Himoya qilinadigan shaxslar ro‘yxati belgilandi

O‘zbekiston 14:49 / 11.12.2018 26831

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan qonunlar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, “Mahalla” fondi, shuningdek boshqa manfaatdor idoralar vakillari ishchi guruh tarkibidan joy oldi.

Yig‘ilishda “Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi. Ta'kidlanganidek, hujjat jinoyat protsessi ishtirokchilarini himoya qilish chora-tadbirlari tizimini belgilash tartibini, ularni qo‘llash asoslari va tartibini belgilashga qaratilgan. Qonunda himoya qilinadigan shaxslar ro‘yxati belgilab berilgan. Ichki ishlar, davlat xavfsizlik xizmati, prokuratura organlari, bojxona organlari, sudlar ularning himoyasini ta'minlash to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi tuzilmalar sifatida belgilangan.

Shuningdek, ishchi guruh a'zolari “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta'minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqdilar.

Qayd etilganidek, Qonunda O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Mehnat kodekslariga, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Jinoiy va ma'muriy qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mamlakatda jamoat tartibini mustahkamlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni nazarda tutadi va tilanchilik bilan shug‘ullanganlik, bunga voyaga yetmagan va keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy kasalliklari, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqa shaxslarni jalb etganlik uchun javobgarlikni belgilab qo‘yishga qaratilgan. O‘zgartish mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga ham kiritildi, ishga qabul qilish tartibiga va bu jarayonda ish beruvchining javobgarligiga oid ayrim qoidalar soddalashtirildi.

“Ba'zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni mamlakatning 16 ta qonuni va 6 ta kodeksiga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Hujjat davlat organlari o‘z oldida turgan vazifalarni bajarishi uchun maqbul shart-sharoitlarni yanada mustahkamlashga, ularning faoliyatini jamoatchilik tomonidan nazorat qilish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan.

Ishchi guruh a'zolari “Iqtisodiy jinoyatlarga va ommaviy qirg‘in quroli tarqatilishini moliyalashtirishga qarshi kurashish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ham ko‘rib chiqdilar.

Ko‘proq yangiliklar: