Andijon viloyatida is gazi bilan bog‘liq vahimali xabar tarqaldi. Muxbir holatga oydinlik kiritdi

Jamiyat 12:19 / 02.12.2018 84854

Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 30 noyabr kuni soat 15:00dan boshlab, 1 dekabr kuni tongiga qadar  kuchli shamol kuzatildi.

Aynan mana shu tabiat hodisasi oqibatida odamlarning is gazi bilan zaharlanishi ehtimoli nega yuqori ekanligini bilasizmi? Fan tili bilan emas, balki oddiy qilib tushuntirishga harakat qilamiz. Xonadondagi pechka ko‘mir, o‘tin, boshqa yoqilg‘i yoqilganda,  gaz ajralib chiqadi. Mo‘ri orqali tashqariga chiqayotgan tutun va gazni kuchli shamol bosimi  uyning ichkarisiga qaytarib yuboradi. Tutun va is gazi uyga to‘la boshlasa, o‘sha yerdagi odam zaharlanishi ehtimoli kuzatiladi.

O‘sha kungi kuchli shamol ko‘p joylarda ana shunday noxushliklar bo‘lishiga sabab edi. Buning ortida xorijiy nashrlarda Andijon viloyatida bir kechada qariyb 100 kishi is gazidan zaharlangani haqida xabar tarqaldi.

Darhaqiqat, Shahrixon tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limi qabulxonasiga 30 noyabr kuni turli yoshdagi bemorlar aynan is gazi bilan zaharlanishdan shikoyat bilan olib kelingan. Kun.uz muxbirlari holatga oydinlik kiritish maqsadida Shahrixon tumaniga bordi.

Ma'lumki, o‘zini noxush sezgan kishilar tibbiyot muassassiga qo‘ng‘iroq qilib, tez yordam mashinasini chaqiradi yoki o‘zi kasalxonaga boradi. O‘sha kuni shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limi qabulxonasida umumiy amaliyot shifokori No‘monjon Qayumov navbatchilikda bo‘lgan. Uning aytishicha, 30 noyabr kuni bo‘limga turli yoshdagi bemorlar sog‘ligidan shikoyat qilib kelishgan. Bemorlar orasida issig‘i ko‘tarilgan, yurak sohasidagi noxushliklar, ya'ni har ish kunida uchraydigan turli kasalliklar  murojaat qilishgan. Tungi soat 11larda esa o‘zini is gazidan noxush sezgan kishilar kelgan.

«Shifoxonamizga ushbu tashxis bilan gumonlangan bemorlar kelishdi. Ular orasida tez yordam mashinasi va o‘zlari yurib kelganlari bor edi. Murojaat qilganlarning ichida og‘ir ahvolda kelganlari deyarli bo‘lmagan. Kelganlar barchasi hushida edi. Ularga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatdik. Hech qanday vahimali holat bo‘lmadi. Bemorlarga ambulator yordam ko‘rsatilgach, uylariga qaytib ketishdi. Ikki nafar «Is gazi bilan zaharlangan» tashxisi qo‘yilgan bemor terapiya (ichki kasalliklar) bo‘limga yotqizildi»,- deydi shifokor No‘monjon Qayumov.

Shundan so‘ng, 30 noyabr-1 dekabr kunlari Shahrixon tuman shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga murojaat qilganlarni qayd etish jurnali bilan tanishdik.

Jurnalda aynan, o‘sha kuni «Is gazi bilan zaharlanish» tashxisi bilan kelgan bemorlar soni 35 nafardan iborat ekan. Ulardan 17 nafari tez yordam mashinasida, 18 nafari esa o‘zi yurib kelgan.

Ahvoli nisbatan jiddiy bo‘lgan ikki bemor Shahrixon shahar, Shaydullayev ko‘chasida istiqomat qiluvchi, 1989 yilda tug‘ilgan bemor M.D. va Shahrixon tumani Nazarmahram mahallasida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan bemor K.S is gazidan zaharlanish diagnozi bilan shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limiga yotqizilgan. Har ikki bemorga zarur bo‘lgan tibbiy muolaja o‘tkazilgach, o‘zlarini yaxshi his qilgani uchun 1 dekabr kuni ertalab, ularning holati qoniqarli deb topilib, uylariga javob berilgan. Tumanda «Is gazi bilan zaharlanish» tashxisi bilan kasallangan og‘ir holatdagi birorta bemor aniqlanmagan.

Viloyat tibbiyot muassasalari mutasaddilari vahimaga o‘rin yo‘qligini bildirib, kuz-qish oylari aholi o‘rtasida kuzatiladigan turli kasalliklarga xodimlar va dori darmonlar  yetarli darajada  ekani haqida ma'lumot berishdi.
 

Elmurod Ermatov, Andijon
KUN.UZ muxbiri  

Ko‘proq yangiliklar: