshilar tegishli ravishda oltmish to‘rtinchi – oltmish oltinchi xatboshilar deb hisoblanadi;

«Servis belgilari» 6-bo‘limiga:

quyidagi mazmundagi o‘n to‘rtinchi – o‘n oltinchi xatboshilari qo‘shiladi:

«6.13. «Xalqaro avtotashuvchilarning nazorat punkti».
6.14. «Hojatxona».
6.15. «Chiqindi tashlash joyi».»;

«Qo‘shimcha axborot belgilari» 7-bo‘lim:

o‘n ikkinchi xatboshisidagi «7.4.7» raqami «7.4.8» raqami bilan almashtiriladi;

quyidagi mazmundagi o‘ttiz uchinchi – o‘ttiz beshinchi xatboshilari qo‘shiladi:

«7.20 «Xavfli yuk sinfi». Xavfli yuk sinfi (sinflari) raqamini ko‘rsatadi.
7.21 «Evakuator ishlamoqda». 3.27-3.30 yo‘l belgilari ta'sir oralig‘ida to‘xtagan transport vositalarini majburiy evakuatsiya qilinishini ko‘rsatadi.
7.22.1, 7.22.2 va 7.22.3 «To‘siq». Haydovchilarga to‘siqni uzoqdan ko‘rinishini ta'minlash maqsadida o‘rnatiladi. To‘siqni va uni aylanib o‘tish yo‘nalishini bildiradi. 4.2.1-4.2.3 yo‘l belgilari bilan birgalikda qo‘llaniladi.»;

o‘ttiz uchinchi – o‘ttiz to‘rtinchi xatboshilar tegishli ravishda o‘ttiz oltinchi – o‘ttiz sakkizinchi xatboshilar deb hisoblanadi;

3. Yo‘l harakati qoidalarining 2-ilovasida:

«Yotiq chiziqlar» 1-bo‘limida:

o‘n oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«1.14.1, 1.14.2 (zebra) – tartibga solingan va solinmagan piyodalarning o‘tish joyini belgilaydi»;

yigirma sakkizinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

«1.18 - chorrahada bo‘laklar bo‘yicha ruxsat etilgan harakatlanish yo‘nalishlarini ko‘rsatadi. 5.8.1, 5.8.2 belgilari bilan qo‘llanilishi mumkin; oxiri berk yo‘l tasvirlangan chiziq, shu yo‘nalishdagi yon tomonda joylashgan qatnov qismiga burilish taqiqlanganligini ko‘rsatish uchun chiziladi; chetki chap bo‘lakdan chapga burilishga ruxsat beruvchi yo‘naltirgich shu bo‘lakdan qayrilishga ham ruxsat beradi»;

quyidagi mazmundagi yigirma to‘qqizinchi – o‘ttiz uchinchi xatboshilari qo‘shiladi:

«1.25 «Piyodalar yo‘lkasini yoki piyodalar va velosipedchilar birgalikda harakatlanishi mo‘ljallangan yo‘lkaning piyodalar uchun mo‘ljallangan qismini bildiradi»;
1.26 «Velosiped yo‘lkasini yoki velosiped harakatlanishi uchun mo‘ljallangan tasmani bildiradi»;
1.27 «Ogohlantiruvchi yo‘l belgilarini takrorlovchi yo‘l chizig‘i»;
1.28 «Taqiqlovchi yo‘l belgilarini takrorlovchi yo‘l chizig‘i»;
1.29 «Sun'iy yo‘l notekisligini bildiruvchi yo‘l chizig‘i»»;

yigirma to‘qqizinchi – o‘ttiz beshinchi xatboshilar tegishli ravishda o‘ttiz to‘rtinchi – qirqinchi xatboshilar deb hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: