Qatar amiri Saudiya Arabistoni taklifiga qaramay Fors ko‘rfazi davlatlari sammitiga bormadi

Jahon 18:48 / 09.12.2018 9764

Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy Ar-Riyodda o‘tayotgan Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi sammitiga bormadi va sammitga tashqi ishlar davlat vazirini jo‘natish bilan cheklandi. Bu haqda Qatar tashqi ishlar vazirligi vakili Ahmad bin Said ar-Rumayhiy ma'lum qildi. 

Qatar hukumatida tashqi ishlar davlat vaziri “portfelsiz” vazir hisoblanib, tashqi ishlar vaziri Abdurahmon Ol Soniydan farqli o‘laroq, faqat vakillik funksiyalarini bajaradi.  

Ta'kidlanishicha, Qatar vazirini Saudiya Arabistoni tashqi ishlar davlat vaziri  
Nizor Madaniy kutib olgan. Saudiya Arabistoni OAV Qatar vakilining sammitdagi ishtirokini yoritmayapti.

Avvalroq Saudiya Arabistoni qiroli kengashga kiruvchi 6 ta davlatdan 3 tasi Doha bilan diplomatik aloqalarni uzganiga qaramay, Qatar amiriga kengashning 39-sammitida ishtirok etish taklifini jo‘natgandi. Biroq Qatar amiri taklifga javob bermagan.

Avvalgi yil Kuvaytda o‘tgan va Qatar hamda qo‘shnilari o‘rtasidagi mojaroga chek qo‘yishi kutilgan sammitda faqatgina Qatar va Kuvayt amirlari ishtirok etgandi. Qolgan davlatlar o‘z vakillarini yuborish bilan cheklanib qolgandi. 

2017 yil iyunida Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr Qatarni terrorchilikni qo‘llab-quvvatlashda ayblab, u bilan diplomatik aloqalarni uzgandi va unga nisbatan blokada o‘rnatgandi. 

 

Ko‘proq yangiliklar: