Poroshenko Rossiya bilan do‘stlik kelishuvi tugatilishi haqidagi qonunni imzoladi

Jahon 19:10 / 10.12.2018 20692

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va sheriklik haqidagi kelishuvning 2019 yil 1 apreldan tugatilishi haqidagi qonunni imzoladi. 

«Do‘stlik haqidagi kelishuvning tugatilishi Ukrainani uning bajarilishiga taalluqli majburiyatlardan ozod qiladi», deyilgan Oliy radada qo‘llab-quvvatlangan qonun loyihasida.

«Rossiya bilan kelishuvning uzaytirilmasligiga bir epizoddek emas, balki kolonial o‘tmishimiz bilan aloqalarni batamom uzish va Yevropaga yo‘nalish olish bo‘yicha strategiyamizning bir qismi sifatida qarash kerak. Bu strategiyaning qolgan tashkil etuvchilari quyidagilar: Yevropa Ittifoqi bilan vizasiz tartibni joriy qilish, YeI bilan birlashish haqidagi kelishuv, MDHdan chiqish, NATO va YeIga kirishning konstitutsiyada mustahkamlanishi, qudratli, professional armiyani yaratish, ukrain tilini qo‘llab-quvvatlash, o‘z tariximiz», deb izoh bergan Poroshenko.  

Ukraina prezidentining aytishicha, Ukraina bu hujjatning barcha imkoniyatlaridan o‘z milliy manfaatlari yo‘lida foydalanib bo‘ldi. Uning ta'kidlashicha, 2019 yil boshida kelishuvning navbatdagi 10 yillik muddati yakuniga yetadi va Ukraina uni uzaytirish yoki tugatish borasida bir qarorga kelishi kerak edi. Natijada uni tugatishga qaror qilingan.

Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik haqidagi kelishuv 1997 yil may oyida tuzilgan. Ukraina Oliy radasi uni 1998 yil yanvarda ratifikatsiya qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: