Fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi

O‘zbekiston 17:23 / 12.12.2018 21461

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan turgan joyi bo‘yicha hisobga olishga doir davlat xizmati ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlanishi mumkin.

Fuqarolarni turgan joyi bo‘yicha hisobga olishga doir davlat xizmatini ko‘rsatishning ma'muriy reglamentiga ko‘ra, hisobda turish uchun fuqaro yangi yashash joyiga kelgan kunidan boshlab o‘n kun muddatda o‘zi vaqtincha turgan joydagi Davlat xizmatlari markazlariga (shaxsan o‘zi kelib) yoki YaIDXP orqali elektron tarzda murojaat qiladi.

Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilingan hollarda fuqaro va turar joy egasi nomidan Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mustaqil ravishda tegishli shakldagi so‘rovnoma elektron ravishda to‘ldiriladi.

So‘rovnoma quyidagi hujjatlarga asosan to‘ldiriladi:

uy-joy mulkdori va fuqaroning pasporti;
uy-joy hujjatlari;
16 yoshga to‘lmagan shaxslar uchun – tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchining shaxsiy guvohnomasi yoki O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari ofitserining shaxsiy guvohnomasi (kazarmalar, korabllar va kemalardan tashqarida yashaydigan harbiy xizmatchilar uchun) va pasport nusxasi.

Uy-joy mulkdori (mulkdorlari) nomidan notarial tasdiqlangan ishonchnoma orqali harakatlanayotgan shaxslar ham fuqaroni turar joyga hisobga qo‘yishga rozilik berish uchun vakolatli organga murojaat qiladi.

Chegara zonasida joylashgan aholi punktlarida turgan joyi bo‘yicha hisobda turish uchun ushbu zonaga kirishga yashash joyi bo‘yicha ichki ishlar organlaridan chegara zonasiga kirishdan oldin belgilangan tartibda olingan ruxsatnoma ham taqdim etiladi.

Zarur ma'lumotlar so‘rovnomaga kiritilgandan so‘ng, uy-joy mulkdori (mulkdorlari) uni o‘zlarining ERI bilan tasdiqlaydilar.

ERI kaliti bo‘lmagan hollarda tegishli imzolar identifikatsiya qilishning boshqa vositalari (daktiloskopiya, elektron imzo va boshqalar) bilan ham tasdiqlanishi mumkin.

Davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun eng kam oylik ish haqining
2 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.

Davlat xizmatini ko‘rsatish uchun davlat boji to‘langanligini tasdiqlash axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Quyidagilar davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi:

qariyalar va nogironlarning internat-uylarida yashovchi qariyalar
va nogironlar;
maktab-internatlar, akademik litseylar va kasb-hunar ta'limi markazlarining to‘liq davlat ta'minotida bo‘lgan va yotoqxonalarida yashovchi o‘quvchilar;

Davlat boji summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:

40 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining byudjyetdan tashqari jamg‘armasining shaxsiy hisob raqamiga;
20 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi byudjyetdan tashqari jamg‘armasining shaxsiy hisob raqamiga;
10 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari
va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi (xizmat YaIDXP orqali ko‘rsatilganda);
qolgan mablag‘lar to‘liq miqdorda Davlat byudjyetiga o‘tkaziladi.

So‘rovnomada noto‘g‘ri ma'lumotlar ko‘rsatilishi (kadastr hujjatlari, pasport ma'lumotlari, notarial tasdiqlangan rozilik xati) shuningdek, davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun davlat bojini to‘lamaslik davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.

Boshqa har qanday holat davlat xizmati ko‘rsatishni rad etishga asos bo‘lmaydi.

Fuqaro davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.

Davlat xizmatlari markazlarida so‘rovnoma to‘ldirilgach, u vakolatli organga elektron tizim orqali yuboradi.

YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa so‘rovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.

So‘rovnoma vakolatli organning elektron tizimiga va O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi kelib tushgan vaqtdan boshlab 1 kun mobaynida mavjud ma'lumotlar bazasidan uy-joy va fuqaro haqidagi ma'lumotlar avtomatik tarzda tekshiriladi.

Tekshirish natijasiga ko‘ra, fuqaroni turar joy bo‘yicha hisobga qo‘yish haqidagi qayd varag‘i vakolatli organning elektron tizimi orqali rasmiylashtirilgan va QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlangan holda tegishli Davlat xizmatlari markaziga (o‘zi kelib murojaat qilgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YaIDXP orqali elektron ravishda yuboriladi.

Qo‘shimcha tekshirish talab etilgan hollarda esa, elektron tizim orqali tegishli ma'lumotnoma Davlat xizmatlari markaziga yuboriladi. Bunda qo‘shimcha tekshirish muddati 3 kundan oshmasligi lozim.

Davlat xizmatlari markazi, qayd varag‘i kelib tushgandan so‘ng uni fuqaroning elektron manziliga yuboradi va uni bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.

Fuqaroning so‘roviga ko‘ra, unga qayd varag‘i qog‘oz shaklda murojaat qilgan Davlat xizmatlari markazining muhri bilan tasdiqlangan holda taqdim etilishi mumkin.

QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan tasdiqlangan qayd varag‘i shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan birga haqiqiy hisoblanadi.

Kasb-hunar ta'limi, oliy ta'lim, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash muassasalari o‘quvchilari, talabalari (tinglovchilari) – mazkur muassasa yotoqxonalariga hisobga qo‘yilishi mumkin.

Bunda ta'lim muassasasi yotoqxonalariga hisobga qo‘yilayotgan fuqarolar nomidan tegishli ta'lim muassasasi vakil etib belgilagan mas'ul xodimi fuqarolar hisobga qo‘yilayotgan manzildagi Davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi.

So‘rovnoma elektron tarzda Davlat xizmatlari markazi xodimi muvofiq shaklda to‘ldiriladi.

So‘rovnoma elektron shaklda ta'lim muassasasi rahbarining aloqa xati, kadastr hujjatlari va yotoqxonaga hisobga olinayotgan talabalarning pasport nusxalariga asosan to‘ldiriladi.

Ta'lim muassasasi vakilidan ushbu bandda ko‘rsatilganidan boshqa ma'lumotnoma va hujjatlarni taqdim etishni talab etish qat'iyan taqiqlanadi.

So‘rovnomaga kiritilgan zarur ma'lumotlar ta'lim muassasasi (yuridik shaxs)ning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.

Respublikaning boshqa mintaqalaridan mavsumiy ish bilan shug‘ullanishga (qurilish, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va boshqalar) kelgan fuqarolar mavsumiy ish bilan shug‘ullanish uchun kelgan hududida hisobga olinadi.

Mavsumiy ish bilan shug‘ullanishga kelgan fuqarolarni hisobga olish uchun ushbu hudud joylashgan manzildagi Davlat xizmatlari markaziga ish beruvchi yoki uning nomidan vakolatli vakil murojaat qiladi.

Muvofiq shakldagi so‘rovnoma elektron ravishda Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldiriladi.

So‘rovnoma elektron shaklda mavsumiy ish haqida shartnoma, kadastr hujjatlari va mavsumiy ish bilan shug‘ullanadigan hududlarga hisobga qo‘yilayotgan fuqarolarning pasport nusxalariga asosan to‘ldiriladi.

So‘rovnomaga zarur ma'lumotlar kiritilgandan, u ish beruvchi (yuridik shaxs)ning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.

Ariza beruvchilardan ushbu ko‘rsatilmagan ma'lumotlarni va boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab etish qat'iyan taqiqlanadi.

Hisobga olishni bekor qilish fuqaro yoki uy-joy mulkdori (mulkdorlari)ning tashabbusi bilan amalga oshiriladi.

Fuqaro yoki uy-joy mulkdori (mulkdorlari) hisobga olishni bekor qilish uchun hisobga qo‘yilgan hududdagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga murojaat qiladi.

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari fuqaro
va uy-joy mulkdori (mulkdorlari) o‘rtasida tuzilgan ijara shartnomasi bekor qilinganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan so‘ng, fuqaroni hisobga olishni bekor qiladi.

Fuqaro ta'lim muassasasi yotoqxonasidan boshqa turar joyga o‘tgan, o‘qish boshqa hududdagi ta'lim muassasasiga ko‘chirilgan, fuqaro akademik ta'til olgan yoki ta'lim muassasasidan o‘qishdan chetlatilgan taqdirda, ushbu muassasalar rahbariyati tegishli qaror qabul qilingan kundan boshlab 3 kun ichida bu haqda fuqaro turar joyi bo‘yicha hisobga qo‘yilgan hududdagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limini xabardor qilishi shart.

Ta'lim muassasasi rahbariyatining bildirishnomasi asosida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi hisobga olishni bekor qiladi.

Mavsumiy ish haqida shartnoma bekor qilingan kundan boshlab, ish beruvchi 3 kun ichida bu haqda fuqaro turar joyi bo‘yicha hisobga qo‘yilgan hududdagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limini xabardor qilishi shart.

Ish beruvchining bildirishnomasi asosida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi hisobga olishni bekor qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: