«Endi g‘allaga haq to‘lash tizimi tubdan o‘zgardi». Fermerlar hukumatning yangi qaroridan mamnun

Jamiyat 20:27 / 06.12.2018 14543

Noyabr oyi oxirida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan, unga ko‘ra, suvli yerlarda g‘allaning har gektaridan 40 sentnerdan kam hosil olish «yerga nisbatan xiyonat» deb baholanishi belgilangandi.

Yerning haqiqiy egasi yaratilgan imkoniyatdan samarali foydalanadi

Qarorni sinchiklab o‘qib chiqdim, ko‘nglim juda ko‘tarildi. Men rahbarlik qilayotgan Xo‘jaobod tumanidagi «Azim Turkiston sarhadi» fermer xo‘jaligiga 42 gektar sug‘oriladigan yer maydoni ajratilgan. Mazkur yerga o‘n  ikki yildan beri g‘alla ekamiz, o‘tgan yillarda xarajatlarim va olgan kreditimizni arang qoplar edik, ortgan g‘allani ishchilarimizga bo‘lib berardik, hisob raqamimizga pul tushirib, g‘alladan daromad ololmasdik.

Endi g‘allaga haq to‘lash tizimi tubdan o‘zgardi. 2018 yil hosili uchun xarid narxi 750 so‘mga ko‘tarilgani hisobiga yaxshigina daromad oldik. Rosa qiziqib, yerga mehr berib ishladik.

Bu yil noyabrdagi Hukumat qarori biz fermerlarni yanada yaxshi ishlashga, ko‘tarinki mehnat qilishga undadi va qiziqtirdi.

O‘zimning misolimda hisob-kitob qilib ko‘rganimda, 42 gektar yerga ekkan bug‘doydan 70 sentnerdan hosil olishni ko‘zlab turibman.  Buning uchun bug‘doyga o‘z vaqtida suv qo‘yib, gektariga 200 kilodan fosforli, 100 kilodan azotli o‘g‘itni solib, bir dona urug‘dan o‘rtacha 6-8ta tuplanishga erishdim.

Hosil cho‘g‘ini oshirish uchun ish rejamni tuzib oldim. Qishda chilla suvini berish, mahalliy o‘g‘it jamg‘arish, begona o‘t, zararkunandalarga qarshi kurashish, kamida 3-4 marta bargidan oziqlantirish hamda boshqa ishlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishni vazifa qilib oldim.

Hisob-kitob qilsam, 2019 yil hosilidan yarim milliard so‘mdan ziyod yoki o‘tgan yildagidan 2 barobar ko‘p daromad olish imkoniyatim bor. Boisi gektaridan 60 sentnerdan ziyod hosil olgan fermerlarga 25 foiz ustama haq belgilangani tufayli 1 kg don uchun 1 ming 500 so‘m olaman. Bundan tashqari, hosildorlikni qo‘shimcha 10 sentnerdan ko‘proqqa oshiraman.

Fikrimcha, kim yer bilan tillashib, halol mehnat qilib, yaxshi hosil yaratsa, albatta daromad oladi, majburiyatini bajaradi, o‘zi  va ishchilari foyda ko‘radi.  

Qarorni o‘qib chiqsak, fermerlar uchun rosa yangiliklar ko‘p ekan. Imtiyozli kredit past foizda berilar ekan, topshirilgan don uchun 1 sentabrga qadar pulni to‘liq olamiz, bu bizga iqtisodimizni o‘nglab olishga, texnikalarimizni yangilashga, yerga yanada yaxshi ishlov berishga imkon beradi.

Qarorda achchiq bo‘lsa ham, bir haqiqat aytilgan. Shuncha imkoniyat berilgan bo‘lsada, ko‘proq hosil olishga intilmagan, ya'ni, 40 sentnerdan kam hosil olib, yerni umrini zoye ketkazgan fermer nafaqat o‘ziga, balki yerga nisbatan xiyonat qilgan deb baholanishi juda to‘g‘ri bo‘lgan.

Afsuski, ayrimlar qarorni noto‘g‘ri talqin qilyapti. Oltinga teng yerimizning unumdorligini oshirib, har bir qarichidan unumli foydalanib, dasturxonimizni to‘kin qilib, o‘zini va xalqini boy qilayotgan fermer albatta yerning haqiqiy egasi bo‘la oladi.          

Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumanidagi
«Azim Turkiston sarhadi» fermer xo‘jaligi boshlig‘i Badriddin Bozorov

 

Yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalanaylik

Men G‘ijduvondan «Fayz» fermer xo‘jaligini boshqaraman. 2018 yilda 26 gektar maydonga g‘alla ekib, 85 sentner hosil oldim va 60 mln. so‘m daromad ko‘rdim.

Yaqinda Hukumatning g‘allachilik bo‘yicha chiqqan yangi qarori bilan tanishdim. Oldinlari bunday imkoniyat va sharoitlar bo‘lmagan. Lekin, ayrimlar ushbu hujjatdagi talablarni o‘zicha talqin qilmoqda.

Mening fikrimcha, oldindan yerga ishlov bermasdan, mehnat qilmasdan, g‘allaga mehr bermay, past hosil olib, o‘zidan boshqa hammani aybdor qiladigan zamon o‘tdi.

Endi yerni faqat – eng ilg‘or texnologiyalardan xabari bor, yerga mehr beradigan, ilmi va tajribasi yetarli, o‘zi bilan birga xalqni o‘ylaydigan haqiqiy egasiga berish vaqti yetdi. Bunday insonlar barcha hududlarda ko‘plab topiladi.

Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi
«Fayz» fermer xo‘jaligi boshlig‘i
Rustam Fayziyev

Ko‘proq yangiliklar: