Jizzaxcha master-klass: tadbirkorni «koptok» qilish sir-asrorlari

Jamiyat 16:00 / 08.12.2018 36678

Tahririyatga Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi «Tekis burchak» xususiy ixtisoslashtirilgan qurilish-ta'mirlash korxonasi rahbari Abdug‘ani Burhonovdan murojaat kelib tushdi.

Mover'da ko‘rish

Youtube'da ko‘rish

O‘zbekiston Respublikasi prezidentning 2009 yil 22 apreldagi «2009–2014 yillarda O‘zbekiston milliy avtomagistralini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-1103-sonli qarori va Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 22 oktabrdagi «O‘zbekiston milliy avtomagistrali bo‘ylab yo‘l infratuzilmasi va servisini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 277-sonli qaroriga ko‘ra arxitektor A.Burhonov tomonidan M39 — Toshkent-Termiz avtomagistralining Sh.Rashidov tumani hududidan o‘tuvchi 900-kilometrida «Motel» kompleksini jahon standartlariga mos keladigan loyiha asosida ishlab chiqilgan, loyiha ishchi guruh a'zolari tomonidan ma'qullanib, amalga oshirish uchun 2010 yil dasturiga kiritilgan.

M39 avtomagistralining Sharof Rashidov tumani (sobiq Jizzax tumani) hududidan o‘tgan qismi chetidan kemping qurilishi uchun hukumatning 2013 yil 54-sonli qarori talablariga muvofiq 1,60 gektar yer maydoni tanlangan, tegishli organlar tomonidan ma'qullanib, 2014 yilning 14 oktabrida Sh.Rashidov (Jizzax) tumani hokimligiga yer maydoni ajratish uchun taqdim etilgan.

Fuqaro A.Burhonov kemping loyihasidagi binolardan birini qurib bitkazgan. Biroq, loyihani to‘liq amalga oshirish yuzasidan ayrim qallobliklar va to‘siqlar yuzaga kelganki, mazkur hikoya ana shular haqida bo‘ladi.

Xullas, kemping tushadigan yer hududining bir qismi tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan «Anorxol-Shahboz», yana bir qismi «Aliqul ota» fermer xo‘jaliklariga tegishli bo‘lgan.

Jizzax tuman hokimining 2011 yil 2 iyundagi qarori bilan «Anorxol-Shahboz» fermer xo‘jaligining 0,3 ga bog‘i yeri tuman zaxirasiga qaytarilgan.

Biroq, keyinchalik tuman zaxirasiga olingan yer Abdug‘ani Burhonov boshchilik qilayotgan korxonaga kemping (motel) qurish uchun emas, tuman hokimligi tomonidan maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish uchun 0,2 ga, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish uchun 0,1 ga yer fuqarolarga bo‘lib berib yuborilgan.

2015 yilda 0,2 ga yer maydoniga egalik qilib kelayotgan fuqaro Shahboz Qarshiboyev o‘ziga tegishli noturar joy binosini yer maydoni bilan fuqaro M.Pardayevaga sotadi. Ammo, Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun aholi punktlarida yer uchastkalari berish, qurilish obektlarini loyihalashtirish va ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek obektlarni foydalanishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom talablariga ko‘ra, yuqoridagi obektni foydalanishga qabul qilish to‘g‘risidagi tuman hokimining qarori qabul qilinmasdan uning kadastr hujjatlari tayyorlangan. Fuqaro M.Pardayeva ayni kunda mazkur obektdan choyxona sifatida foydalanib kelmoqda.

Kadastr hujjatlariga ko‘ra, 0,2 ga yer maydoniga ega bo‘lishi lozim bo‘lgan obekt aslida 0,3 ga yuzaga ega. Chunki qonunchilik talablarga ko‘ra, obekt M39 magistral yo‘li o‘qidan 110 metr masofa qoldirilib barpo etilishi lozim bo‘lsa-da, aslida yo‘l o‘qigacha bo‘lgan masofa 60 metrni tashkil etadi va noqonuniy egallangan yer 0,1 gani tashkil etadi.

Sh.Rashidov (Jizzax) tumani arxitektura va qurilish bo‘limi tomonidan obektning avvalgi egasi Shahzod Qarshiboyevga noqonuniy boshlangan qurilishni to‘xtatish va 5 kun ichida buzib tashlash to‘g‘risida 2014 yil 14 oktabrda ogohlantirish xati berilganiga qaramasdan fuqaro bu talabni pisand qilmasdan qurilishni davom ettirib, qalbaki hujjatlar bilan ikkinchi fuqaroga sotib yuborgan.

Kemping qurilishi lozim bo‘lgan 1,60 ga maydonning yana bir qismi ham xuddi shu kabi talon-toroj qilingan va noqonuniy egallab olingan.

Jizzax viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi mazkur qonun buzilishi holatlarini aniqlab, 2017 yil 20 fevralda Jizzax viloyati hokimi (U.Uzoqov)ga 1,60 gektar yer maydonini Sh.Rashidov tuman hokimligi tomonidan ko‘rib chiqilishi lozimligini ma'lum qilgan.

Sirasini aytganda, motel qurilishi lozim bo‘lgan hududning bir qismi Jizzax tumani (sobiq) hokimi M.Xolbo‘tayevning 2011 yil 20 sentabrdagi №986 qarori bilan Shahzod Qarshiboyevga (0,20 ga) va Karomat Sattorovga (0,10 ga) — jami 0,30 ga noqonuniy ajratib berilgani, bu yerdagi qurilish obektlari mavjud me'yorlarni buzib barpo etilgani barcha instansiyalarda ko‘rib chiqilgan, tuman va viloyat prokuraturasi sudga da'vo arizasi, Sh.Rashidov tuman hokimligiga prokuraturaning taqdimnomalari ham kiritilgan.

Lekin ishning nega bu qadar siljimasdan suvga tushgan toshdek bo‘lib ketishi o‘quvchilarga ham qiziq bo‘lsa kerak.

Fuqaro Abdug‘ani Burhonovning Kun.uz’ga hikoya qilib berishicha, Jizzax viloyatining sobiq hokimi Sayfiddin Ismoilov avval boshdan bu loyihaga qarshi bo‘lgan va turli yo‘llar bilan uni amalga oshirishga to‘sqinlik qilib kelgan. Keyinchalik taqdir taqozosi bilan S.Ismoilov Sharof Rashidov tumaniga hokim etib tayinlangan. Uning barcha murojaatlari yana tuman hokimligi tomonidan beparvolik bilan qarshi olingan.

Noqonuniy egallab olingan yer maydonlaridagi obektlar Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan buzdirilib, yer tuman zaxirasiga olingan taqdirda ham A.Burhonovga tuman hokimligi yerni endi ajratib bera olmaydi.

Prezidentning «Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaroriga muvofiq, yer uchastkalarini tadbirkorlar, jumladan, Abdug‘ani aka ham faqat auksion orqali qo‘lga kiritishi mumkin.

Yetti yildan buyon mana shu ishlarning ortidan quvib, hujjatbozlik qilib eshikma-eshik chopib, sarson bo‘lib kelgan tadbirkorning og‘zi oshga yetganda hafsalasi pir bo‘lmoqda.

A.Burhonov o‘zini ko‘p yillardan buyon qiynab kelayotgan muammoga qanday qilib ijobiy yechim topish mumkinligini bilolmay hayron. Uning bor umidi 2018 yil 7 noyabrda Sharof Rashidov tumaniga hokim etib tayinlangan Zoyir Mirzayevdan.

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun sohaga xizmat ko‘rsatish obektlarini ko‘paytirish borasida talaygina ishlar amalga oshirilmoqda. Prezident va hukumatning mazkur sohani jadal rivojlantirish borasida keyingi oylarda chiqargan qarorlari ham so‘zimizning isboti bo‘lib turibdi.

Viloyat hokimligi mazkur qiziqarli va zamonaviy loyihani qaytadan o‘rganib chiqib, uni amalga oshirish uchun tadbirkorga yordam va maslahatlarini ayamasligidan umid qilib qolamiz.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: