Davlat-xususiy sheriklik asosida yo‘llarda intellektual videokameralar o‘rnatiladi

O‘zbekiston 21:40 / 10.12.2018 7591

Vazirlar Mahkamasining «2018–2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida»gi qarori qabul qilindi.

Hukumat qarorida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash va zamonaviy yo‘l infratuzilmasini tashkil etish sohasida davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlanmoqda.

Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik quyidagi shartlarda amalga oshirilishi belgilanmoqda:

  • yo‘l harakati monitoringi va intellektual videokameralarning integratsiyalashgan tizimlarini joriy etish uchun beriladigan yo‘l uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi;
  • yo‘l harakati monitoringi va intellektual videokameralar tizimi «Xavfsiz shahar» yagona apparat-dasturiy kompleksga integratsiya qilinishi va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining «Ma'muriy amaliyot» kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimiga ulangan bo‘lishi, shuningdek, huquqbuzarlik holatlari haqidagi videoma'lumotlar va boshqa ma'lumotlar onlayn rejimida uzatilishini ta'minlashi kerak;
  • pullik avtomobil to‘xtash joylari va pullik avtomobil saqlash joylaridan foydalanishdan tushadigan mablag‘larning 30 foizdan ortiq bo‘lmagan qismi — mahalliy byudjyetga tushadi va u maqsadli ravishda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi hamda kamida 70 foizi tutash hududning avtomototransport vositalari bilan to‘lishi hamda to‘lov avtomatlari va axborot tizimlari o‘rnatilgan avtomobil to‘xtash joylarining funksional imkoniyatlari hisobga olingan holda xususiy sherikning hisob raqamiga tushadi.

Shuningdek, o‘rnatilgan intellektual videokameralar yordamida aniqlangan yo‘l harakati qoidalari buzilgani uchun jarimalar summasining kamida 20 foizi — O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjyetiga o‘tkaziladi, 20 foizi — yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga maqsadli yo‘naltirilgan holda mahalliy byudjyetga tushadi, 30 foizi – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining byudjyetdan tashqari jamg‘armasiga, yo‘l harakati intensivligi va intellektual kameralarning imkoniyatlari hisobga olingan holda 30 foizdan ortiq bo‘lmagan qismi — xususiy sherikning hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: