G‘allachilikda hosildorlik va daromadni oshirish imkoniyati yaratiladi

O‘zbekiston 22:11 / 06.12.2018 6653

Mamlakatimizda keyingi yillarda boshoqli don ekinlari hosildorligini oshirish, yuqori sifatli urug‘likni tayyorlash, agrotexnologiyaning yangi ilg‘or usullarini qo‘llash hamda fermer xo‘jaliklarini rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish, birinchi navbatda, fermerlar daromadini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligining mazkur muhim tarmog‘idagi real holat tahlili yaratilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganini, o‘z yechimini kutayotgan jiddiy muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, boshoqli don ekinlari ekish uchun yerlarning sifatsiz tayyorlanishi, agrotexnika qoidalariga rioya qilmaslik, ayniqsa, ekin-tikin ishlarining kechiktirib yuborilishi, moddiy-texnika resurslari o‘z vaqtida yetkazib berilmasligi oqibatida kutilgan hosil olinmayapti.

Joylardagi mas'ullar va fermerlar tomonidan kontraktatsiya shartnomasi bajarilmayotgani, hosildorlikni oshirish va qo‘shimcha daromad olish yuzasidan yetarlicha choralar ko‘rilmayotgani ham ayni haqiqat.

Eng asosiysi, yuqori hosildorlikka erishgan va tashabbuskor fermerlarni rag‘batlantirish, yer va suvdan unumli foydalanish va yuqori hosil olishga yetarli mas'uliyat bilan yondashmayotgan fermerlarga ta'sir ko‘rsatishning aniq mexanizmi mavjud emasligi sug‘oriladigan unumdor yer maydonlaridan foydalanish samaradorligining pasayishiga sabab bo‘lmoqda.

Vazirlar Mahkamasining «Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori soha ravnaqida to‘g‘anoq bo‘layotgan ushbu muammolarni bartaraf etish va uni sifat jihatidan yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Qarorda davlat xaridi uchun boshoqli don yetishtirish bo‘yicha amaldagi tartibdan mutlaqo farq qiladigan yangi tizim va mexanizmlar joriy etish nazarda tutilgani uning fermerlar hayotida muhim ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi. 

Qarorga muvofiq, sohada ko‘plab tub o‘zgarishlar ro‘y beradi. Xususan:

  • yetishtiriladigan bug‘doyning har bir tonnasi uchun kafolatlangan davlat xaridining o‘rtacha narxi 1 mln. 200 ming so‘m yoki joriy yildagiga nisbatan 1,6 barobar yuqori belgilandi, bu esa tabiiyki, mahsulot yetishtiruvchilarning moliyaviy barqarorligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi;
  • davlat xaridi uchun yetishtirilgan mahsulotlarni tabaqalashtirilgan narxlarda, ya'ni ustama va chegirmalar qo‘llagan holda sotib olish tartibi joriy qilinadi. Boshqacha qilib aytganda, yetishtirilgan boshoqli don hosildorligiga qarab, davlat xaridi uchun yetkazib berilgan g‘alla xarid narxiga 25 foizgacha ustama qo‘llaniladi.

Bunda, xarid narxiga boshoqli don hosildorligi har gektaridan 41 sentnerdan 50 sentnergacha bo‘lganida – 10 foiz (120 ming so‘m), 51 sentnerdan 60 sentnergacha bo‘lganida –20 foiz (240 ming so‘m), 61 sentner va undan yuqori bo‘lganida – 25 foiz (300 ming so‘m) ustama qo‘llaniladi.

Misol uchun, fermer xo‘jaligi 30 gektar sug‘oriladigan g‘alla maydonidan o‘rtacha 62 sentner hosil olsa va har gektaridan 30 ts/r.ni kontraktatsiya shartnomasi asosida topshirsa, unga topshiriladigan 90 tonna donning har bir tonnasi uchun ustamani hisobga olganda, 1 mln. 500 ming so‘mdan jami 135 mln. so‘m to‘lab beriladi. Bunda, fermer 27 mln. so‘m qo‘shimcha daromad oladi.

Qayd etish lozim, respublika bo‘yicha 2018 yil yil hosili uchun sug‘oriladigan yerlarda g‘alla ekkan 60 544 ta fermer xo‘jaliklarining 48 190 tasi yoki har beshtadan to‘rttasi gektariga 40 sentnerdan ortiq hosil olishga erishgan.

Favqulodda holatlar (qurg‘oqchilik, tabiat hodisalari va boshqa fors-major holatlari) oqibatida kutilgan hosil olinmaganda hamda bu holatlar Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha hududiy komissiya tomonidan tasdiqlanganda, davlat xaridi uchun yetkazib berilgan g‘allaga o‘rtacha xarid narxida hisob-kitob qilinishi Qarorda alohida belgilab qo‘yilgan.

Vaholanki, shu paytga qadar mahsulot yetishtiruvchilar turli tabiiy ofatlardan yetarli darajada himoyalanmagan edi.

Qaror bilan yuqorida qayd qilingan imtiyozlar bilan birga, fermer xo‘jaliklari zimmasiga mas'uliyat va majburiyatlar ham yuklatildi.

2019 yildan e'tiboran O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti parametrlariga sug‘oriladigan yerlarda boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga yagona yer solig‘ini hisoblashda soliq stavkalariga hosildorlikka qarab koeffitsiyentlar qo‘llash tartibi kiritilgan.

Ya'ni, gektaridan o‘rtacha 30 sentner va undan past hosil olinganda 2 barobar, hosildorlik 31 sentnerdan 40 sentnergacha bo‘lganida esa 1,5 barobar ko‘paytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llaniladi. Mazkur tartib g‘alla yetishtiruvchilarni oltinga teng bo‘lgan sug‘oriladigan yerlardan samarali foydalanish, mahsulot yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish borasidagi mas'uliyatini oshirishga xizmat qiladi. 

Shuningdek, sug‘oriladigan maydonlarda yetishtirilgan boshoqli don hosildorligiga qarab, davlat xaridi uchun yetkazib berilgan don narxiga 25 foizgacha chegirma qo‘llash tartibi joriy etildi.

Xususan, hosildorlik gektariga:

30 sentner va undan kam bo‘lganida  – 25 foiz;

31 sentnerdan 40 sentnergacha bo‘lganida – 15 foiz xarid narxiga chegirma bilan davlatga yetkazib berilgan don uchun to‘lov amalga oshiriladi.

Masalan, fermer xo‘jaligi har gektar sug‘oriladigan maydondan
30 sentnerdan kam hosil olsa, 25 foizli chegirma qo‘llaniladi va davlat xaridi uchun topshirilgan donning har bir tonnasi uchun 900 ming so‘m xarid narxi belgilanadi.

E'tiborli jihati, chegirma qo‘llangan holda bir tonna don xaridi uchun belgilangan 900 ming so‘mlik narx ham 2018 yil xarid narxiga nisbatan 1,2 barobar ko‘pdir.  Bunda ham, fermer manfaati hisobga olingan.

Eng asosiysi, har gektardan 40 sentnerdan kam hosil olinganida «yerga nisbatan xiyonat» deb baholanib, fermer xo‘jaligi boshlig‘i bilan mahalliy hokimliklar o‘rtasida tuzilgan uzoq muddatli yer ijara shartnomasi bekor qilinishigacha bo‘lgan choralar ko‘riladi.

Mazkur tartibning qo‘llanilishi dehqon va fermerlarning hosildorlikni ko‘paytirishga bo‘lgan intilishini kuchaytirish, birinchi navbatda, yer unumdorligini oshirish va yuqori hosil olishga qaratilgan agrotexnika tadbirlarini tizimli ravishda o‘tkazishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.

Ma'lumki, bugungi kunga qadar davlat xarididan ortiqcha yetishtirilgan boshoqli don mahsulotining aniq hisobi yuritilmas, bu esa respublika yalpi don hajmi va aholini ushbu turdagi mahsulotlar bilan ta'minlash darajasini real baholash imkonini bermas edi.

Shu ma'noda, qarorda qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan yetishtirilgan yalpi g‘alla hosili hisobini yuritish tartibini tasdiqlash masalasi e'tibordan chetda qolmagani diqqatga sazovor.

G‘alla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish tizimi ham takomillashdi.

Boshoqli don yetishtirish xarajatlari uchun davlat xaridiga yetkazib beriladigan boshoqli don yetishtirish uchun yillik 5 foiz miqdorda imtiyozli kredit ajratilishi va boshoqli don uchun yakuniy hisob-kitoblar 2019 yil 1 sentabrga qadar to‘liq amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Agar amaldagi tartibga ko‘ra, imtiyozli kredit davlat xaridi uchun yetkazib beriladigan boshoqli don qiymatining 60 foizigacha ajratilib kelingan bo‘lsa, yangi tartibda 100 foizigacha beriladi.

Moliyalashtirish tizimidagi ushbu o‘zgarish fermer xo‘jaliklarining aylanma mablag‘ taqchilligiga barham berish bilan birga, ular tomonidan resurs va xizmatlar uchun to‘lovlarni oldindan amalga oshirish, agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish, g‘alla yetishtirish hajmini ko‘paytirish, pirovardida yuqori daromad olish imkonini beradi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda, sug‘oriladigan maydonlarda
2019 yil hosili uchun ekilgan kuzgi boshoqli don ekinlarini parvarishlash bo‘yicha agrotexnika tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan «yo‘l xaritalari» qabul qilindi. 

Boshoqli don yetishtirishda agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida sifatli o‘tkazish va kafolatlangan hosil olishni tizimli tashkil etish bo‘yicha Respublika Ishchi guruhlarining tarkibi tasdiqlandi.

Ishchi guruhlari zimmasiga «yo‘l xaritalari»dan kelib chiqib, har bir fermer xo‘jaligi tomonidan amalga oshiriladigan agrotexnika tadbirlari rejasini ishlab chiqish va amalga oshirishda ko‘maklashish vazifasi yuklatildi.

Boshoqli don yetishtirish va o‘rib-yig‘ib olish bilan bog‘liq agrotexnika yumushlarining o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi, moliyaviy va moddiy-texnika resurslarini to‘liq hajmda va o‘z vaqtida yetkazib berilishi, yakuniy hisob-kitoblar to‘liq amalga oshirilishi, mazkur yo‘nalishdagi ishlar bo‘yicha tizimli nazorat o‘rnatilishi yuzasidan tegishli mutasaddilarning shaxsiy javobgarligi belgilab qo‘yildi.

Umuman olganda, qarorda belgilangan talablar ichki bozorda bug‘doy, un va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta'minlash, bug‘doyni qayta ishlash sohasida raqobatni kuchaytirish, xorijiy davlatlar tajribasini tahlil qilgan holda davlat xaridi uchun hosilni sug‘urtalash tizimini takomillashtirishga qaratilgan.

Ushbu qarorning izchil ijrosi, shak-shubhasiz, g‘allachilikda yer maydonlaridan samarali foydalanish va yuqori hosildorlikka erishish, eng asosiysi, fermer xo‘jaliklari moddiy manfaatdorligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: