Audit sohasidagi sanksiyalar oshiriladi

O‘zbekiston 15:42 / 11.12.2018 7830

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida MJTKga kiritiladigan tuzatishlar loyihasi taqdim etilgan: auditorlarning mas'uliyat doirasi kengaytirilmoqda, xo‘jalik yurituvchi sub'yektning majburiy auditorlik tekshiruvidan bosh tortganligi uchun jarima solish tartibi o‘zgartirilmoqda, deb yozadi Norma.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 19.09.2018 yildagi PQ–3946-son qarori bilan auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari qabul qilindi. Xususan, auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazishga doir yangi talablar belgilandi, 2020 yil 1 yanvardan majburiy tekshiruvdan o‘tishi lozim bo‘lgan tashkilotlar soni ortadigan bo‘ldi.

Shu munosabat bilan «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri loyihasi, shuningdek MJTKga kiritiladigan bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar ishlab chiqildi.
 
Birinchidan, xo‘jalik yurituvchi sub'yektning majburiy auditorlik tekshiruvini o‘tkazishdan bosh tortganligi (MJTKning 179-1-moddasi) uchun jarima miqdorini salmoqli darajada – 70 EKIHgacha (hozir – 5 EKIHdan 10 EKIHgacha) oshirish rejalashtirilmoqda. Jarimani bevosita xo‘jalik yurituvchi sub'yektning rahbariga solish taklif qilinmoqda. Ayni paytda ushbu moddada sub'yekt aniq ko‘rsatilmagan va «mansabdor shaxslar» (ya'ni ehtimoliy mas'ul shaxslar doirasi ancha keng bo‘lib, masalan, bosh buxgalterni o‘z ichiga oladi) deb belgilangan.
 
Ikkinchidan, MJTKning 179-moddasiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Auditorlar sodir etgan, ma'muriy javobgarlikka tortilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar ro‘yxati to‘ldirilmoqda. Unga quyidagilarni ham kiritish taklif qilinmoqda:

• auditorning o‘z vakolatlaridan auditorlik faoliyati prinsiplariga zid ravishda foydalanishi;
• har yili malaka oshirishdan o‘tmaganligi;
• auditorning malaka sertifikatini o‘z vaqtida qayta rasmiylashtirmaganligi;
• amal qilishi tugatilgan malaka sertifikatini yo‘q qilish uchun maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etmaganligi.
 
Ushbu modda bo‘yicha jarima miqdorlari oshirilishi ham kutilmoqda: hozir ular 10 EKIHdan 15 EKIHgacha miqdorni tashkil etadi, loyiha tasdiqlangan taqdirda esa 20 EKIHgacha oshiriladi.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.        

Ko‘proq yangiliklar: