«Yozda bu yerdagi hidga chidab bo‘lmaydi». Chinozliklarning salkam chorak asrlik muammosi

Jamiyat 12:20 / 08.12.2018 30717

Xalqning davlat tashkilotlariga ishonchi, kutayotgan umidlari hech qachon so‘nmaydi. 18 yildirki, Chinoz ahli shunday orzu-umidlar bilan yashab kelmoqda.

Kun.uz tahririyatiga Chinoz tumani hududidagi antisanitar holat bo‘yicha takroriy murojaat kelib tushdi. Chinozda bizni «Yovvosh» mahallasi oqsoqoli Qalman Ergashev kutib oldi. Muammo ichimlik suvi va kanalizatsiya masalasida edi.

«Bu yerda muammo shundan iboratki, ko‘p qavatli uylardan chiqayotgan kanalizatsiya chiqindilari va ichimlik suvi aralashib ketmoqda. Bu suvlardan tomorqalarimizni sug‘oryapmiz. Shunga majburmiz. Aholi shu yerda yetishtirilgan mevalar, sabzavotlardan iste'mol qilmoqda. Yozmagan joyimiz qolmadi. Hech kim e'tibor qaratmayapti. Muammoning asl sababi shundaki, 50-60 yillik quvurlar chirib yorilmoqda. Natijada hamma joy rasvo, hamma joy badbo‘y hid bilan to‘lgan. Hech narsa tizimga solinmagan. Hozir qish mavsumi bo‘lgani sababli hid unchalik sezilmayapti. Yozda bu joyda turib bo‘lmay qoladi. Yuqori tashkilotlarga yozgan edim, 1-2 km hududdagi joyni tozalagan bo‘lishdi. Keyin ishlar chala qolib ketdi. Axir bu holat ta'sirida bizda har xil yuqumli teri kasalliklari tarqalib turadi. Ayollar va yosh bolalarning yuzlariga yara toshib ketgan. Tekshiruvlar qog‘ozda qolib ketyapti. Ishlar bajarilyapti deyishadi. Mana bajarilgan ishlar. O‘zingiz ko‘ring vaziyatni», — deydi mo‘ysafid.

«Badbo‘y bog‘cha»

Murojaatchi o‘z so‘zlarining isboti tariqasida xarob holatdagi joylarni ko‘rsatdi. Shunday joylardan biriga hattoki yangi bolalar bog‘chasi ham qurilayotgan ekan. Aholi bu bog‘chani «badbo‘y bog‘cha» deb nomlashga ham ulguribdi. Batafsilroq o‘rganish uchun mahalla faollaridan bo‘lgan Nasiba To‘rayeva bilan suhbatlashdik.

«O‘zi bu joylarda aholi eski kanalizatsiyalar sababli jabr tortmoqda. Kamiga bu joyda bolalar maktabi ham bor. Bu ham yetmagandek endi bog‘cha ham tushyapti», — deydi jonkuyar ayol.

Mover'da ko‘rish

Youtube'da ko‘rish

«Imoratlarimizni qaytadan solyapmiz»

Shundan so‘ng, tumanning boshqa muammoli hududi tomon yo‘l oldik. Lekin, ochig‘ini aytish kerak, aholi vakillari masala yuzasidan behafsala munosabatda bo‘lishdi. Chunki hududga ko‘p marta tashriflar bo‘lgan, lekin bunday tekshirishlar doimo bir xil yakunlangan. To‘g‘rirog‘i, natija mutlaqo bo‘lmagan.

Xonadonlardan birining egasi Baxtiyor Xolmurodov vaziyatni quyidagicha izohladi. «Uyimning o‘rtasidan mana shu ifloslangan suv oqadi. Hidini sezib turibsiz. Chidab turadigan darajada emas. Yonimizdagi ko‘pqavatli uylardan chiqayotgan chiqindilar suvga qo‘shilib bizning mahalladan o‘tadi. 18 xonadon o‘rtasidan o‘tadi. Hozir qish. Lekin haliyam pashsha bor. Uy shiftiga qoqilgan ko‘m-ko‘k plastik materiallar hozir qop-qora tusga kirdi. Yosh bolalar kasal bo‘lib qoladi. Tez yordam chaqirgan kunlarimiz ham bo‘ldi. Yangi tushgan kelinlar ketib qolgan vaqtlar ham bo‘ldi. Tashqaridan kelgan odam bu hidga chidolmaydi-da», — deydi u.

Shundan so‘ng, mahallaning boshqa vakillari bilan suhbatlashdik.

«Uyimizda yoz vaqti umuman o‘tirib bo‘lmaydi. Bu yerdagi pashshalar chaqsa yara qilmay qo‘ymaydi. Hammada allergiya keltirib chiqardi. Tez-tez yotib davolanyapmiz. Qish kelsa kalamushlar ko‘payib ketadi. Shu darajaga keldiki, qurgan imoratlarimiz qulab ham tushdi»,  — deya ta'kidladi Sobira Bektoshova.

«Men imorat qilamanmi, bolalarimga to‘y qilamanmi? Yangi kelinim ham kasal bo‘lib qoldi. Bu yerdagi ko‘pchilikning ichki kasalliklari bor. Mening ham jigarim, buyraklarim kasal bo‘lib ketdi», — deydi Hasanovlar oilasi vakili.

«Bu yerda kalamushlar ko‘payib ketgan. Uyimizning ichigacha kirib olgan. Shunga chidolmay boshqa joydan uy olib ko‘chib ketdik. Uyda o‘zi ikki nogiron yashaymiz. Ahvolimizni yanada yomonlashtiryapti», — deydi Jamol Sattorov.

«20 yildan beri shu azob. Hech kim dardimizga quloq solay demaydi. Toza suvni Sirdaryodan olib kelib ichamiz», — deydi suhbatga aralashgan Karima Muhammadqulova.

Masala yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Muhabbat To‘xtayeva tomonidan deputatlik tekshiruvi o‘tkazilib, «Chinoz hayoti» gazetasida tanqidiy maqola ham chiqarilgan. Biroq, oliy vakillik organi deputati tomonidan berilgan takliflar «havoga sovurilgan».

So‘z mutasaddilarga

Tuman hokimiyati binosiga kirib kelganimizda bu yerda qandaydir yig‘ilish o‘tkazilayotgan ekan. Fuqarolardan so‘rasak, «Shifokorlar qasamyodi» bo‘lmoqda, hokim hali-beri bo‘shamaydi», deyishdi. Tadbir uzoq davom etishi haqida ogohlantirishgan bo‘lsa-da, kutishga qaror qildik.

Ma'lum vaqtdan so‘ng, hokim bilan uchrashishga muyassar bo‘ldik. Tuman rahbari bizni xonasiga ochiq muloqotga chorladi. Hokim xonasida Uy-joy kommunal xizmati vazirligining mutaxassislari ishtirokida murojaatchilar vakili bilan muloqot boshlandi.

«Qo‘limda 2021 yilgacha bo‘lgan dastur turibdi. Buning ichida qilinadigan ishlar qamrab olingan. 36 milliard so‘mlik dastur bor. Hammasi o‘ylab chiqilgan. Asta-sekinlik bilan qilamiz hamma ishlarni. Bu masalada bir daqiqa ham tinganimiz yo‘q. Bir daqiqa unutganimiz ham yo‘q. Chunki, Chinozning hayot-mamoti shu kanalizatsiya. Kanalizatsiya yaxshi bo‘lsa, keyin ko‘pqavatli uylar quramiz. Keyin investitsiya jalb qilamiz. Orada ko‘p muddat bu joylar qarovsiz qolgan», — deya haqiqatni tan oldi tuman rahbari.

Vazirlik mutasaddilari ushbu rejalar nimalardan iborat ekanligini birma-bir tushuntirib berishdi. Toshkent viloyat Suvoqova DUK direktor o‘rinbosari Faxriddin Samukov shunday dedi: «Hozircha moliyaviy manbalar bo‘lmagani bois bu ishlar keyingi yildagi dasturga kiritilgan. 68ta ko‘pqavatli uyning barchasi qamrab olingan. Faza-3 deb atalgan dastur «Osiyo taraqqiyot banki» tomonidan amalga oshiriladi. Bunga 7ta shahar kiritilgan. Shundan bittasi Chinoz shahri».

«Osiyo taraqqiyot banki» koordinatori, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mutasaddisi Chori Tillayev bizga tushuntirish berib o‘tdi: «Bu ishlar kichik ishlar emas. Siz aytgan masalani biz joyiga borib o‘rganaylik. Mutaxassislar ko‘rib chiqib, sarflanadigan materiallarini hisoblashsin».

«Bu ishni o‘zimizcha chamalab ayta olmaymiz. Malakali mutaxassislar ko‘rishi lozim. Bitta sayyor ishchi guruh qilib joyiga boramiz», — deya qo‘shimcha qildi Toshkent viloyati Suvoqova DUK direktor o‘rinbosari Abdusodiq Isametov.

Va'dalar...

Masalani mohiyatan tahlil qilib shuni bilamizki, bu dasturdagi rejalar  kichik ishlar emas. Toshkent viloyati Suvoqova DUK direktor o‘rinbosari muammoni hal qilishga jiddiy kirishdi va yon daftariga tushirib qo‘ydi.

Muammoni hal etish baribir ochiqligicha qoldi. Hokim, vazirlik mutasaddilarining va'dalari qay darajada amalga oshadi, buni hech kim bilmaydi. 20 yil kutgan bu aholi yana umid qilaveradi. Mashina ovozini eshitishi zahoti o‘zini ko‘chaga uraveradi. Zora, bu safar hukumat vakillari kelsa-yu, bizni bu azobdan qutqarsa deb ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutaverishadi, sabr qilaverishadi.

Ijodiy guruhimiz bilan mahalliy aholining ham musaffo havodan bahramand bo‘lishini, farzandlari yuqumli kasalliklarga chalinmay sog‘lom yurishini va mas'ul idoralardan rozi bo‘lib yashashini tilab qolamiz.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Muxbir - Bahodir Ahmedov

Operator – Muhammadjon G‘aniyev

Ko‘proq yangiliklar: