​Rishton tuman XTB ta'minotchisi maktab ko‘mirini sotgan. Ishni yopish uchun esa IIB xodimiga pora taklif etgan

Jamiyat 16:00 / 03.12.2018 17921

Shu yilning sentabr oyida Farg‘ona viloyati Rishton tumani XTBda xo‘jalik ta'minotchisi vazifasida ishlagan B.A. tumandagi 12-sonli umumta'lim maktabiga yetkazilishi kerak bo‘lgan 8 tonnadan ortiq ko‘mirni pullamoqchi bo‘lganda qo‘lga tushgan. Uni Bag‘dod tumani IIB Jinoyat-qidiruv bo‘limi tezkor vakili fosh etgan.

Kun.uz muxbiriga ma'lum bo‘lishicha, B.A.​ o‘z tanishiga ko‘mirni sotib olishni taklif qilgan. 1998 yildan buyon xalq ta'limi tizimida ishlab kelgan B.A.​ ko‘mirning 1 tonnasi uchun 300 ming so‘m so‘ragan. Ikkovlon savdoni pishitgandan so‘ng, omborxonadan yukni ortgan ulov keyingi manzilga qarab yo‘lga chiqqan. Shu joyda vaziyatga ichki ishlar xodimi aralashib, ko‘mirning egasini surishtiradi. Xaridor muammo kelib chiqqani haqida B. A.ga xabar yetkazgan. B.A.​ esa voqea joyiga yetib kelib, tezkor vakilga pora taklif etgan, undan ish «unut» bo‘lishini iltimos qiladi. 

Tabiiy gaz bilan ta'minlanmagan 12-sonli maktab direktorining ma'lumotiga ko‘ra, maktab 2018 yil hisobidan 30,8 tonna, jami 750 qop ko‘mir briket qabul qilgan, ammo maktabga hech qanday qora ko‘mir keltirilmagan. 

Ma'lum qilinishcha, tumanda 64ta maktab bo‘lib, 2018-2019 yillar kuz qish mavsumi uchun ta'lim muassasalariga reja asosida jami 1899,9 tonna ko‘mir yoqilg‘isi tarqatilishi rejalashtirilgan. 

Tuman XTB mudirining aytishicha, B.A.​ qilgan jinoyati tufayli allaqachon 119-sonli buyruqqa asosan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. 

«Bu shaxs oldin tuman xalq ta'limida qorovul va shofyor bo‘lib ishlagan», - deydi mudir. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Rishton tuman sudi Xalq ta'limi bo‘limi binosida o‘tkazilgan ochiq sayyor sud majlisida B. A. O‘zbekiston Respublikasi JKning 211-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topildi. B.A.​ga O‘zbekiston Respublikasi JKning 211-moddasi 1-qismi bilan JKning 45-moddasini qo‘llanilib, u 1 yil muddatga davlat korxona va muassasalarida moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilindi. Bundan tashqari, eng kam oylik ish haqining 60 baravari miqdorida (11.058.000 so‘m) jarima jazosi tayinlandi.

Sud majlisida raislik qilgan Rishton tuman sudining raisi Bag‘dod tuman IIB JQB tezkor vakilining harakatlarini e'tirof etib, rahbariyatdan uni taqdirlash choralari ko‘rilishini so‘ragan.

Ko‘proq yangiliklar: