Farg‘onada “GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan turli rusumdagi transport vositasi olib berishni va'da qilib, 50 nafardan ziyod jabrlanuvchilarni salkam 760 ming dollarga chuv tushirgan firibgar ustidan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.
Sudlanuvchi M.U. 2013-2014 yillarda o‘zgalarning mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida boshqa shaxslar bilan oldindan til biriktirib, jabrlanuvchilarning ishonchiga kirish maqsadida avtomashina savdosi bo‘yicha soxta shartnomalar tayyorlagan. Mazkur shartnomalarni soxta ekanligini bila turib, ayrim jabrlanuvchilarga taqdim etib, foydalanib, mazkur shartnoma asosida ularga “GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan turli rusumdagi transport vositasi olib berishga va'da bergan. Ularni ishontirib, aldab, ayrim jabrlanuvchilarning ancha miqdorga, ayrimlarini ko‘p miqdorga, ba'zilarini esa juda ko‘p miqdorga teng qiymatdagi AQSh dollarini qo‘lga kiritgan.
Jumladan, 2013 yil mart oyida Sh.Q.ga “Damas” rusumli transport vositasi olib berishga va'da berib, aldab, uni 10 ming 500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. E.E. bilan oldindan til biriktirib, 2013 yil noyabr oyidan 2014 yil yanvar oyiga qadar E.E. orqali I.H.ga uch dona “Nexia-2” rusumli transport vositasi olib berishga va'da berib, uning 40 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, aldab kelgan. Bu kabi aldanganlarni ro‘yxatini juda ko‘p keltirish mumkin. Halol ishlab, pul yig‘ib, yangi mashina minish istagida bo‘lgan 50 dan ziyod fuqarolar ana shu firibgarning tuzog‘iga ilindi. 2014 yilda M.U.ga nisbatan qidiruv e'lon qilingan bo‘lib, unga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sudlanuvchi M.U.ga uzil-kesil to‘qqiz yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shu bilan birga, jinoyat orqasida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar miqdori hukm e'lon qilingan kunda 1 AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymatidan kelib chiqib, undirish belgilandi.
M.U. bilan birgalikda jinoyatni sodir etgan, dastlabki tergov paytida jinoyat ishiga jalb qilinmagan boshqa shaxslarni ham ishga ayblanuvchi sifatida jalb qilish haqida sud alohida ajrim e'lon qildi.