Bill Geyts 2018 yilning eng yaxshi beshta kitobi nomini aytdi

Light 00:38 / 10.12.2018 15559

Har yilning dekabr oyida Bill Geyts an'anaga ko‘ra unga eng ko‘p ishtiyoq bergan kitoblar to‘plami bilan o‘rtoqlashadi. Bu safar ushbu to‘plamga yodnomalardan tortib meditatsiya bo‘yicha yo‘riqnoma kabi turli janrdagi asarlar kirgan.

Tara Vestover, “O‘quvchi. O‘zni qo‘lga kiritish uchun tan berish”

“Tara Vestover yodnomalarini o‘qigunga qadar mustaqil ta'lim bilan yaxshi shug‘ullanaman, deb o‘ylardim”, — deb yozadi Geyts. Tara maktabga bormagan va 17 yoshiga qadar shifokor qabulida bo‘lmagan. Chunki uning otasi mormon bo‘lib, tez orada oxir zamon bo‘lishiga ishonardi. Aynan shuning uchun ham uning oilasi sivilizatsiyadan chetda yashagan. O‘z yodnomalarida Vestover bilimga bo‘lgan ishtiyoq uni oilaviy qarashlarga qarshi borish va Kembrij universitetida ilmiy darajaga ega bo‘lishga majbur qilgani haqida yozadi.

Pol Shar, “Odamlarsiz armiya. Avtomatlashgan qurol va urush kelajagi”

Ko‘pchilik odamlar avtomatlashgan qurollar haqida o‘ylashmaydi. Biroq Geytsning fikriga ko‘ra, sun'iy idrokdan qurollanishda foydalanish haqidagi bu kitobdan bosh ko‘tarish mushkul. Unda anchayin murakkab mavzu muhokama etiladi. Muallif avtomatlashgan qurolning ijobiy va salbiy jihatlarini aniq va lo‘nda tushuntiradi. Shar masalani teran anglaydi — u urush veterani bo‘lgan va AQSh hukumatiga bu kabi qurollanish haqidagi qonunlarni ishlab chiqishda yordam bergan.

Jon Karreyru, “Ahmoqona qon”

The Wall Street Journal jurnalisti Jon Karreyru Theranos tibbiyot startapining omadga erishishi va inqirozga yuz tutishi borasidagi tadqiqoti natijalarini kitob ko‘rinishida nashr etgan.

Geytsning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya tarixi u o‘ylaganidan ham aqlbovar qilmas darajada ekani, kitob kishini o‘ziga jalb etishi haqida yozgan. Unda ayyorona tovlamachilik, korporativ fitna, OAVni larzaga solgan voqealar, buzilgan oilalar va ilgari deyarli 10 milliard dollar qiymatida baholangan kompaniya inqirozi kabi hamma narsa tasvirlangan.

Yuval Noy Harari, “XXI asr uchun 21 saboq”

Bil Geyts bu yozuvchi ijodining ashaddiy muxlisi. Ushbu kitob ham unga ma'qul bo‘ldi. Agar “Sapiens. Insoniyatning qisqa tarixi” va “Homo Deus. Ertangi kunning qisqa tarixi”da muallif o‘tmish va kelajak haqida hikoya qilgan bo‘lsa, mazkur asar butunlay hozirgi zamonga bag‘ishlangan.

Agar 2018 yil so‘ngida jahonda sodir bo‘layotgan voqealarni butunlay tushuna olmayotgan bo‘lsangiz, “XXI asr uchun 21 saboq” vaziyatga oydinlik kiritish va qanday qiyinchiliklarga duch kelayotganimiz borasida fikrlashga undaydi.

Endi Paddikomb, “Meditatsiya va onglilik. Kuniga 10 daqiqa fikrlaringizni tartibga soladi”

Bill Geyts rafiqasi bilan birgalikda yaqinda meditatsiyaga qiziqa boshlashdi. Bu kitob ularga juda yordam berdi. Paddikomb o‘z hikoyasini oddiy talaba monaxga aylangani haqida so‘zlashdan boshlaydi. Agar onglilikni amalda qo‘llashni sinab ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, bu qo‘llanma ideal variantga aylanadi.

Ko‘proq yangiliklar: