Deputatlar ShHT qo‘shma aksilterror o‘quv mashg‘ulotlari to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilishni ma'qulladilar

O‘zbekiston 11:16 / 11.12.2018 2367

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

Deputatlar ishni «Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar tomonidan qo‘shma aksilterror o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Bitimni (Dushanbe, 2008 yil 28 avgust) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ko‘rib chiqishdan boshladilar.

Qayd etilganidek, 2008 yilning 28 avgustida ShHTga a'zo davlatlar rahbarlari Kengashining Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan bir qator hujjatlar, shu jumladan, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar tomonidan aksilterror o‘kuv mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Bitim ham imzolangan edi. Bitim qoidalariga ko‘ra, bunday o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan maqsad — Tomonlarning hududlarida terrorchilik harakatlari sodir etilganida yoki shunday xavf-xatar paydo bo‘lganida qo‘shma harakatlarni amalga oshirish uchun maxsus aksilterror tuzilmalarni tayyorlashdan iborat.

Deputatlar nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqada xavfsizlik va osoyishtalikni ta'minlash maqsadida bu borada xalqaro tajriba almashish hamda ShHTga a'zo davlatlar vakolatli organlari aksilterror bo‘linmalarining terrorchi guruh a'zolari faoliyatlarini bartaraf etish bo‘yicha maxsus operatsiyalarini o‘tkazishda muvofiqlashtirilgan harakatlarini takomillashtirish zaruratini inobatga olgan holda, ushbu xalqaro hujjatni ratifikatsiya qilish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdilar va uni yoqlab ovoz berdilar.

Ko‘proq yangiliklar: