O‘zbekiston Oksitaniya mintaqasi bilan hamkorlikni rivojlantiradi

O‘zbekiston 09:54 / 11.12.2018 3651

2018 yil 10 dekabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanovning “Fransiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi vitse-prezidenti, Fransiya Milliy Majlisi deputati Per Kabare bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda parlamentlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. 

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Fransiya Senati bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh, Fransiya Respublikasi Senatida esa “Fransiya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo guruhi muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Joriy yil 11 noyabr kuni parlamentimiz yuqori palatasi delegatsiyasi Birinchi Jahon urushi tugaganining 100 yilligi munosabati bilan Parijda o‘tkazilgan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi.

Tomonlar O‘zbekistonda xalq farovonligi darajasini oshirishga qaratilgan izchil o‘zgarishlar ro‘y berayotganligini qayd etdi. Mamlakat rahbariyati tomonidan uzoqni ko‘zlab olib borilayotgan do‘stlik, o‘zaro foydali hamkorlik va manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan oqilona siyosat hamda tashqi siyosiy faoliyat amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyatini ta'minlab, xalqaro maydonda davlatimiz nufuzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. 

Shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, mintaqalararo hamkorlikni, xususan Oksitaniya mintaqasi bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Uchrashuvda Fransiyaning O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Bilette De Vilmor Violen xonim ishtirok etdi.

Ko‘proq yangiliklar: