Suv omborlarida ekoturizmni tashkil etish uchun yerni qanday olsa bo‘ladi?

O‘zbekiston 10:30 / 11.12.2018 5979

Yer uchastkalari suv omborlarining suvni muhofaza qilish zonalari doirasida elektron auksion orqali beriladi. Uni o‘tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasining 3.12.2018 yildagi 978-son qarori bilan tasdiqlangan, deb yozmoqda Norma.
 
Ko‘rsatilgan hududda quyidagi turistik xizmatlarni tashkil etish mumkin bo‘ladi:

• ekoturlar (ilmiy, sarguzasht va boshqalar);
• havaskorlar uchun baliq ovi;
• qayiqda suzish, suv sayohati;
• suv omborlari dambalari ustida ko‘rish maydonchalari tashkil qilish;
• kemada sayohat;
• yaxting;
• Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda turizm xizmatlarining boshqa turlari.
 
Tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha ekoturizm uchun yer uchastkalarini yuridik va jismoniy shaxslar «E-IJRO AUKSION» elektron savdolar orqali istalgan muddatga, lekin 50 yil muddatdan ko‘p bo‘lmagan uzoq muddatli ijaraga olishlari mumkin.   
 
Suv xo‘jaligi vazirligi auksionni o‘tkazish uchun mas'ul hisoblanadi. Auktsionga qo‘yiladigan yer uchastkalari bo‘yicha savdolarni tashkil etish uchun ushbu vazirlik oldindan ular bo‘yicha tegishli tashkilotlarning (yong‘in xavfsizligi bo‘yicha hududiy bo‘limlar; sanepidemnazorat markazlari va boshqalar) ijobiy xulosalarini oladi. Xulosalar olingandan keyin auksionni o‘tkazish uchun materiallar tayyorlashni boshlaydi. 
 
Bo‘lib o‘tadigan savdolar haqidagi axborot bosma va elektron OAVda tarqatiladi. Shuningdek ma'lumot tuman (shahar) hokimiyati, SSP va Davlat xizmatlari agentligiga yuboriladi.  Bular, o‘z navbatida, jismoniy va yuridik shaxslarni auksionga keng jalb qilish choralarini ko‘radi. 
 
Savdolar o‘tkazilishi haqidagi xabar uni o‘tkazishdan kamida 7 kun oldin Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazining veb-portalida joylashtiriladi.   Auktsionda ishtirok etish uchun buyurtmanomalar xabar berilgan kundan boshlab avtomatik rejimda Markaz saytida qabul qilinadi. Buyurtmanomalarni qabul qilish auksion o‘tkaziladigan kundan 2 ish kuni oldin (soat 13:00 da) yakunlanadi.   
 
 Agar ishtirokchi 5 ish kuni mobaynida auksion obekti qiymatini to‘liq to‘lasa, u auksion g‘olibi deb topiladi va unga auksion natijalari haqida bayonnoma rasmiylashtiriladi.  Bayonnomaning ikkinchi nusxasi tuman hokimligiga yuboriladi, hokimlar 2 ish kuni mobaynida yer uchastkasini taqdim etish to‘g‘risida qaror chiqaradilar. 
 
Kelgusi yillar uchun ijara to‘lovi ijarachi tadbirkor tomonidan oxirgi belgilangan ijara to‘lovi miqdori va qolgan ijara muddatidan kelib chiqib davriy (choraklik, oylik yoki ijara shartnomasida ko‘rsatilgan muddatlarda) to‘lanadi. 
 
Turistik xizmatlarni tashkil etishning mavsumiyligidan kelib chiqib, ijara to‘lovlari tadbirkorlik sub'yekti tomonidan uning faoliyat ko‘rsatgan davri uchun tuzilgan jadval orqali to‘lanishi mumkin.  
 
Hujjat 5.12.2018 yildan kuchga kirdi.  

Ko‘proq yangiliklar: