Toshkentda Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori ishtirokida mehnat sohasi bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston 22:22 / 11.12.2018 2482

14 dekabr Toshkent Hyatt Regency mehmonxonasida «Mehnat sohasi istiqboli: Xalqaro mehnat tashkilotining 100 yilligi arafasida munosib bandlikni ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlar» mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Konferentsiyaning asosiy maqsadi – munosib bandlikni ta'minlash masalalarini muhokama qilish uchun mehnat sohasi ekspertlari va professionallarini bir joyda  to‘plashdan iborat.  

Konferentsiya jarayonida Xalqaro mehnat tashkilotining bosh direktori Gay Rayder ishtirok etadi. Bu XMT bosh direktorining Markaziy Osiyo mintaqasiga ilk tashrifidir. Shuningdek, O‘zbekistonga XMTning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari Mintaqaviy byurosi direktori Xaynts Kyoller, XMTning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari Byurosi direktori Olga Kulayeva, XMT byurosining bandlik masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Mixail Pushkin ham tashrif buyuradi.

Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarboyjon, Eron va boshqa davlatlarning ishtirokchilari konferensiyada ishtirok etishlarini tasdiqlashgan. 

Konferentsiyada BMT TD, YeXHT, YUNISEF, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot, Osiyo taraqqiyot banki spikerlari bandlik muammolari yechimi bo‘yicha fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Toshkentda bo‘lib o‘tadigan «Mehnat sohasi istiqboli: Xalqaro mehnat tashkilotining 100 yilligi arafasida munosib bandlikni ta'minlashga qaratilgan sa'y-harakatlar» xalqaro konferensiyasi Xalqaro mehnat tashkilotining 100 yilligini nishonlash bo‘yicha 2019 yil dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan tadbirlarni boshlab beradi.  

«O‘zbekistonda shunday yuqori saviyadagi tadbirning o‘tkazilishi mehnat va bandlik sohasi bo‘yicha erishilgan so‘nggi davrdagi natijalar tufayli amalga oshirilmoqda», deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda AQSh Mehnat vazirligi O‘zbekistonni paxta yetishtirish va terib olishda bolalar mehnatidan foydalanuvchi mamlakatlar ro‘yxatidan chiqardi, XMTning dastlabki hisobotida esa majburiy mehnatga qarshi kurashishda salmoqli yuksalishlar kuzatilgani qayd etildi.        

Ko‘proq yangiliklar: