Tadbirkor-fermer Xiva tumani hokimligi bilan uch yildan beri «kurashmoqda» - bog‘ unga qaytariladimi?

Jamiyat 15:38 / 09.12.2018 14111

1992-2002 yillarda Rossiyaning RTR telekanali Amerikaning «Santa Barbara» serialini namoyish qilgandi. Dunyodagi eng uzun seriallardan biri hisoblangan bu dramani o‘zbekistonliklar ham tomosha qilishgandi. Telefilm tafsilotlarining bu maqolamizga aloqasi yo‘q, ammo uning uzunligi, ya'ni 2137 seriyadan iborat ekani qaysidir ma'noda voqealar mazmuniga mos keladi.

Bu maqolada tadbirkor-fermerning Xiva tumani hokimligi bilan «kurashi» haqidagi «g‘aroyib» tafsilotlar bilan tanishamiz.

Xiva tumani Irdimzon qishlog‘idagi «Rahmonbek» fermer xo‘jaligiga tuman hokimining 2008 yil 30 oktabrdagi 805-sonli qarori bilan mevali bog‘ barpo qilishi uchun 3,1 gektar yer maydoni ajratib beriladi. Uning rahbari Shuhrat Raxmanov turli xildagi 760 dona mevali ko‘chatlarni ekib chiqadi. Mohir agronomning mehnatlari zoye ketmaydi va bu daraxtlar 2011 yilda meva bera boshlaydi. Shundan so‘ng, «Rahmonbek» fermer xo‘jaligi tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi tomonidan belgilangan ho‘l meva va pilla rejalarini muntazam ravishda bajarib kelgan.

2014 yil noyabr oyida shu fermer xo‘jaligi ishchisi va Shuhrat Raxmanovning ukasi Rahmon Raxmanov yashirin ravishda, go‘yoki fermer xo‘jaligi rahbari va a'zolari o‘rtasida yig‘ilish o‘tkazib, akasini rahbar lavozimidan ozod qilib, o‘zini fermer xo‘jaligi rahbari etib tayinlangani to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirib, bu hujjatlarni tuman hokimligiga topshirgan. Natijada, 2014 yil 17 dekabrda tuman hokimining 2192-sonli qarori chiqarilgan va Rahmon Raxmanov «Rahmonbek» fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lib olgan.

Qizig‘i shundaki, ukasining bu ishini Shuhrat Raxmanov sezmay qolgan. 2016 yil bahorida uning yeriga boshqa fermer xo‘jaligi rahbari kelib, bog‘ o‘ziniki bo‘lganini da'vo qiladi va bu haqdagi Xiva tumani hokimining qarorini ko‘rsatadi. Shuhrat Raxmanov esa Xiva tumani hokimligiga borib, bu to‘g‘rida ma'lumot talab qiladi. Shunda, Xiva tumani hokimligi 2016 yil fevral oyida, 491-sonli qaror asosida, 3 gektar bog‘ «Rahimbergan hoji Anbar» fermer xo‘jaligiga berilgani to‘g‘risidagi qarorni taqdim qiladi.

Shundan so‘ng, Shuhrat Raxmanov ukasi Qudrat Raxmanov bilan birgalikda Rahmon Raxmanovning xatti-harakatlari yuzasidan tuman prokuraturasiga murojaat qiladi. IIB tomonidan o‘tkazilgan ekspertiza natijasida, Rahmon Raxmanovning harakatlari noqonuniy ekani, yig‘ilish bayonnomalari va ularga qo‘yilgan imzolar qalbaki ekani aniqlanadi.

IIB qaroriga asosan, Xorazm viloyati prokuraturasi 2018 yil mart oyida Xiva tumani hokimining 2014 yil 17 dekabrdagi 2192-sonli qarorini bekor qilish to‘g‘risida protest kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga ko‘ra, noqonuniy qabul qilingan qaror bekor qilinganida, unga asoslangan holda chiqarilgan keyingi qarorlarning barchasi bekor bo‘lishi shart.

«Rahmonbek» fermer xo‘jaligi Rahmon Raxmanovning noqonuniy harakatlari natijasida o‘zlashtirib olingani aniqlandi, qonun buzilgani o‘z isbotini topdi. Demak, 2014 yil 17 dekabr oyida tuman hokimining 2192-sonli qarori va shu bog‘ bilan bog‘liq bo‘lgan keyingi barcha qarorlar o‘z kuchini yo‘qotadi. Natijada, 2008 yil 30 oktabrdagi 805-sonli qaror tiklanishi, ya'ni 3,1 gektar yer «Rahmonbek» fermer xo‘jaligining qonuniy rahbari Shuhrat Raxmanovga qaytarilishi shart edi.

2018 yil 28 aprelda Xiva tumani hokimligi 1077-sonli qaror bilan 2014 yil 17 dekabrdagi 2192-sonli o‘z qarorini bekor qiladi. Bu qonunan olib qaralganda eng to‘g‘ri yo‘l edi.

Ammo, 3,1 gektar yerda Shuhrat Raxmanov mehnati bilan barpo qilingan bog‘ egasiga qaytarilmadi.

Oradan 10 kun o‘tgach, 2018 yil 7 may kuni Xiva tumani hokimi 2008 yil 30 oktabrdagi 805-sonli qarori bekor qilingani haqidagi yangi qarorni chiqardi. Unga ko‘ra, «Rahmonbek» fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomasi bekor qilindi.

Bunga asos sifatida aka-uka Raxmanovlar orasida turli xil ziddiyatlar kelib chiqayotgani va kelgusida ular o‘rtasida og‘ir turdagi jinoyat sodir qilinishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Qizig‘i shundaki, shu mavzuda o‘tkazilgan yig‘ilishda manfaatdor shaxslar, fermer xo‘jaligi rahbarlari, xususan Shuhrat Raxmanovning ishtiroki ta'minlanmagan.

Shuhrat Raxmanov Xiva tumani hokimligini sudga beradi. 2018 yil 8 iyunda Xiva tumani ma'muriy sudi tuman hokimligining 2018 yil 7 maydagi 1137-sonli qarorini huquq normalariga amal qilinmasdan, shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan deb topib, haqiqiy emas degan qaror chiqaradi. 2018 yil 1 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida o‘tkazilgan apellyatsiya sudi bu qarorni o‘zgarishsiz qoldiradi.

Shundan so‘ng, 2018 yil 12 sentabr kuni Shuhrat Raxmanov «Rahmonbek» fermer xo‘jaligini davlat ro‘yxatidan qaytadan o‘tkazib, o‘z nomiga rasmiylashtirib oladi.

Endi adolat yuz berdi, haqiqat qaror topdi, 2 yillik sarsonlikka barham berildi, yer va bog‘ egasiga qaytarildi deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, Xiva tumanidagi serial davom etdi.

2018 yil 20 sentabr kuni, apellyatsiya sudi qaroridan 1 oy 20 kun o‘tgach, Xiva tumani hokimligi 2358-sonli yangi qaror qabul qiladi. Unda hokim o‘zi tomonidan qabul qilingan 2008 yil 30 oktabrdagi 805-sonli qarorni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topib, «Raxmonbek» fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish shartnomasini bekor qilingan deb topadi. Qarorning 5-bandida «Rahmonbek» fermer xo‘jaligi 2 yildan beri faoliyat yuritmagani inobatga olinib, uning faoliyatini bundan keyin davom qildirish maqsadga muvofiq emas deb topilsin», degan yozuvlar bor.

Qaror nimalarga asoslanganini ko‘rib chiqamiz.

Xiva tumani hokimligi fikriga ko‘ra, «Rahmonbek» fermer xo‘jaligi rahbarligi 2000 yil 6 mart kuni Iqboloy Raxmanovadan Shuhrat Raxmanovga noqonuniy tarzda o‘tgan. Go‘yo, Shuhrat Raxmanov o‘z singlisi Iqboloy Raxmanovaning imzosini qalbakilashtirib, fermer xo‘jaligiga ega bo‘lib chiqqan.  

Shundan so‘ng, Shuhrat Raxmanov Xiva tumani hokimligining bu qarorini haqiqiy emas deb topish haqida ma'muriy sudga murojaat qiladi.

2018 yil 23 noyabr kuni Xiva tuman ma'muriy sudi bu arizani ko‘rib chiqib, Xiva tumani hokimligining 2358-sonli qarorini haqiqiy emas deb topadi. Bundan tashqari, Xiva tuman hokimligidan davlat foydasiga 2 027 300 so‘m davlat boji undiradi.

Xiva tuman ma'muriy sudi o‘z qarorida Iqboloy Raxmanovaning fermer xo‘jaligini tashkil qilish uchun berilgan arizada o‘zi tomonidan imzo qo‘yilganini tan olganini, bundan tashqari, «Rahmonbek» fermer xo‘jaligini tashkil qilish haqidagi 2000 yil 6 martdagi 6-sonli qaror faqat fuqaro Rahmanova Iqboloy arizasiga binoan emas, balki «Feruz» jamoa xo‘jaligi vakillari yig‘ilishining 2000 yil 21 yanvardagi bayonnomasi va yer uchastkalarini berish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha tuman komissiyasining xulosasi asosida qabul qilingani ko‘rsatilgan. Bu bilan boshqa shaxslarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zarar yetmagan.

Bundan tashqari, Xiva tuman hokimining 2018 yil 20 sentabrdagi 2358-sonli qarori bilan 2008 yil 30 oktabrdagi 805-sonli qarorni o‘z kuchini yo‘qotgan va fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga berish shartnomasi bekor qilingan deb topilib, noto‘g‘ri xulosaga kelingani aniqlangan.

Chunki, Xiva tuman hokimligi «Rahmonbek» fermer xo‘jaligi 2018 yil 12 sentabrda Xiva tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, fermer xo‘jaligining ustavi tashkil etilganini bila turib, ushbu qarorni qabul qilgan.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunining 33-moddasiga ko‘ra fermer xo‘jaligi fermer xo‘jaligi rahbarning qarori yoki sudning qaroriga binoan tugatilishi nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 5 noyabrdagi «Qishloq xo‘jaligida ijara munosabatlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 486-sonli qaroriga asosan, yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasini

o‘zgartirish va bekor qilish ushbu Shartnoma tomonlarining kelishuviga ko‘ra, tomonlarning kelishuviga erishilmagan taqdirda esa – sud qaroriga ko‘ra o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkinligi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Fermer xo‘jaligi yer maydonini maqbullashtirish va uni tugatish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga asosan, yer maydonini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasini bekor qilish va fermer xo‘jaligini tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, mahalliy davlat hokimiyati organlari (tuman (shahar) hokimi) tomonidan taqdim etiladigan da'volar asosida, iqtisodiy sud qaroriga binoan amalga oshiriladi.

Mana shu holatlarni hisobga olgan holda, Xiva tuman ma'muriy sudi Xiva tumani hokimining 2358-sonli qarorini haqiqiy emas deb topdi.

Haqiqat va adolat istayotgan tadbirkor-fermer sudda uch marta yutib chiqdi. Sud Xiva tumani hokimining qarorlarini haqiqiy emas deb topdi. Endi yer uchastkasi egasiga qaytariladimi yoki «Santa Barbara» seriali davom etaveradimi?

Shuhrat Raxmanov oliy ma'lumotli agronom, o‘z qo‘li bilan shu bog‘ga 800ga yaqin mevali daraxt ekkan. «Menga shu bog‘ qaytarilsa, muhlat berilsa, keyin qilgan ishimning samarasini ko‘rishsin. Agar davlatga foydam kelmasa, mayli, shu bog‘ni qaytarib olishlari mumkin», - dedi u kuyinib.

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: