Tereza Mey Brexit bo‘yicha kelishuvni parlamentdan qanday olib o‘tishi aytildi

Jahon 15:46 / 07.12.2018 3744

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey o‘zining Yevropa ittifoqi bilan Brexit bo‘yicha kelishuvi Britaniya parlamenti tomonidan tasdiqlanishi uchun 100dan oshiq ovozga ega bo‘lishi kerak. Bu haqda Daily Telegraph xabar qilmoqda.

YeIdan chiqish bo‘yicha ovoz berish 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Tereza Mey ovoz berishdan bir necha kun oldin bunday ustunlikni qo‘lga kiritishi dargumon. Agar Britaniya bosh vaziri birinchi marta mag‘lubiyatga uchrasa, biroq o‘zini ag‘darib tashlashga imkon bermasa hamda hokimiyatni saqlab qolsa, unda u, katta ehtimol bilan, Brexit bo‘yicha kelishuv uchun rozilikni ikkinchi yoki uchinchi urinishda olishi mumkin, deb yozmoqda nashr. Gazetaning bildirishicha, Meyga bitim ma'qullanishiga erishish uchun avvalo o‘z partiyasidagi «yumshoq isyonchilarni» ishontirishi kerak, sababi ularning kelishuvga muxolifati eng kuchli ko‘rinish olishi mumkin. Shu tariqa, Tereza Mey faqat 70ta ovozni olishi talab etiladi, deb aniqlik kiritgan gazeta.

Ikkinchidan, ayrim saylov okruglaridagi leyboristlarga bosim o‘tkazish kerak bo‘ladi. Taxminan 12 nafar shunday deputat bor, deb yozadi nashr. Uchinchidan, Jamoatlar palatasida nisbatan yumshoq Brexit uchun ovoz bergan 14 nafar leyborist-deputat mavjud, ular ikkinchi referendum g‘oyasini hali qo‘llab-quvvatlamadi. Hukumatdagilarning umid qilishicha, ular fikrini o‘zgartirish imkoni topiladi, deya qayd etilgan materialda. Shu tariqa, Meyga yetmaydigan ovozlar soni taxminan 45-50tani tashkil qiladi.

To‘rtinchidan, Yevropa ittifoqidan chiqib ketish uchun aksariyat ovoz bergan saylov okruglari vakili bo‘lgan 20dan ortiq deputat bor. Biroq, bu deputatlar guruhida jamoaviy pozitsiya yo‘q. Agar ularni Mey kelishuvi tomoniga og‘dirishning yo‘li topilsa, bosh vazirga kerak bo‘lgan ovozlar soni 25-30 kishigacha qisqaradi. Nashrning xulosasida yozilishicha, yana qariyb 40 nafar konservator ovoz berishdan voz kechishi mumkin. Bu Mey kelishuviga erishishda hal qiluvchi qadamga aylanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tereza Mey Brexit’dan voz kechishi mumkin ekani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: