Dunyo O‘zbekistonni kashf qilmoqda: Madaniy meros namunalari ommalashtirilmoqda

O‘zbekiston 17:00 / 10.12.2018 4384

Toshkentda “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidan navbatdagi kitob-albomlar loyihalari va hujjatli filmlar taqdimoti bo‘lib o‘tmoqda. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, unda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi muallifi Firdavs Abduholiqov, AQShning Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi, madaniyat va huquq masalalari bo‘yicha ekspert, professor, O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyatining ilmiy kengashi a'zosi Frederik Starr, YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Mariya del Pilar Alvarez Laso, Fanlar akademiyasi (FA) vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, FAning San'atshunoslik instituti bosh ilmiy xodimi, loyiha ilmiy muharriri Edvard Rtveladze va qator xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.

“O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi – nafaqat bizning mamlakatimiz uchun yangi tadbir, uning muqobili dunyoda yo‘q. Loyiha jahonning turli muzeylari va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy va badiiy meros namunalarini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish masalalariga bag‘ishlangan. Ajdodlar merosining avaylab-asrash davlat madaniy siyosati asosini tashkil qiladi, shu tariqa loyiha mamlakat ijtimoiy hayotida muhim ahamiyatga ega.

“Loyiha jamoatchilik e'tiborini eng avvalo xorijiy mamlakatlardagi madaniy merosimiz namunalariga qaratadi. U butun dunyo O‘zbekiston madaniyatiga maftun ekanini yana bir bor namoyish qildi. Ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan durdona asarlar barcha qit'alardagi muzey va kutubxonalarda saqlanmoqda. Bugun O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga intilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganlaridek, barcha hamkorlarimiz bilan tashqi siyosatda ochiqlik va tinchlikka sodiqlik ruhidagi pragmatik siyosatni yuritamiz. Bizning yurtimiz dunyoga ochilmoqda, dunyo esa, o‘z o‘rnida, O‘zbekistonni kashf qilmoqda. O‘zbekistonning xorijda saqlanuvchi yodgorliklarini ommalashtirish chet mamlakatlar bilan keng xalqaro ilmiy aloqalar o‘rnatish, madaniyat va an'analarimizni o‘rganish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilish yo‘lida asos bo‘lib xizmat qiladi. Shu tariqa, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi davlat yangi siyosatining mahsuli, bugun respublikada yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarning ifodasidir”, - dedi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov.

Shuningdek, tadbirda ta'kidlanishicha, dunyoning yirik olimlari va mahalliy mutaxassislar maqolalari chop etilgan kitoblar o‘sib kelayotgan avlod, yoshlar, talabalar uchun O‘zbekiston adabiyoti va madaniyati tarixi bo‘yicha ko‘plab ma'lumotlarni taqdim etuvchi qo‘llanma sifatida xizmat qiladi. Loyiha kelgusi avlodni tarbiyalash, jamiyatda yuqori madaniyatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Bundan tashqari, mazkur loyihaning turizmni rivojlantirishdagi ahamiyatiga ham e'tibor qaratildi. San'at durdonalarining nashr qilinishi, ushbu kitob-albomlarning dunyo bo‘ylab tarqalishi, shubhasiz, O‘zbekistonga tashrif buyurish, buyuk allomalar yurti bilan tanishish uchun ishonchli motiv bo‘ladi.

Fanlar akademiyasi akademigi Edvard Rtveladzening so‘zlariga ko‘ra, milliy merosni saqlash yo‘llari turlicha. Publikatsion fond – buning yorqin ko‘rinishlaridan biri.

“Loyiha ustida ishlagan mahalliy va xorijiy hamkasblarimga ulkan minnatdorchiligimni bildiraman. Loyiha dastlabkisi bo‘lgani uchun, yana ko‘plab noyob kitoblar yaratilish jarayonida va ular keyingi kongressda taqdim etiladi. Biz dastlab Rossiya muzeylariga e'tibor qaratdik, chunki madaniy merosimizning katta qismi aynan ularda joylashgan. Tajriba oshgani sayin geografiyani kengaytirib, loyihaga Yevropa, Osiyo va Amerika mamlakatlari qo‘shildi. O‘ylashimcha, boshqa mamlakatlarda ham madaniy javohirlarimizni topamiz”, - deydi Rtveladze.

Ko‘proq yangiliklar: