Modellar qatorini yangilash borasidagi strategiyaga muvofiq Chevrolet Malibu avtomobillarining hozirgi avlodi ishlab chiqarishdan to‘xtatiladi. Bu haqda GM Uzbekistan matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, ushbu modeldagi avtomobillarni xarid qilish uchun shartnomalar tuzish 2018 yilning 31 dekabriga qadar davom etadi.
“GM Uzbekistan dilerlik korxonalari bilan birgalikda xaridorlar oldidagi majburiyatlari bajarilishini to‘liq ta'minlaydi hamda avval shartnoma tuzgan xaridorlarga avtomobil to‘liq hajmda yetkazib beriladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning oktabr oyida GM Uzbekistan Toshkent viloyati Piskent tumanidagi avtodromda Malibu avtomobilining yangi o‘zlashtirilgan turbodvigatelli modelini namoyish qilgan va test-drayvdan o‘tkazgandi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Malibu’ning yangi avloddagi modeli quvvati 253 ot kuchiga teng va bu ko‘rsatkich uning 2,5 litr hajmli dvigatelga ega (186 ot kuchi) rusumdoshi bilan taqqoslaganda 67 ot kuchiga ko‘proq, joyidan 100 km/soat tezlikka erishishi esa 1,7 soniyaga tezroqdir. Turbodvigatelli model aralash siklda 100 km masofaga 8,5 litr, shahar siklida esa 10 litr yonilg‘i sarflaydi. Avtomobil uchun AI-95 rusumidagi yonilg‘i tavsiya qilinadi.
Malibu rusumidagi avtomobillar O‘zbekistonda 2012 yil bahoridan, yangilangan tashqi ko‘rinishdagi to‘qqizinchi avlod Malibu esa 2017 yildan ishlab chiqarila boshlangan.