Andijonlik tadbirkor: «Homiylik qilmasam, MFY raisi muhr bosmas ekan»

Jamiyat 14:57 / 12.12.2018 20422

Taxir va chuchmal mavzu. Odatiy holga aylangani uchun yozishdan oldin ming mulohazaga borishga majbur qilgani rost. Lekin, mazkur material orqali minglab tadbirkorlar manfaatini himoya qilish imkoniyati ham bordek... 

Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. «Tadbirkorning oddiy aholiga qaraganda mablag‘i ko‘p. Saxovatpeshalik qadim-qadimdan ulug‘lanib kelgan. Homiylik qilsa qilibdi-da?» deydiganlar ham topiladi. Biroq tadbirkor ham pulni ko‘chadan supurib olmaydi. Keyin homiylik norizo bo‘lib emas, rozi bo‘lib qilinadigan harakat.

Navbatdagi murojaat quyidagicha. Tadbirkor yigit Fayozxon Shukurov Andijon shahri, Bobur shoh ko‘chasi, «Sanoat» MFY hududidan bino sotib olgan. Ko‘rimli va katta bino. Maqsadi, hududda mehmonxona ochish edi. O‘zi ham foyda ko‘radi, aholi ishli bo‘ladi. Buyoqda ommaviy axborot vositalari «Tadbirkorlikka keng yo‘l» deb bong uryapti.

Sotib olingan binoning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun inshootning to‘rt tomonidagi qo‘shnilari bilan kelishuv dalolatnomasi tuzilishi kerak ekan. Yon qo‘shnilar barchasi imzo chekib berishdi. O‘sha dalolatnoma pastiga MFY raisi muhri va imzosi qo‘yilishi belgilab qo‘yilgan.

Shu sababli, tadbirkor «Sanoat» MFY raisiga uchraydi. Mahalla oqsoqoli Muhammadjon Qodirov muhr va imzo qo‘yish uchun sharti borligini aytadi. Shart shunday edi: 1 kilogrammdan alohida-alohida 3 kilogramm go‘sht, 12 idishda 4 donadan non va bozorlik qilib, MFY oqsoqoli aytgan xonadonlarga olib borib bersa, shu zahoti muhr va imzo qo‘yilar ekan. Oqsoqol homiylik jarayoni suratga olib ko‘rsatilishini talab qiladi. Yana mahalla ko‘chasidagi ariqni tozalab, chiqindilarni yig‘ishtirish kerakligi ham aytilgan.

Mayli tozalik kerak. Lekin tadbirkor ham inson. U ham har xil sharoitda bo‘ladi. Ishbilarmon yigit ayni paytda moliyaviy ahvoli yaxshi emasligini tushuntirib, ishlari yurishib ketishi bilan mahallaga yordam berishni va'da qilgan. Bunga javoban mahalla oqsoqoli, ishlari yaxshi bo‘lib ketganda kelsa, hujjatlarga qo‘l qo‘yib berishini bildiradi.     

Tadbirkor MFY raisiga majburiy homiylik qildirishga haqqi yo‘qligi haqida aytgan gaplari bee'tibor qoladi. Tadbirkordan tezda ma'muriy binoni tark etish talab qilinadi.

Tadbirkor jarayonni videoga tushirib olgan.

«Men mutasaddiga majburlash yo‘li orqali ta'magirlik qilayotganini aytdim. U o‘zining kotibi, yordamchisi bilan birgalashib meni MFY binosidan haydab soldi va meni haqorat qilganlikda ayblab, sun'iy janjal keltirib chiqardi», deydi tadbirkor.

Ikkinchi tomonni ham eshitish maqsadida, «Sanoat» MFY binosiga bordik. Oqsoqol mahalla yumushlari bilan qayergadir ketgan ekan.

Mahalla ma'muriy binosi holati va ta'miri alohida mavzu. Hududdagi mahallalarga ajratilgan binolarga to‘xtalish rejamizda bor.

U yerdan chiqib, Andijon shahar «Mahalla» xayriya jamoat fondiga bordik. Fond boshlig‘i ham yumushlar bilan shahar aylanayotgan paytga boribmiz. Uning o‘rinbosarlari va xodimlari, hech qanday ma'lumot rahbarning topshirig‘isiz aytilmasligini ta'kidlashdi.   

Hatto, shaharda nechta MFY borligi haqidagi ma'lumot ham faqat rahbar orqali aytilar ekan. Ularga, nafaqat muxbir, balki har bir fuqaroning axborot olish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlarida kafolatlangani haqida eslatib ko‘rdik. Ishonishmadi...

Aslida, MFY alohida mustaqil tashkilot. «Mahalla» jamoat xayriya fondi unga uslubiy yordam berib turishi lozim.

Shundan so‘ng, viloyat «Mahalla» xayriya jamoat fondi rahbari Ulug‘bek Abdullayev bilan telefon orqali bog‘langanimizda mutasaddi, aynan o‘sha tadbirkor bilan shu bugun bog‘langanini va hujjatlariga imzo qo‘yilib, muhr bosilganini aytdi.

«Muammo hal bo‘libdi-ku?» deyishingiz mumkin. Biroq tadbirkor buning uchun turli idoralarga murojaat qilgach, ijobiy yakunga erishdi.

«Ko‘p tortishuvlar, asabbuzarlik bilan natijaga erishdim. Bu bitta mening muammoim emas. Qachongacha bu holat davom etadi?» deydi tadbirkor.

Birni o‘n qilishni niyat qilgan ishbilarmonlar o‘z halovatidan kechib, mablag‘ tikib, tavakkal bilan ishga kirishadi. Natijada, mahsulot ishlab chiqariladi, aholi ish bilan ta'minlanadi. Ishbilarmonlar mamlakat iqtisodiyotining tayanchi hisoblanishadi. Tadbirkorga turli sun'iy to‘siqlar yaratish esa mamlakat kelajagiga to‘siq qo‘yish bilan tengdir. 

Yuqorida aytilganidek, tadbirkorni homiylikka majburlagan mutasaddilar qonun oldida javob berishi belgilab qo‘yilgan.

Elbek Husanov, Andijon

Ko‘proq yangiliklar: