Amerikaliklarga qaysi davlatlarga borish tavsiya etilmaydi?

Jahon 21:10 / 11.12.2018 19668

AQShda 2018 yil yanvarda sayohatga otlanmoqchi bo‘lgan fuqarolarni boshqa davlatlardagi holat bo‘yicha ogohlantiruvning yangi tizimi taqdim etildi. Unga ko‘ra, davlatlar xavflilik darajasiga ko‘ra to‘rt toifaga bo‘lingan.  

AQSh tashqi siyosat mahkamasi o‘z fuqarolari uchun maxsus interaktiv xarita chiqargan bo‘lib, unda har bir mamlakat travel advisory level — sayohat qilish uchun xavfsizlik darajasi bo‘yicha belgilangan.

Birinchi daraja — odatiy xavfsizlik talablariga rioya qiling — bu jahondagi ko‘plab mamlakatlarga taalluqli. Ular asosan Shimoliy va Markaziy Yevropa, Lotin Amerikasi va Okeaniya davlatlaridir. Sobiq SSSR tarkibida bo‘lgan aksariyat davlatlar — Armaniston, Belorussiya, Gruziya, Latviya, Litva, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Estoniya ham ushbu toifaga kiradi. 

Ikkinchi daraja — yuqori darajada xavfsizlik talablariga rioya qiling — Yaqin Sharqdagi qator mamlakatlar (Misr, Isroil, Saudiya Arabistoni), Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (Xitoy, Indoneziya, Filippin) va G‘arbiy Yevropa (Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Germaniya). Ozarboyjon, Rossiya, Tojikiston va Ukraina ham shu ro‘yxatda.

Uchinchi daraja — borish haqida o‘ylab ko‘ring — bu 17 mamlakatga tegishli. Ular Venesuela, Gaiti, Gonduras, Nikaragua, Salvador, Burkina-Faso, Burundi, Gvineya-Bisau, KDR, Mavritaniya, Niger, Nigeriya, Sudan, Chad, Livan, Pokiston, Turkiyadir. Vashingtonning fikricha, amerikalik sayyohlarga bu davlatlarda bo‘lish xavfsiz emas.

Nihoyat, to‘rtinchi daraja — sayohatga bormang — 11 mamlakatga taalluqli. Ular orasida Afg‘oniston, Iroq, Eron, KXDR va Suriya bor.  

AQSh savdo vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda AQShdan chetga chiqqan 66,7 mln sayyohning 25,5 mln nafari Meksikaga, 12 mln nafari esa Kanadaga borgan.  

Statistikaga ko‘ra, 2016 yilda amerikaliklarning o‘rtacha sayohat davomiyligi 17 tunni tashkil etgan va sotib olingan aviachiptalarning o‘rtacha narxi 1,1 ming dollarga teng bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: