Yunusobodda tajriba: Limitdan ortiqcha ishlatilgan gaz uchun qimmatroq tarifda to‘lanadi

Jamiyat 21:30 / 11.12.2018 21603

11 dekabr kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumani, «Anorzor» MFYda «O‘ztransgaz» AJ vakillari va aholi o‘rtasida tumanda tabiiy gazning bazaviy me'yorini joriy qilish (limit) tajribasi masalasida uchrashuv o‘tkazildi.

Kun.uz muxbiri xabar qilishicha, sayyor uchrashuvda Toshkent shahri bo‘yicha gaz ta'minoti hududiy filiali yetakchi muhandisi Odiljon Vaxabov loyiha haqida yig‘ilganlarga tushuntirish berib o‘tgan.

Uchrashuvda dastlab Vazirlar Mahkamasining shu yil 1 noyabrida tasdiqlangan 897-sonli qarori o‘qib eshittirilgan. Unga ko‘ra, aholi tomonidan sarflanadigan ortiqcha tabiiy gaz uchun to‘lovlar orttirilgan koeffitsiyent, ya'ni limitdan oshsa (bir abonent uchun qish mavsumida 1000 kub.m.) 1,2 darajada oshirilgan miqdorda to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Bu nima degani? Siz uyingizda gazdan 1000 kub.m. gacha hozirgi narxda foydalanasiz. Bu limitdan oshgan har bir kub.m. gaz uchun belgilangan narxdan 1,2 barobar ko‘proq pul undiriladi. Bu orqali aholining tabiiy gazdan foydalanishdagi tejamkorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Hukumat qarori o‘qib berilganidan so‘ng, fuqarolar bilan savol-javoblar boshlandi. Bu yangilik bo‘yicha e'tirozlar bildirildi.  

«Bizning hududdagi gaz moslamalari juda eskirgan. Siz aytayotgan limitlar bizga to‘g‘ri kelmaydi. Eskiligi sabab iste'molda ko‘p ketib qoladi. Bu limit qaytadan ko‘rib chiqilsa yaxshi bo‘lardi. Tajriba deyapsiz. Undan oldin barchasini hisobga olib qilish kerak edi. Bizning mahalla aholisi bunga tayyor emas», deydi «Anorzor» MFY raisi Sirojiddinov Zayniddin.

Boshqa faollar ham o‘z noroziliklarini bayon qilishdi.

«Bu o‘lchovni qayerdan oldingiz. Hali qish kelmasidan uyni isitish uchun 1200 kub.m. gaz sarflanmoqda. Hali qishning sovuq kunlari kelmasidan. Oziq-ovqat va boshqa ehtiyojlarimiz uchun ketadiganini hali aytmayapmiz», deydi fuqaro Nig‘matilla Imomov.

«Hozirgi kunda odamlarning oylik maoshi va pensiyasi gaz, elektr energiyasi uchun ketib qolmoqda. Odamlarning sharoitlaridan kelib chiqib narxni belgilash kerak emasmi? Jahon standarti deysizlar. Oyliklar ham siz aytgan davlatlar darajasida bo‘lsin unda. Limitni belgilashda shularni inobatga olish lozim emasmi? Bir uyda 3-4ta xonadon yashaydigan uylar ham bor. Ularning ahvoli nima bo‘ladi? Ularga ham xonadoniga qarab 3-4 ming kub.m. sifatida belgilanishi kerak-ku?», deya e'tiroz bildirdi sobiq mahalla raisi Husan Ibragimov.

Berilgan e'tirozlarni tinglagandan so‘ng, uchrashuv moderatori savollarga o‘z javoblarini berib o‘tdi.

«Hukumat qarorining maqsadi ham shu. Kamchiliklarni aniqlab olish. Yangilanishi kerak bo‘lgan gaz moslamalari bo‘lsa yangilash taklifini, limit kam bo‘lsa oshirish taklifini beramiz. Bu o‘z nomi bilan eksperiment hisoblanadi. Moslamalarni zamonaviylariga almashtirish ko‘zda tutilmoqda. Elektron gaz hisoblagichlarga o‘tiladi. Eksperiment natijalariga qarab joriy etiladi, albatta. Bu ishlar 3 yil ichida joriy etilishi belgilangan», dedi Odiljon Vaxabov.

Ma'lumot o‘rnida, Yunusobod tumanidagi har bir abonent tomonidan iste'mol qilingan tabiiy gaz miqdori vaqtida oyma-oy «Billingaz» dasturiga kiritilishi uchun, iste'molchining o‘zi iste'mol hajmi to‘g‘risidagi ma'lumotni taqdim qilib borishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Isitish mavsumining davomiyligi esa shahar hokimining tegishli qarori asosida belgilanadi.

«Ushbu eksperiment kelgusida boshqa hududlarga ham joriy etilishi kutilmoqda. Bu tadbirlar tabiiy ne'matni me'yoridan ortiqcha sarflashning oldini olish va iste'molchi madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi», deyiladi «O‘ztransgaz» AJ matbuot xizmati xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: