Doing Business reytingi bo‘yicha O‘zbekiston oxirgi 7 yilda 90 pog‘ona yuqoriladi

O‘zbekiston 21:00 / 12.12.2018 5126

2012 yilda Jahon Bankining Doing Business reytingida O‘zbekiston 166-o‘rinni egallagan bo‘lsa, ayni vaqtga kelib ko‘rsatkich 76-pog‘onani tashkil etmoqda va bu mamlakatda investitsion muhit yaxshilanganidan darak beradi. Bu haqda Investitsiyalar bo‘yicha Davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Oybek Hamroyev fikr bildirmoqda.

Qo‘mita tomonidan 2018 yil yakunlari bo‘yicha tashkil etilgan press-brifingda O‘zbekistondagi investitsion muhit va sohaga oid boshqa muhim yangiliklar taqdim etildi. Hamroyev o‘z nutqida, shuningdek, xorijiy investorlarni jalb etish va ularning faoliyatini soddalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan harakatlar va kelgusi rejalarni bayon etdi. 

Unga ko‘ra, xorijiy investorga quyidagi sharoitlar yaratib berilgani aytilgan:

chet el investitsiyasi asosida tashkil etilgan korxona ishtirokchilaridan biri, albatta, yuridik shaxs bo‘lishi shart, degan talab olib tashlandi (jismoniy shaxs ham bo‘lishi mumkin);

chet el investitsiyasi kiritilgan korxonaning ustav fondida chet el investitsiyasining ulushi 30 foizdan 15 foizga tushirildi;

xorijiy investor tashkil qilgan korxona ustav fondining minimal miqdori 600 mln.dan 400 mln.gacha pasaytirildi;

tashkil etilgan aksiyadorlik jamiyatlari ustav fondida kamida 400 mln. bo‘lishi kerakligi belgilandi. Ilgari bu raqam 1 mlrd.600 mln.so‘m edi;

chet el fuqarolari EKIHning 8500 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda (1.5 mlrd. so‘mdan ortiq) investitsiya kiritsa, ularga amal qilish muddatini cheklanmagan miqdorda uzaytirish imkoniyati  bilan 3 yilgacha (avval 1 yilgacha edi) ko‘p martalik vizalar beriladi;

iqtisodiyotning rivojlanishiga hissa qo‘shgan investorlarga «faxriy fuqaro» unvoni beriladi.

Tadbir davomida spikerlar Investitsiya qo‘mitasi tomonidan investorlarga beriladigan litsenziya, akkreditatsiya tartibi soddalashtirilishi, ma'muriy to‘siq bo‘luvchi hujjatlarni bekor qilish, yer uchastkalarini ijaraga berish tartibi bo‘yicha ham tizimli chora-tadbirlar qilinayotgani haqida aytib o‘tildi.

Ko‘proq yangiliklar: