«Bog‘chami yoki shiyponmi bu?» Andijon tumanidagi krovatlarni ota-onalar olib keladigan abgor holatdagi MTM haqida

Jamiyat 09:30 / 05.12.2018 43243

Ota-onalar Andijonning chekka hududidagi bog‘chadagi holat yuzasidan bir necha bor murojaat qilishgach, Andijon tumanidagi Orol qishlog‘iga bordik.

Orol qadimiy qishloq bo‘lib, Andijon  va Paxtaobod tumani o‘rtasidagi adirliklar orasida joylashgan. Katta va 10 ming nafarga yaqin aholi yashaydigan hudud. Aholi vakillarining bergan ma'lumotlariga ko‘ra, qishloqda 1500taga yaqin oila istiqomat qilar ekan. O‘zbegim bolajon xalq. Qishloqning har bir xonadonda kamida bittadan yosh bola bor.

Lekin, Orol qishlog‘ida faoliyat yuritayotgan 35-maktabgacha ta'lim muassasasidagi holatni achinarli deyishning o‘zi kamlik qiladi.

90 nafardan ziyod bola tarbiyalanayotgan maskan o‘tgan asrning 50-yillarida qurilgan eski, nurashga kelgan binoda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Maskandagi antisanitariya holatidagi oshxona, bolalar uchun o‘yin maydoni, guruhlardagi bolalarga mashg‘ulot o‘tish xonalari, aftodahol yotoqxona umuman bugungi kun talabida emas.

Har qanday maktabgacha ta'lim muassasasida har bir guruhning o‘z yechinish xonasi, mashg‘ulot xonasi va yotoqxonasi bo‘ladi. Ba'zi zamonaviy komplekslarda yig‘iladigan jihozlar bilan ta'minlangan bo‘lsa, barchasi bir xonada joylashishi ham mumkin.  

Nilufarxon Iminova rahbarligidagi bog‘chaning tayyorlov guruhi xonalariga kiramiz. Bolalar kunduzgi uyquga yotgan ekan. 26 nafar bola ro‘yxatda turadigan  tayyorlov guruhiga 22 nafari kelibdi. Guruh  yotoqxonasida esa 10 nafarga yaqin kichik guruh bolalari birga aralashib yotishardi. «Joy yo‘qligi uchun kichik guruhni bolalari aralash dam oladi», deydi tarbiyachi Feruzaxon Umarova.

Xona yaxshi isitilmagani uchun kichkintoylar issiq kiyimlari va qalpoqchalari bilan uxlashyapti. Krovatchalar juda zich joylashtirilgan. Zich ham emas, balki bir-biriga qapishib yotibdi. Binoning deraza, eshiklari atroflari ochilib ketgan. Yaxshi yonmagan ko‘mir hidi boshimizni bir zumda og‘ritdi.

«Talabgor ko‘p. Krovatlarni ham ota-onalarni o‘zlari olib kelishgan», deydi tarbiyachi krovatlar nega bu qadar zich joylashtirilgani haqidagi savolga javoban. Bu yerdagi tozalik haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi...

Kichik guruhga kirganimizda undan-da ayanchli ahvolga guvoh bo‘ldik. Guruhda 25 nafar bola tarbiyalansa,  yotoqxonadagi krovatlarda dam olib uxlayotgan bolalar soni 17ta edi. Tarbiyachi Karimaxon Ergashevaning «Bolalarimning beshtasi narigi guruhda uxlayapti. Yana uchtasi boshqa guruhda. To‘g‘risi, yotoqxonadagi krovatlarning 8tasi bog‘chaniki, qolganini ota-onalar olib kelgan», degan gapiga hayron qolmay iloj yo‘q edi. Krovatlar, yuvilganiga ancha vaqt bo‘lgan ko‘rpa-yostiq jildlarining turli o‘lchamdaligi, bu buyumlarni ota-onalarning o‘zlari olib kelganidan dalolat berib turardi.

Faqat, ota-onalar mashg‘ulot uchun stol-stul, mebel jihozlarini ham olib kelishsa yaxshi bo‘lardi. Chunki, bolajonlar ilm o‘rganib, surat chizadigan stulchalar juda eski va yaroqsiz holga kelib bo‘lgan ekan.

Hojatxona esa, alohida mavzu. 90 nafar bolaga tashqari hovlidagi ko‘rinishidan o‘tgan asr o‘rtalarida qurilgan, shu bo‘yi ta'mir ko‘rmagan ikki xonali hojatxona «xizmat ko‘rsatadi». Uning holati - maymunlarni yig‘latadigan darajada. O‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida ham emas, balki – umumiy bitta hojatxona! 90 nafar bolaning yarmi bir vaqtda hayotiy zaruratga chiqib, unga bir daqiqadan vaqt ketsa ham bir soat vaqt ketadi, axir. Bolalar uchun qo‘l yuvish joyi yo‘q desa ham bo‘ladi. Qishning sovuq kunida bolajonlarni hojatga tashqarida tizilib turishini bir o‘ylang?! Bino ichkarisida sanuzel ko‘rmadik.  Ana sizga shart-sharoit.

«Mamlakatimizda yosh avlod tarbiyasiga, ayniqsa maktabgacha ta'lim sohasiga katta e'tibor berilib, barcha shart-sharoitlar yaratilayotgan paytda Orol mahallasidagi bog‘chaning bunday ayanchli holatga kelib qolganidan juda tashvishdamiz. Noilojlikdan, yotoq joylari, mebel jihozlari yetishmaydigan, sanitariya holati umuman talab darajasida bo‘lmagan bog‘chada nabiralarimiz tarbiyalanyapti. Shunday katta hududda bir donagina MTM faoliyat ko‘rsatadi. Davlat tashkilotlari va turli korxonalarda ishlaydigan yosh oila vakillari bolasini kunduz kuni qayerga berishga hayron», deydi mahallada istiqomat qiluvchi onaxon Barchinoy Abdulazizova.  

Nahotki, o‘tgan yillar davomida mazkur muassasadan tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mutasaddilari xabar olishmagan? Tuman byudjyetini tasdiqlash davomida bog‘chani rekonstruksiya qilishga, mebel jihozlarini olishga mablag‘ ajratish shunchalik qiyinmi?

Hokimlik vakillari yaqinda bog‘cha yangi binoga ko‘chishi haqida ma'lumot berishdi. Haytovur, shu ma'lumot ko‘ngilni biroz ko‘targani rost.

Qarangki, 35-MTMdan bir ko‘cha narida 80-yillarda qurilgan zamonaviy «tipovoy» bog‘cha binosini ko‘rdik. Aytishlaricha, bu bino 2016 yil qaysidir tadbirkorga qishloq xo‘jaligi va boshoqli don mahsulotlarini qayta ishlash hamda ishchi xodimlar uchun bino va Xitoy usulida issiqxona qurilishi doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berilgan. «Ishbilarmon» olganidan buyon bino tashlandiq holatda yotibdi.  

Nihoyat tegishli idoralar bu yerdagi vaziyatga e'tibor qaratishlariga ishonch bildirib qolamiz.

O‘z muxbirimizdan

Ko‘proq yangiliklar: