Mutolaa rejasi nima uchun kerak va u qanday qilib tuziladi?

Light 19:02 / 04.12.2018 6842

Kitoblarni tartiblashtiring, ana o‘shanda ularni o‘qishdan ko‘proq foyda va zavq olasiz.

Sizda bir haftalik reja, mashqlar va moliya rejasi, balki dam olish rejasi ham bordir. Ularning bari muhim narsani yoddan chiqarmaslik, vaqt va resursdan samarali foydalanishda yordam beradi. Kitob o‘qish borasida ham ana shunday ro‘yxatni yuritish lozim.

Mutolaa rejasi nima?

Siz o‘qishni istagan kitoblarning mavzular bo‘yicha saralangan ro‘yxati. Uning yordamida bir kitobdan boshqasiga tartibsiz sakramaysiz. Biror narsa o‘qish istagi paydo bo‘lsa, mavzulardan biriga murojaat qilasiz va o‘qilmagan kitoblardan keyingisini tanlaysiz. Bu bo‘limga bir muallifning barcha kitoblari, muayyan janrdagi va bitta katta sohadagi kitoblar ham kiritilishi mumkin.

Foto: Layfxaker

Uning foydasi nimadan iborat?

  1. Uzluksiz ta'lim olishga yordam beradi

Ta'lim attestat yoki diplom olish bilan yakunlanmaydi. Nafaqat ko‘ngilni yozish, balki biror nima o‘rganish uchun ham mutolaa qiling. Reja mashg‘ulotlarning shaxsiy jadvalini tuzish va biror sohani o‘zlashtirishda yordam beradi.

  1. Mutolaani tartibga soladi

Albatta, mutolaa xursandchilik va huzur keltirishi lozim. Kitoblar ro‘yxati mutolaani rejalashtirilgan majburiyatga aylantirish uchun tuzilmaydi. U bor-yo‘g‘i doimiy ravishda o‘qishga yordam beradi. Ko‘plab qiziq kitoblardan iborat reja sizni mutolaa uchun vaqt topishga majbur qiladi. Agar hozirda kitob o‘qish uchun vaqt topolmayotgan bo‘lsangiz, buning uchun dastlab kuniga 30 daqiqa vaqt ajratishga harakat qiling.

Vazifalar ro‘yxati ish va majburiyatlarga diqqatni qaratishga yordam bergani kabi kitoblar ro‘yxati ham mutolaaga ko‘proq e'tibor berish va o‘qib tugatilgan kitoblarni ro‘yxatdan o‘chirib tashlash imkonini beradi.

  1. Kitoblarni oxirigacha o‘qishga ishtiyoq uyg‘otadi

Agar o‘qiyotgan kitobingiz yoqmayotgan bo‘lsa, o‘zingizni majburlamang. Biroq ayrim vaqtlarda sizda katta taassurot uyg‘otmayotgan kitobni ham oxirigacha o‘qish kerak. Rejaga amal qilish istagi kitobni o‘qib tugatishda yordam berishi mumkin.

  1. Tanlovni qisqartiradi

Ayrim vaqtlarda keyingi kitob qaysi bo‘lishini o‘ylab ham mutolaa ishtiyoqi so‘nadi. Kutubxonalar va do‘konlardagi keng tanlov aks ta'sir ko‘rsatadi. Barini o‘qigingiz keladi. Biroq biror qarorga kelguncha xohish yo‘qoladi. Sizda reja bo‘lsa, tanlashga hojat qolmaydi – ro‘yxatdagi keyingi kitobni o‘qishni boshlaysiz.

  1. Muayyan sohada mohir usta bo‘lishda yordam beradi

Umumiy bilimlar bilan birga biror sohani ipidan ignasigacha bilish naqadar yaxshi. Bu o‘z-o‘zidan qoniqqanlik hissini uyg‘otadi. Biror ishni yaxshi bilish usullaridan biri – u haqida ko‘p o‘qish. Karera va qiziqishlaringiz bilan bog‘liq bo‘lgan istalgan sohani tanlang. Asta-sekin bilimlaringizni oshirib borasiz.

  1. Qoniqish hissini uyg‘otadi

O‘ylagan ishimizni bajarganda biror narsaga erishganimizni his qilamiz. Aynan nima rejalashtirilgani ahamiyatsiz: og‘ir mashg‘ulot, bir necha kilogramga ozish yoki muayyan miqdordagi kitoblarni o‘qish. Ro‘yxatdagi o‘qib tugatilgan kitoblarni o‘chirayotib vaqtni bekorga sarf qilmaganingizni his etasiz.

Mutolaa ro‘yxati qanday tuziladi: bir necha fikrlar

O‘ta oddiy ro‘yxat tuzmang. Odatiy janrlardan biroz chetga chiqing.

Foto: Layfxaker

Mutolaa ro‘yxatini to‘ldirishni boshlang. Quyidagilarga ahamiyat bering:

  • Mashhur yozuvchilarning tavsiyalari. Masalan, Xeminguey, Nabokov, Xayao Miyadzaki ro‘yxatlarini ko‘zdan kechiring.
  • Mukofot olgan kitoblar. Masalan, Pulittser mukofoti olgan kitoblar bilan tanishib chiqing.
  • Yetuk shaxslar ro‘yxatidagi kitoblarni o‘qing. Masalan, Stiv Jobs, Bill Geyts va Ilon Maskning maslahatlari.
  • Sevimli muallifning barcha kitoblari. Agar sizga Tolstoy, Dikkens yoki boshqa istalgan muallif yoqsa, u nima yozganini o‘qib chiqing. Hatto xronologik ketma-ketlikdan foydalansa ham bo‘ladi.
  • Bir xil kategoriyadagi kitoblar. Masalan, mamlakatingizdagi rahbarlarning biografiyalari. Yoki tarixiy voqea haqidagi kitoblar.
Ko‘proq yangiliklar: