Dunyoning eng katta haq oluvchi yozuvchilari ma'lum qilindi 

Jahon 01:22 / 12.12.2018 17286

Forbes nashri tomonidan har yili tuziluvchi, eng katta haq oluvchi yozuvchilar reytingida bir yil ichida 86 mln dollar ishlab topgan amerikalik Jyeyms Patterson yetakchilik qilmoqda.

Detektiv asarlar va trillerlar muallifi bo‘lgan Pattersonning bir yil ichida 20dan ko‘proq kitobi nashrdan chiqib, unga umumiy hisobda 86 mln dollar daromad keltirgan. Bu qiymat yozuvchining o‘tgan yil ishlab topgan daromadidan 1 mln dollarga kamroq bo‘lsa-da, jurnal yozuvchining daromadlari keyingi yil u tomonidan sobiq prezident Bill Klinton bilan hammualiflikda yozilgan “Prezident yo‘qolib qoldi” (The President Is Missing) asarining ommalashgani sabab keskin ko‘payishini kutmoqda. Roman 2018 yil iyunda chiqqan va hozirga kelib AQShning o‘zida 660 ming nusxada sotilgan.

Avvalgi yilgi reyting yetakchisi, yosh sehrgar Garri Potter haqidagi qissalarning muallifi Joan Roulingning daromadi 41 mln dollarga kamayib ketgan. U o‘tgan yil 95 mln dollar ishlab topgan bo‘lsa, joriy yilda daromadi 54 mln dollarni tashkil qilgan.

Reytingning 3-o‘rniga avvalgi reytingda 5-o‘rinni egallagan mashhur Stiven King ko‘tarilib oldi. U bir yil davomida 27 mln dollar ishlab topgan. “Dahshatlar qiroli”ning daromadlari keskin oshishi u tomonidan 1986 yilda yozilgan “U” (It) romanining ekranlashtirilishi muvaffaqiyati bilan bog‘lanmoqda.  

Shuningdek, reytingdan Jon Grishem (21 mln dollar, 4-o‘rin), Jyeff Kinni va Den Braun (18,5 mln dollar, 5- va 6-o‘rinni bo‘lishishgan), Daniela Stil va Nora Roberts (12 mln dollar, 8-o‘rin), Rik Riordan va E.L.Jyeyms (10,5 mln dollar, 10-o‘rinni bo‘lishishgan).

Alohida ta'kidlab o‘tish joizki, yanvarda chiqqan, “Olov va g‘azab: Trampning Oq uyi ichida” (Fire and Fury: Inside the Trump White House) kitobi muallifi, jurnalist Maykl Vulf 7-o‘rinni egallagan. Vulf o‘z kitobida 2016 yilgi saylovlarda Trampning va uning saylovoldi kampaniyasi xodimlarining va Trampning prezident lavozimidagi ilk oylaridagi xatti-harakatlari haqidagi so‘zlagan. Ma'lum qilinishicha, ushbu kitob sotuvga chiqqanidan keyin ilk uch haftada 1,7 mln nusxada sotilgan. Vulf 13 mln dollar ishlab topib, ushbu reytingga ilk bor kirgan yagona muallif bo‘ldi.

Nashr yozuvchilarning 2017 yil 1 iyundan 2018 yil 1 iyungacha davr ichidagi daromadini keltirgan. Daromadlarning soliqlar olinmagan qiymati ko‘rsatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: