Afsunlar yordam bermadi – yilning eng daromadli yozuvchisi endi Joan Rouling emas

Jamiyat 20:30 / 12.12.2018 4186

Forbes jurnali an'anaviy ravishda yil oxiriga yaqin iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha reyting natijalarini, yetakchilik ro‘yxatlarini e'lon qilishda davom etmoqda.

Forbes yozuvchilar daromadlarini 2017 yilning 1 iyunidan hisoblagan. 2018 yilning eng serdaromad kitob mualliflari ro‘yxatida birinchilikni ko‘pdan buyon boy bermay kelayotgan yozuvchi Joan Rouling o‘rnini bu yil yozda taqdim qilingan «Prezident qidirilmoqda» (The President Is Missing) siyosiy trilleri muallifi Jyeyms Pattersonga bo‘shatib berdi.

1993 yilda AQSh adabiy maydoniga «O‘rgimchak ham keldi» (Along Came a Spider) kitobi bilan kirib kelgan Patterson bu yil 86 million dollar daromad topgan. Uning ushbu ilk mashhur asari detektiv Aleks Kross haqida bo‘lib, turkum asarlarni amerikalik kitobxonlar 10 yildan buyon katta qiziqish bilan mutolaa qilib kelishadi. Yozuvchi katta ehtimol bilan keyingi yilgi eng serdaromad mualliflar ro‘yxatida ham peshqadamlik qilishi kutilmoqda. Patterson va Bill Klinton hamkorligida yozilgan «Prezident qidirilmoqda» siyosiy trilleri shu yilning iyun oyidan bugunga qadar 660 mingdan ortiq nusxada sotilgan.

Jyeyms Patterson. Foto: Flavorwire

Ko‘zoynakli sehrgar bolakay Garri Potter va sehrgarlik olami haqida mashhur kitoblar muallifi Joan Rouling esa bu yilgi ro‘yxatda ikkinchi pog‘onaga tushib qolgan. Rouling 2018 yilda 54 million dollar (o‘tgan yilgidan 41 million dollar kam) daromad qilgan. Rouling bu yil Potter haqida yangi kitob chiqarmadi, uning daromadi Brodvey va Vest-Endda sahnalashtirilgan «Garri Potter va la'natlangan bolalar» spektakli, kassabop «Fantastik maxluqlar» va «Fantastik maxluqlar: Grindevaldning jinoyati» filmlari prokati hisobidan topilgan.

Joan Rouling (markazda) «Fantastik maxluqlar» filmi aktyorlari bilan. Foto: n-tv.de

Yetakchilar uchligini dahshatlar qiroli Stiven King nisbatan kamtarona 27 million dollar bilan yakunlab bergan. King tomonidan masxaraboz Pennivayz haqida yozilgan «U» asari (It) 2017 yilda qayta kino qilib ishlandi. Kinoning shov-shuvli muvaffaqiyati – «U»ning eng kassabop qo‘rqinchli film bo‘lishi kitobga bo‘lgan talab va tabiiyki, muallifning daromadlarini ham keskin oshirib yubordi.

Stiven King. Foto: gettyimages

Eng ko‘p daromad topgan yozuvchilar ro‘yxatiga bu yil yangi nom – jurnalist Maykl Volf ham qo‘shildi. Volf Tramp administratsiyasi to‘g‘risidagi «Olov va g‘azab»: Trampning Oq uyi ichida» (Fire and Fury: Inside the Trump White House) kitobini chiqardi.

Maykl Volf. Foto: gettyimages

Reytingdan Jon Grishem, Jeff Kinni, Den Braun, Daniela Stil, Nora Roberts, Rik Riordan va Erika Leonard Jyeyms ham o‘rin olgan. Reytingga kiritilgan 11 yozuvchining AQSh bozorida jami 24 million nusxada kitobi sotilgan va ular jami 283 million dollar daromad ko‘rgan.

Ko‘proq yangiliklar: