«Barsa» «Tottenhem»ning «qulog‘idan tortdi». YeChLda tur o‘yinlari

Sport 18:00 / 12.12.2018 16054

Kataloniyaliklar oxirgi tur o‘yinida «Tottenhem»ga qarshi zaxira tarkibni tushirishdi va Messisiz qolgan mezbonlar Dembelening bitta goli bilan kifoyalanib, mehmonlarni pley-offga «qulog‘idan tortib» olib chiqishdi.

B guruhi
«Barselona» (Ispaniya) - «Tottenhem Hotspur» (Angliya) - 1:1 (1:0)
Gollar: Dembele, 7 (1:0). Lukas Moura, 85 (1:1).
«Barselona»: Sillessen, Semedu, Langle, Fermalen, Miranda, Artur, Alenya, Rakitich (Buskets, 46), Dembele (Suares, 76), El-Haddodiy (Messi, 63), Koutinyu.
«Tottenhem Hotspur»: Loris, Uoker-Piters (Lamela, 61), Alderveyreld, Fertongen, Rouz, Eriksen, Uinks (Lorente, 83), Sissoko, Alli, Son Xin Min (Lukas Moura, 71), Keyn.
Ogohlantirishlar: Uoker-Piters, 15. Semedu, 68.
Hakam: Majich (Serbiya).
11 dekabr. Barselona. «Kamp Nou» stadioni.

Usmon Dembele – hozirgi «Barselona» tarkibidagi eng qiziq futbolchi. Bir tomondan 21 yoshli futbolchining gollari jamoaga ochkolar keltirsa (u bir o‘zi ko‘k-anorranglilarga ichki chempionatda 7 ochko keltirgan), boshqa tomondan butun Ispaniya (balki dunyo) uni mas'uliyatsizligi uchun qoralaydi.

Noyabr oyida u bir necha marta jamoa mashg‘ulotlarini o‘tkazib yubordi, unga telefon qilib tusha olishmadi, bir necha marta mashg‘ulotga 1,5-2 soat kechikib kelgan futbolchi uyqusiragan ko‘zlarini ishqalab, qorni og‘rib qolgani haqida aytdi. Aslida uning hech qayeri og‘rimagan, u faqat videoo‘yinlarga «kasal bo‘lgan»di.

Ernesto Valverde jazo sifatida uni «Betis»ga qarshi o‘yinga zayavka qilmagandi. Jamoa o‘z uyida 3:4 hisobida yutqazdi. Keyingi turda esa fransuz futbolchisi «Atletiko»ga qarshi o‘yinda 80-daqiqada zaxiradan maydonga tushirildi va qo‘shimcha daqiqalarda gol urib, durang natijani (1:1) ta'minladi.

O‘tgan shanbada esa ko‘k-anorranglilar «Espanol»ni yirik hisobda taslim etishdi (4:0), Dembele Suaresga golli pas berish bilan birga, o‘zi ham gollardan biriga muallif bo‘ldi. Lekin u keyingi kuni ertalabki mashg‘ulotlarga ikki soat kechikib keldi.

Bu safar Valverde unga intizomiy jazo qo‘llamadi. «Dembele bilan sodir bo‘lgan ishlar, men bilan ham sodir bo‘lgan. Ha, lekin unchalik ko‘p emas», dedi «Tottenhem»ga qarshi o‘yindan oldingi matbuot anjumanida Valverde. 

Murabbiy ishonchiga minnatdorchilik sifatida Dembele ajoyib gol urdi - o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida to‘pni egallab olgan futbolchi tezlikni oshirib, raqib himoyachilaridan birini aldab o‘tib, Lorisni ham dog‘da qoldirdi.

Bu gol Dembele uchun joriy mavsumda to‘qqizinchisi bo‘ldi. «Barselona»da undan ko‘proq golni faqat Messi urgan. 

Shu kunlarda tanqidlarga ko‘milgan yosh futbolchini sobiq jamoadoshi Inesta qo‘llab-quvvatlab chiqqandi: «Xulosa qilishga shoshilmanglar. Hamma ham xato qiladi, jazo hamisha ham yechim emas. U klub uchun juda muhim futbolchi». Don Andresning so‘zlari havoga uchmadi. Dembelening bunday o‘yinlari uchun uning kamchiliklariga ko‘z yumish mumkin.

«Barselona»ning zaxira tarkibi - Messi, Suares va Buskets yo‘q bo‘lgan tarkib, faqat Sillessenning mahorati evaziga ustunlikni saqlab turgandi. Ikkinchi raqamli darvozabon bo‘lish - san'at. Ter Shtegenning o‘rinbosari bo‘lish - ikki karra san'at. Niderlandiyalik posbon o‘z darvozasi tomon uchgan har to‘pni ilib olaverdi, «shporlar»ni kamida 3-4ta yaqqol goldan mahrum qildi. Ammo oxirgi daqiqalarda Mouraning yaqin masofadan bergan zarbasi qarshisida ojiz qoldi.

«Tottenhem» guruhdan chiqishni juda istagandi. «Inter»dan ko‘proq istadi. Maurisio Pochettino jamoasi guruh bosqichi startida parokanda bo‘lib ketgandi, 3 o‘yinda 1 ochko qo‘lga kiritilgandi. Ammo Londonda «Inter» ustidan qozonilgan g‘alaba barchasini o‘zgartirdi. Luchano Spalletti YeChL pley-offida o‘ynashni keyinga qoldirishga majbur.

Pley-offga «Barsa» bilan birga «Tottenhem» yo‘l oldi. Bahorda Dembele vaqtida uxlab, vaqtida uyg‘ongani ma'qul. U mashg‘ulotlarga vaqtida kelsa, qanday o‘ynarkin...

«Inter» – PSV – 1:1 (Ikardi, 73 – Losano, 13).

Milanliklar klubi oxirgi tur arafasida shunday vaziyatda ediki, barchasi ularning o‘ziga bog‘liq edi. 6 yillik tanaffusdan keyin YeChLga qaytgan «Inter» pley-offga chiqishi uchun oxirgi turda «Barselona» mehmoni bo‘lgan «Tottenhem»dan yaxshiroq natija qayd etishi kifoya edi. Qolaversa, Luchano Spalletti jamoasi oxirgi turda hech qanday motivatsiyasi bo‘lmagan «PSV»ni qabul qildi. Ammo niderlandiyaliklar yevrokuboklardagi imkoniyatdan - o‘z futbolchilarini reklama qilish imkoniyatidan foydalanib qolishi kerak edi. Eyndxovenliklarning shunday futbolchilaridan biri - Losano. JCh-2018 turnirida ilk turda Germaniya darvozasini ishg‘ol qilib, yulduzga aylangan meksikalik hujumchi 13-daqiqadayoq italiyalik muxlislarni shok holatiga tushirdi.

«Inter» bu goldan keyin ko‘p vaqtgacha raqib jarima maydoniga to‘pni olib kirolmadi. Faqat 73-daqiqaga borib, Ikardi hisobni tenglashtirdi. Bu vaqtda parallel kechayotgan uchrashuvda «Tottenhem» yutqazayotgandi, ammo milanliklarning quvonchi uzoqqa bormadi, biroz vaqt o‘tib, «Kamp Nou»dagi o‘yinda Lukas Moura hisobni tenglashtirdi va argentinalik hujumchining harakatlarini yo‘qqa chiqardi. Endi «Inter»ga faqat g‘alaba kerak edi, ammo yana bir golga vaqt yetmadi.

«Inter» Chempionlar ligasidagi ishtirokini yakunladi, shu bilan birga jamoa bahorda Yevropa Ligasi favoriti sifatida o‘yinlarga qo‘shiladi. Bu turnir g‘olibligi kubok bilan birga, YeChLga yo‘llanma taqdim etishi hisobga olinsa, hali barchasi tugagani yo‘q.

«Monako»ning antirekordi va «Atletiko»ning bo‘shashishi
A guruhi
«Monako» – «Borussiya» D – 0:2
 (Rafael Gerreyru, 15, 88).

O‘yinga bir kun qolganida «Monako» virusga chalingan Aleksandr Golovinni yo‘qotdi va Terri Anri yana tarkibni qayta tuzib chiqishga majbur bo‘ldi. Golovin monegaskliklarning lazaretdagi 13-futbolchisi bo‘ldi. Bu o‘yin sifatiga ta'sir ko‘rsatmay qolmasdi. 

Uikendda «Shalke»ga qarshi Rur derbisida qiyinchilik bilan g‘alaba qozongan «Borussiya» bosh murabbiyi Lyusen Favr ham jiddiy rotatsiyalar o‘tkazdi - o‘sha o‘yindagi 9 futbolchi zaxirada qoldirildi. Yangilangan tarkib esa o‘zini ko‘rsatdi - 15-daqiqadayoq portugaliyalik himoyachi Rafael Gerreyru hisobni ochdi.

Shundan keyin mezbonlar penaltidan hisobni tenglashtirishlari mumkin edi. Ammo o‘yin hakami Kreyg Pouson to‘p Dialloning qo‘liga tekkanini «ko‘rishni istamadi». Chempionlar ligasida videotakrorlar hali joriy qilinmagan. «Borussiya» darvozasi tomon birinchi bo‘limdagi yagona zarba tanaffus arafasida Falkao tomonidan berildi, lekin darvozabon Xitts bu zarbani osonlik bilan bartaraf etdi.

Ikkinchi bo‘limda ham o‘yin kartinasi o‘zgarmadi. Ikkinchi bo‘limda ham Gerreyru bitta gol urdi.

Hakamning o‘yin yakunlangani to‘g‘risidagi hushtagi chalingach, «Monako» antirekord o‘rnatdi - jamoa Chempionlar ligasidagi eng yomon natijasini qayd etdi. Monegaskliklar 6 o‘yinda atigi bitta ochko olishdi (ikki mavsum oldin yulduzli tarkibi bilan yarim finalda o‘ynagan jamoa o‘tgan mavsumda Leonerdu Jardim bosh murabbiyligida guruh bosqichini 2 ochko bilan yakunlagandi).

«Bryugge» – «Atletiko» – 0:0.
Maydon egalari ilk daqiqalardanoq oldinga chiqishdi. Ammo bu ko‘p davom etmadi. Birinchi bo‘limning ikkinchi o‘n daqiqaligidayoq «Atletiko» tashabbusni o‘z qo‘liga olib bo‘lgandi. To‘pga egalik qilish borasidagi ustunlik o‘yin oxiriga qadar mehmonlarda saqlanib qoldi. Ammo madridliklar gol urishga harakat qilishmadi. Raqib buning uchun jazolashi ham mumkin edi, vaziyatlardan birida Peresning yaqin burchakka bergan zarbasini Oblak qaytarib qoldi.

O‘yinda gol urilmadi, bu natija esa Diyego Simeone jamoasini birinchi o‘rindan mahrum qildi. Endi «matraschilar» pley-offda nisbatan kuchliroq raqibga duch kelishadi.

C guruhi
«Tsrvena Zvezda» – «PSJ» – 1:4 
(Gobelich, 56 – Kavani, 9. Neymar, 40. Markinos, 74. Mbappe, 90+2)

«Tsrvena Zvezda» o‘z maydonida «Napoli» bilan durang o‘ynagan va «Liverpul» ustidan g‘alaba qozongandi. Ammo Vladan Miloyevich shogirdlari uchinchi uy uchrashuvida sensatsiya qila olishmadi.

Serblar Kilian Mbappe va Neymarning tezkorligi hamda driblinglari qarshisida ojiz qolishdi. Yaqindagina jahonning eng yaxshi yosh futbolchisi sifatida taqdirlangan fransuz hujumchisi dastlabki daqiqalardayoq Kavanining gol urishiga imkoniyat yaratib berdi. Keyinroq Neymarni qulay vaziyatga chiqardi. Ikkinchi bo‘limda Markinos uchinchi golni urdi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Mbappening o‘zi ham nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Parijdagi o‘yinda 6 gol o‘tkazgan «Tsrvena Zvezda» Belgradda ham 4ta gol qabul qilib oldi.

Kasilyasning yubileyi
D guruhi
«Galatasaroy» – «Portu» – 2:3
 (Feguli, 45+1, penaltidan. Derdiyok, 65 – Felipe, 17. Marega, 42, penaltidan. Serjiu Oliveyra, 57).
Istanbuldagi o‘yingacha «Portu» guruhdagi birinchi o‘rinni naq qilib qo‘ygandi. Maydon egalari esa Yevropa Ligasida o‘ynash uchun bu o‘yinda ochko olishga harakat qilishi kerak edi.

O‘yin boshida Derdiyok bir necha golli vaziyatlardan foydalan olmadi. «Ajdarlar» teza javob qaytarishdi - Felipe «Galatasaroy»ning sobiq futbolchisi Tellesning pasini golga aylantirdi. Birinchi bo‘lim oxirida o‘yinni boshqargan belaruslik hakam Aleksey Kulbakov ikkita penalti belgiladi. Dastlab Marega jamoasi ustunligini oshirdi, biroz o‘tib Feguli o‘yindagi intrigani qaytardi.

Tanaffusdan keyin Derdiyok baribir maqsadiga erishdi va hisobni tenglashtirdi. Ammo mehmonlar uchinchi golni ham urishdi. Feguli esa o‘yindagi uchinchi penaltini golga aylantira olmadi. 

Lekin turkiyalik fanatlar xafa bo‘lishmadi, parallel kechgan uchrashuv oxirida «Shalke» «Lokomotiv»ga gol urdi va qolgan vaqt ichida moskvaliklar g‘alabaga erishishi imkonsiz edi. Bu esa istanbulliklar jamoasiga Yevropa Ligasi yo‘llanmasini taqdim etardi.

Kulbakovning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagi «Portu» darvozaboni Iker Kasilyasni YeChLda 100ta g‘alabali o‘yin o‘tkazgan futbolchiga aylantirdi. U sobiq jamoadoshi Ronaldudan keyin ikkinchi bo‘lib bu natijaga erishgan futbolchidir.

«Shalke» – «Lokomotiv» – 1:0 (Shepf, 90+1)

«Portu» «Lokomotiv» uchun nima qilib berishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa, barchasini qildi. «Galatasaroy» darvozasiga urilgan uchinchi goldan keyin Syomin jamoasi oldinga tashlanishi va g‘alaba uchun harakat qilishi lozim edi. Turklar o‘z maydonida ochko ololmasligi ko‘rinib turgandi.

Ammo birinchi bo‘lim oxirida Denisov yaqqol golli vaziyatni qo‘ldan chiqardi. O‘yindagi hal qiluvchi vaziyat shu bo‘ldi. «Loko» ishtirokidagi boshqa epizodlar epizodligicha qoldi. Ikki Miranchuk ham harakat qildi, Ignatev ham yaxshi o‘ynadi. Ammo nemislar o‘z muxlislari qarshisida mag‘lub bo‘lishga rozi emasdi. Temiryo‘lchilar dosh bera olishmadi, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Shepf moskvaliklarni durangdan ham mahrum qildi. Endi «Galatasaroy»ning mag‘lubiyati hech qanday ahamiyatga ega emasdi. Faqat portugallar qo‘shimcha mukofot pullariga ega chiqishgan bo‘lsa, turklar shu mukofot pullaridan mahrum bo‘lishdi.

Rossiyaning amaldagi chempionlari guruh bosqichidagi 5ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Hatto o‘lim guruhidagi «Tsrvena Zvezda» ham 2 o‘yinda mag‘lub bo‘lmaslikka erishdi.

Ko‘proq yangiliklar: