Nukusda tibbiyot sohasida yangi xalqaro fakultet tashkil etiladi

O‘zbekiston 11:22 / 07.12.2018 6016

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialida Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot va Koryo universitetlari bilan hamkorlikda xalqaro fakultetni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining 2019/2020 o‘quv yilidan Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialida Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot va Koryo universitetlari bilan hamkorlikda magistratura va klinik ordinatura ta'lim yo‘nalishlarida “xalqaro fakulteti”ni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

Quyidagilar fakultet faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

respublika iqtisodiyotining real sektori tarmog‘i uchun muhim ilmiy-texnik vazifalarni hal qilishga qodir yuqori malakali tor doiradagi mutaxassislarni, ilmiy, ilmiy-pedagogik kadrlarni magistratura, tayanch doktorantura (PhD) va klinik ordinatura yo‘nalishida xalqaro ta'lim standartlari darajasida tayyorlash;

Orolbo‘yi mintaqasidagi kasalliklarni erta profilaktikasi, yuqori texnologiyali davolash usullarini qo‘llash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va atrof muhitni inson salomatligiga ta'sirini o‘rganish sohasidagi yuqori texnologiyalarga asoslangan fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borish;

mutaxassislar hamda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviyligi hamda uzluksizligi, shuningdek jahon ta'lim va ilmiy hamjamiyatiga integratsiyalashish asosida rivojlantirish;

ta'lim va ilmiy-texnik sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, ishlab chiqarish tarmoqlari hamda biznes-hamjamiyatlari bilan uzoq muddatli aloqalarni o‘rnatish, rivojlantirish va mustahkamlash.

Belgilab qo‘yilishicha:

fakultet kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda ta'limning asosiy mutaxassisliklari bo‘yicha magistr, tayanch doktorant (PhD) va klinik ordinatorlar, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradigan, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filialining tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi;

fakultetda talabalarni o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida rus va ingliz tillarida, kunduzgi ta'lim shaklida O‘zbekiston Respublikasi davlat ta'lim standartlari talablari inobatga olingan holda Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot va Koryo universitetlarida qabul qilingan ta'lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiriladi;

fakultetga magistratura, tayanch doktorantura (PhD) va klinik ordinatura mutaxassisliklariga qabul kvotasi mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqib, Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot va Koryo universitetlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklari bilan kelishuv asosida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mustaqil belgilanadi;

fakultetga talabalikka qabul qilish tartibi, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati hamda mahalliy va xorijiy professor-o‘qituvchilar mehnatiga haq to‘lash miqdorlari Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot va Koryo universitetlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishuv asosida belgilanadi;

fakultet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi hamda Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot va Koryo universitetlarida oliy ta'lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan, o‘zaro kelishuv asosida belgilangan namunadagi diplom beriladi.

Fakultet faoliyatini moliyalashtirish Filialga talabalarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, tegishli shartnomalar asosida manfaatdor tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan grantlar, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: