O‘zbekistonda bolalarni boshlang‘ich ta'limga majburiy bir yillik tayyorlashga bosqichma-bosqich o‘tiladi

O‘zbekiston 19:06 / 11.12.2018 10291

Vazirlar Mahkamasining “Bolalarni boshlang‘ich ta'limga majburiy bir yillik tayyorlashga bosqichma-bosqich o‘tish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Farg‘ona viloyati va Toshkent shahar hokimliklarining 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona viloyati tumanlarida (shaharlarida) va Toshkent shahri tumanlarida ro‘yxat bo‘yicha bolalarni boshlang‘ich ta'limga majburiy bepul bir yillik tayyorlashni joriy etish tajriba loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Quyidagilar bolalarni boshlang‘ich ta'limga majburiy bir yillik tayyorlashni joriy etish tajriba loyihasini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligining asosiy vazifalari etib belgilandi:

maktabgacha ta'lim bilan qamrab olinmagan bolalar sirasiga kiradigan bolalarning majburiy bepul bir yillik tayyorlov guruhlarini shakllantirish;

bolalar tayyorlov guruhlarining o‘quv-tarbiya jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, ta'lim va tarbiyaning samarali shakllari va usullarini joriy etish;

bolalar tayyorlov guruhlarini milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiradigan va bolalikdan kitob o‘qishga qiziqishni singdiradigan o‘quv-metodik, didaktik materiallar, rivojlantiruvchi o‘yinlar va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan ta'minlash;

maktabgacha ta'lim bilan qamrab olinmagan bolalarning ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda davlat talablariga muvofiq har tomonlama aqliy, axloqiy, estetik va jismoniy kamol topishi uchun shart-sharoitlar yaratish;

davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari, maktabgacha ta'lim sohasida nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash. 

Belgilanishicha:

majburiy tayyorlov guruhlari uchun 2018-2019 o‘quv yili 2018 yil 10 dekabrdan boshlanadi va 2019 yil 10 avgustda tamomlanadi;

davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari, maktabgacha ta'lim sohasida nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning negizida to‘liq kun, to‘liq bo‘lmagan kun (bir haftada kamida 15 soat ta'lim-tarbiya jarayoni tashkil etilgan holda) tayyorlov guruhlari tarbiyalanuvchilari boshlang‘ich ta'limga tayyorgarlikdan o‘tgan deb hisoblanadi va bolalarni boshlang‘ich ta'limga majburiy bepul bir yillik tayyorlashdan ozod etiladi;

davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarida, maktabgacha ta'lim sohasida nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarda boshlang‘ich ta'limga majburiy yillik tayyorgarlikdan o‘tgan bolalarga boshlang‘ich ta'limga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikat beriladi;

boshlang‘ich ta'limga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tganlik to‘g‘risida sertifikat berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan belgilanadi.

Ko‘proq yangiliklar: