XOQ Rossiyaga 2020 yilgi Olimpiadadan chetlatish bilan tahdid qildi 

Sport 23:21 / 06.12.2018 14177

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Rossiya bobsley federatsiyasi prezidenti Aleksandr Zubkovga nisbatan Sport arbitraj sudi (CAS) tomonidan chiqarilgan qaror Moskva shahri sudi tomonidan noqonuniy deb topilganidan xavotir bildirmoqda. 

XOQ Rossiya Olimpiya qo‘mitasiga CAS qarori bajarilishini ta'minlash iltimosi bilan murojaat qilgan. Gap shundaki, XOQ 22 noyabrda Zubkovdan aksildoping qoidalarini buzgani uchun Sochida qo‘lga kiritgan 2 ta oltin medalni qaytarib berishini talab qilgan. Bundan bir kun avval Moskva sudi CAS qaroriga qaramay, Zubkovga Olimpiya chempioni maqomi va medallarni o‘zida saqlab qolishga izn bergan. Moskva sudi sudyasi Zubkovning aybdorligi isbotlari bo‘lmagani sabab, CAS qarorini tan olmagan.

Endi XOQ agar Olimpiya xartiyasi qoidalari bajarilmasa, Rossiyaga qarshi turli sanksiyalar qo‘llashi, jumladan uni Tokioda o‘tadigan 2020 yilgi yozgi Olimpiadada ishtirok etishdan chetlatishi mumkin. O‘z navbatida Rossiya Olimpiya qo‘mitasi Moskva sudi qarori bo‘yicha appelyatsiya berdi.

Zubkov 2017 yil noyabrda 2014 yilgi Olimpiadada aksildoping qoidalarini buzganlikda aybdor deb topilib, umrbod musobaqalardan chetlatilgandi. Sportchi, shuningdek, 2 ta Olimpiya oltin medalidan mahrum etilgan. Keyinroq CAS Zubkovning umrbod chetlatilishi qarorini bekor qilgan, biroq oltin medallar qaytarilishi borasidagi qarorini o‘zgartirmagan. 

Ko‘proq yangiliklar: