Armanistonning sobiq prezidenti Kocharyan hibsga olinishini shaxsiy o‘ch olish deb atadi

Jahon 22:40 / 07.12.2018 7112

Armanistonning sobiq prezidenti Robert Kocharyan apellyatsiya sudining uni hibsga olish qarorini shaxsiy o‘ch olish deb atadi.

“Bu hukumatning qo‘pol bosimi ostida qabul qilingan siyosiy qarordir. Shaxsiy o‘ch olish, menga va mening oilamga qarshi vendetta”, deb aytilgan Kocharyan bayonotida.

Kocharyanning fikricha, uning ishini ko‘rgan sudya qonunga xilof ravishda tanlangan.

“Men o‘tgan yo‘l, mening boshqaruvim vaqtida erishilgan natijalar, Armaniston, Artsax (Qorabog‘) va xorijdagi obro‘yim, mening siyosiy istiqbollarim hozirgi populist va davlatni boshqara olmaydigan rahbarga tinchlik bermayapti”, deyilgan Kocharyan bayonotida.

Kocharyan Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyanni qurbonlarga olib kelgan 2008 yil 1 martdagi ommaviy tartibsizliklarning bosh tashkilotchisi deb atagan. “U o‘zini qondan tozalab, meni aybdor qilmoqchi”, deb aytgan Armanistonning sobiq prezidenti.  

Armanistonning birinchi prezidenti, 2008 yil 19 fevraldagi prezident saylovlarida ishtirok etib, Serj Sargsyanga yutqazgan Levon Ter-Petrosyan boshchiligidagi muxolifat saylovlarning rasmiy natijalaridan norozi bo‘lib Yerevanda namoyishlar o‘tkazgan. Namoyishlar 1-2 mart kunlari tartibsizliklarga va namoyishchilarning huquq-tartibot xodimlariga qarshi to‘qnashuvlariga aylanib ketgan. Oqibatda 10 kishi halok bo‘lgan, 200 ga yaqin kishi jarohat olgan.

Pashinyan o‘shanda Ter-Petrosyan saylovoldi shtabi a'zosi va norozilik namoyishlarining faol ishtirokchisi bo‘lgan. U huquq-tartibot idoralari tomonidan qidiruvga berilgan va 2009 yil yozda hukumatga taslim bo‘lgan. Yerevan sudi Pashinyanni ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirganlik uchun 7 yillik qamoq jazosiga mahkum qilgan. Biroq Pashinyan 2011 yil mayida amnistiya bilan ozodlikka chiqarilgan.

Ko‘proq yangiliklar: