“Oskar” taqdimoti boshlovchisiz qolishi mumkin

Jahon 23:55 / 11.12.2018 8645

Joriy “Oskar” mukofoti topshirilishi marosimining boshlovchisi etib tayinlangan komik Kevin Xart tvitterdagi postlari uchun jamoatchilik tomonidan xush ko‘rilmay qolgani sabab taqdimotni olib borolmasligini e'lon qilgach, AQSh kinoakademiyasi rahbariyati tang holatga tushib qoldi.

Gap shundaki, ayni vaqtda taqdimotni olib boruvchi nomzod yo‘q, kinoakademiya esa Xartning o‘rniga biror kishini topishga qiynalmoqda. 

Tvitlar atrofidagi mojarodan tashqari, taqdimotni o‘tkazish uchun to‘lanadigan gonorarning ozligi ham muammo tug‘dirmoqda.2017 yilgi taqdimotni olib borgan Jimmi Kimmel unga bor-yo‘g‘i  15 ming dollar to‘langanidan shikoyat qilgan. Bu esa boshlovchilikka ko‘rilgan nomzodlarning taqdimotni olib borishdan bosh tortishlariga sabab bo‘lgan.

AQSh kinoakademiyasi kengashi 11 dekabr kechki vaqt (Toshkent vaqti bilan 12 dekabr ertalab) boshlovchini almashtirish yoki umuman undan voz kechish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazishi belgilangan. Ayni vaqtda kinoakademiyada bunday holatlarga rejalar bo‘lmagani ma'lum qilingan. Bu orada kinoakademiya umuman boshlovchidan voz kechishi, haykalchalarni esa tadbir mehmonlari topshirishlari mumkinligi haqidagi axborot paydo bo‘lgan.

“Oskar” mukofotlari topshirilishining 91-taqdimoti 2019 yil 24 fevralda Los-Anjyelesdagi “Dolbi” teatrida bo‘lib o‘tadi. Nomzodlar esa 2019 yil 22 yanvarda e'lon qilinadi. 

Ko‘proq yangiliklar: