Peskov Putin qachon boshqa yetakchilar bilan muloqot qilishga rad javobini berishini ma'lum qildi 

Jahon 23:31 / 09.12.2018 26450

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Rossiya 1” telekanalidagi “Moskva. Kreml. Putin” ko‘rsatuvida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning xalqaro telefon muloqotlari qanday yuz berishini so‘zlab berdi.

Avvalroq Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Kerch bo‘g‘ozidagi voqeadan keyin Vladimir Putin bilan bog‘lanishga urinishlari besamar ketayotganidan arz qilgan. 

“Prezidentning aloqa kanallariga ega yordamchilari bor. Aynan ularga oddiy telefon orqali telefon muloqoti o‘tkazish taklifi yetkaziladi. Bunday takliflar ba'zida qabul qilinadi va shunda ikki prezidentning vaqtini moslashtirishga harakat qilinadi. Gohida esa bu takliflar qabul qilinmaydi”, deb tushuntirgan Peskov. Kiyev Kerch bo‘g‘ozidagi voqeadan keyin necha marta telefon muloqoti o‘tkazishni so‘ragani Kremlda ma'lum qilinmadi.

Ushbu vaziyatga Putinning o‘zi ham izoh bergan. Uning aytishicha, u gap Poroshenko bilan gaplashishni istamayotganida emas. “Gap shundaki, men uning saylov kampaniyasida ishtirok etmoqchimasman”, deb aytgan Putin va buni quyidagicha tushuntirgan: Poroshenko muammoli va ig‘vogar vaziyatlarni yuzaga keltirib, bunda barcha aybni Rossiyaga yuklaydi; so‘ngra u bu muammolarni qanchalik muvaffaqiyatli hal qilayotganini ko‘rsatishga urinadi. “Mana oddiygina kombinatsiya va men bu kombinatsiyalarda ishtirok etishni istamayman va ishtirok etmayman ham”, deb keskin javob qilgan Putin.

Ko‘proq yangiliklar: