Madaniy meros: 23 tom noyob kitob Temuriylar tarixi davlat muzeyiga sovg‘a qilindi

Jamiyat 13:53 / 10.12.2018 4410

Bugun, 10 dekabrda poytaxtdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida “O‘zbekistonning madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasi ko‘rgazmasining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tadi. Tadbir “O‘zbekistonning madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasining 2018 yildagi faoliyati yakunlari hamda 2019 yilda yo‘l xaritasini ishlab chiqishga bag‘ishlangan xalqaro multimedia forumi doirasida o‘tkazilmoqda, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri.   

Ko‘rgazmani O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi.

“Madaniy meros jahon to‘plamlarida. 2018 yil yakunlari. 2019 yil yo‘l xaritasi” forumi faoliyati bejiz aynan shu yerda, Temuriylar tarixi davlat muzeyida boshlanayotgani yo‘q. Ushbu ajoyib muzey mustaqil O‘zbekiston uchun ahamiyatli bo‘lgan buyuk inson va u bilan bog‘liq davrga bag‘ishlangan. Temuriylar sulolasi hukmronlik qilgan davr ma'rifat davri bo‘lgan. Bejiz ta'lim masalalariga alohida e'tibor qaratgan astronom-olim Mirzo Ulug‘bek Buxoro madrasasi eshigiga Payg‘ambarimizning “Bilimga intilish – har bir musulmonning burchi” so‘zlarini tushirmagan, ushbu so‘zlarni bugungi tadbirimizning asosiy shiori sifatida baholash mumkin. Loyiha O‘zbekiston madaniyati va san'atiga oid bilimlarni barcha qit'alarda kengaytirishga yo‘naltirilgan. Mazkur loyiha maqsadi – taqdir taqozosi bilan jahon muzey va shaxsiy kolleksiyalaridan o‘rin olgan madaniy meros durdonalarini nashr qilish va o‘rganish. Bugun “O‘zbekistonning me'moriy epigrafikasi” va “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” seriyalarining noyob durdonalari – 23 tom – Temuriylar tarixi davlat muzeyiga sovg‘a qilinadi va uning ekspozitsiyasi bir qismiga aylanadi. Katta xalqaro olimlar jamoasi bilan yaratilgan bu kitoblar mamlakatimiz madaniyatiga qiziquvchilar uchun yangi va hatto sensatsion bilimlarni o‘zida jamlagan. Prezident Shavkat Mirziyoyev bilim taraqqiyotning eng muhim sharti ekanini bir necha bor ta'kidlaganlar. “O‘zbekistonning madaniy merosi” loyihasi yurtimiz ravnaqi uchun xizmat qiladi”, - dedi u.

Shundan so‘ng loyiha muallifi va rahbari Firdavs Abduholiqov, YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Mariya del Pilar Alvarez Laso, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev, Fanlar akademiyasi akademigi Dilorom Yusupovalar tadbirning ahamiyati haqida so‘z yuritishdi.

Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan “O‘zbekistonning madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” turkumi albom-kitoblarining 20 tomi, “O‘zbekistonning arxitektura epigrafikasi” turkumi 12 tomi, hozirgi paytda turli xorijiy mamlakatlar muzeylarida saqlanayotgan noyob o‘rta asrlar qo‘lyozmalari faksimilesi o‘rin olgan. Jumladan, «Katta Langar Qur'oni», «Temur tuzuklari», «Zafarnoma», Husan Boyqaroning «Devoni», «Mirojnoma» kabi asarlar namoyish qilindi. 

Ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar kitoblar bilan tanishib chiqishdi. Ma'lum qilinishicha, kelgusida ekspozitsiya yangi tomlar bilan boyitib boriladi.

Ta'kidlash joizki, kitob-albomlarni yaratish uchun turli mamlakatlardan O‘zbekiston madaniyati va tarixi bo‘yicha tadqiqot va axborot maqolalarini chop etgan 100 dan ortiq olimlar jalb qilingan. Loyiha bir necha yo‘nalishlarda amalga oshiriladi, ulardan eng muhimlari ikkita: dunyoning muzey va xususiy kolleksiyalarida saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosi durdonalari haqidagi kitob-albomlarni chop etish, shuningdek, ushbu to‘plamlar asosida ma'lumotlarni boyituvchi hujjatli filmlarni yaratishdir. Ushbu filmlar uch tilda taqdim etilib, ular yozilgan disklar albomlarga ilova qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: