Ekvador prezidenti Assanj Londondagi elchixonani xavfsiz tark etishi mumkinligini aytdi

Jahon 07:39 / 07.12.2018 4173

WikiLeaks asoschisi, 2012 yildan beri Ekvadorning Londondagi elchixonasida qolayotgan Julian Assanj elchixona binosini hayoti uchun xavf-xatarsiz tark etib, Britaniya sudi oldida javob berishi mumkin. Bu haqda jurnalistlar bilan suhbatda Ekvador prezidenti Lenin Moreno ma'lum qildi.

“Bizga Britaniya hukumatining rasmiy xabarini jo‘natishdi, unda mamlakat konstitutsiyasi insonni hayoti uchun xavf mavjud bo‘lgan joyga ekstraditsiya qilishni taqiqlashi aytilgan”, deb ta'kidlab o‘tgan Moreno. Uning aytishicha, ushbu xabar Kito va Londonning muzokaralari doirasida olingan. Ekvador Britaniyadan Assanj o‘lim jazosi amal qiluvchi davlatga topshirilmasligi bo‘yicha kafolat berilishini so‘ragan.

“Shu tariqa janob Assanjning elchixonadan ozodlikka chiqish borasida qaror qabul qilishi uchun yo‘l ochildi. U Britaniya sudiga bormaganini unutmaylik va shu sababli biroz muddat turmada o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Buni Britaniya sudi hal qiladi”, deb qo‘shimcha qilgan Moreno.

Shu bilan birga Ekvador prezidenti Assanjning elchixonada qolayotganiga salbiy munosabatda ekanligini aytgan. “Menga janob Assanjning elchixonada qolayotgani yoqmayapti, biroq biz uning huquqlariga hurmat bilan munosabatda bo‘ldik va fikrimcha, 6 yil bu uzoq muddat, u elchixona binosida deyarli qamoqdagidek o‘tiribdi”, deb aytgan Moreno.

Assanj Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinishidan qochishga urinib, elchixonasi binosida 2012 yildan beri qolmoqda. Assanj Shvetsiya uni AQShga deportatsiya qilishidan xavfsiragan. U yerda esa avstraliyalikka AQSh davlat departamenti maxfiy hujjatlarini chop etgani uchun 35 yillik qamoq yoki o‘lim jazosi berilishi mumkin.

Assanj o‘ziga bildirilayotgan ayblovlarni rad etmoqda va uni siyosiy uyushtirilgan deb atamoqda. 2017 yilda unga qarshi Shvetsiyada ochilgan ish yopilgan, biroq Britaniya Assanj sudga kelmagani sabab hibsga olinishi kerak, deb hisoblamoqda.

Ko‘proq yangiliklar: