Rossiya banklari Visa va Mastercard tizimidan uzib qo‘yilishga tayyorlanmoqda

Jahon 17:51 / 07.12.2018 11806

Rossiya banki kichik banklarga ularning bank kartalariga xizmat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan zaxira hamkorlarni topishni so‘rab maktub yo‘lladi. «Vedomosti» gazetasining xabar berishicha, bu AQSh tomonidan kiritiladigan ehtimoliy sanksiyalar munosabati bilan qilinmoqda.

Tavsiyaviy maktub Visa va Mastercard xalqaro to‘lov tizimlari bilan bevosita emas, balki yirik hamkor banklar orqali ishlaydigan kichik banklarga jo‘natilgan. Markaziy bank kichik banklarga bank kartalari uzluksiz ishlashini ta'minlash maqsadida yana bir bank bilan zaxira shartnomasi tuzishni tavsiya qilmoqda.  

Nashrning qayd etishicha, hamkor bankni almashtirish 3-6 oy davom etadigan uzoq va og‘riqli jarayondir. Bankning protsessing kontragentini almashtirish taxminan 100 ming dollarga tushadi.

Nashr manbalarining ta'kidlashlaricha, Markaziy bank shu tarzda yirik banklarning ehtimoliy inqirozi va AQSh tomonidan kiritiladigan yangi sanksiyalardan sug‘urtalanmoqchi. Ehtimoliy sanksiyalar Rossiya ichida ishlaydigan bank kartalariga ta'sir ko‘rsatmaydi – ular Rossiya to‘lov kartalari milliy tizimi orqali o‘tadi, ammo xorijda bu kartalar ishlamaydi.

Ko‘proq yangiliklar: