Farg‘onalik tadbirkorning mehnatlari elektr tanqisligi oqibatida puchga chiqmoqda(mi?)

Jamiyat 15:10 / 01.12.2018 54107

KUN.UZ tahririyatiga Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumanida faoliyatini keng tarmoqda boshlab, muammolarga duch kelgan tadbirkor tomonidan yuborilgan murojaat kelib tushdi. Ishbilarmon yigit bilan uchrashish maqsadida yo‘lga otlandik.

Timurbek Abdumajidov Farg‘ona tumanining Xonqiz qishlog‘idagi “Soybo‘yi” mahallasi guzarida bundan 8 oy muqaddam qurilishi tugallanmagan kasalxona binosida tadbirkorlikni boshladi.

U binoni ta'mirdan chiqargach, qishloq ahli uchun eng zarur bo‘lgan - non mahsulotlari ishlab chiqarish, tikuvchilik sexi, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash uchun sovutgichli kamera va turli maishiy xizmat shoxobchalarini yurgizishga bel bog‘lab, mahallada istiqomat qiluvchi 17 nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta'minlagan.

Yuqorida keltirilgan ishlarni ro‘yobga chiqarishning mashaqqati esa barchaga ayon. Aftodahol binoni ta'mirdan chiqarish, uskuna va dastgohlar sotib olish, hujjatlarni rasmiylashtirish, kommunikatsiya tizimini yaratish katta summadagi xarajatlar evaziga bo‘ladi.

Yoz oylarida ishlar risoladagidek yurishdi. Tadbirkor ham, ishchilar ham asta-sekin yuksalayotgan faoliyatdan ko‘ngillari to‘q edi. Bahor, yoz o‘tib, kuz kelgach esa Timur eng katta muammoga duch keldi. Bu o‘sha, qishloq joylarda tadbirkorlikka kishan bo‘layotgan – ELeKTR TANQISLIGI MUAMMOSI EDI.

Mana, bir oydirki, ishchilar kunning yarmini bekor o‘tkazishyapti. Elektrdagi haddan ziyod uzilishlar ortidan esa qator muammolar yuzaga kelgan.

Bular:

  1. Ishchilar ish haqining kamayishi;
  2. Buyurtmalarning kechikishi va mijozlarning ishonchsizligi ortishi;
  3. Daromad topish o‘rniga ziyonga ishlash.

Ish kuni davomida qishloqqa elektr bor-yo‘g‘i 4 soat berilmoqda. Unda ham  jadval bo‘yicha emas, palapartish ravishda.

Bunday sharoitda tadbirkorlik qilib bo‘ladimi?

Non sexiga kiramiz. Qishloq ayollari zamonaviy pechlarda buxanka pishirishni hadisini olibdi. Pech suyultirilgan gazga moslashgan bo‘lsada, uning ko‘p qismi elektr bilan ishlar ekan.

“Shu yilning aprel oyida 1 litr suyultirilgan gaz narxi 1300-1400 so‘m edi, hozir 3000-3800 so‘m oralig‘ida bo‘lyapti. Agar xamirni qorib, pechda pishirish paytida tok o‘chsa, 1 million so‘mlik xomashyo uvol. Elektr tarmoqlariga murojaat qilaverib, natija bo‘lmaganidan boshni ushlab o‘tiribmiz”, — deydi tadbirkor.

Tikuv sexida chaqaloqlar kiyimi tikilyapti. Afsuski, 10 nafar qiz-juvon elektr o‘chganida tikuv mashinasiga termulib o‘tirishga majbur. Bejirim tikilgan kiyimlar jamlanmasining sifati  ko‘zni quvontiradi.

100 tonna meva-sabzavotni saqlash uchun mo‘ljallangan sovutgich ham elektr muammosi tufayli zo‘r-bazo‘r ishlab turibdi.

Timur Abdumajidov Janubiy Koreyada ishlash chog‘ida ko‘rib kelgan sharoitlarni qishloq joyda qo‘llamoqchi bo‘lgani tahsinga loyiq. U ishchilar uchun, birinchi navbatda, xuddi shahardagidek, zamonaviy dam olish, yuvinish xonalarini qurdirgan. Tadbirkorning  qishloqda yaxshi loyihasi amalga oshirmoqchi bo‘lgani, bor mablag‘ini sarflab biznesga tikkani nahotki o‘zini oqlamasa?!

Endi yosh ishbilarmon yigitning bugungi holatga nisbatan tahliliy fikrini eshiting:

“Axir, bu muammo faqat menda emas va bugun paydo bo‘lmagan. Bu muammo bir necha yillardan buyon butun O‘zbekiston xalqini, eng avvalo, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilarni qiynab kelmoqda. Qishloqlarimiz bir necha yillar avval tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan.

Hozirda respublikada, asosan, ko‘p qavatli uylar va ayrim hududlargina tabiiy gaz bilan ta'minlangan. Aholining katta qismi bu ne'matdan bebahra qolmoqda. “O‘ztransgaz”ning axborotlariga quloq soladigan bo‘lsak, hammasi risoladagidek. “Xonadon tarmoqqa ulangan”, degani, tabiiy gaz bilan ta'minlangan degani emasku? “O‘ztransgaz” esa Xitoyga 4-magistral quvurni tortishni tashvishini qilyapti. Aholi tabiiy gaz bilan to‘liq ta'minlanmas ekan, isitish va boshqa maqsadlar uchun tabiiy gaz o‘rniga elektr energiyasidan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Ko‘rib turganimizdek, tabiiy gaz ta'minotidagi muammo, elektr energiyasiga bo‘lgan talabning sun'iy oshishiga va ichki elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarining talabni qondirolmay, elektr energiyasidagi uzilishlarni vujudga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Bu masalani mutasaddilar yaxshi tushunib turganiga shubhamiz yo‘q. Meni qiziqtirayotgan narsa, qachonlardir  aholi yana doimiy ravishda tabiiy gaz bilan ta'minlanarmikan yoki eksport ustuvorligicha qolarmikan?

Xalqni rozi qilishning eng oson yo‘li, uning eng og‘riqli dardiga malham bo‘lish. So‘nggi 10 yillikda qishda jon saqlash uchun qancha bog‘lar, tutzorlar kesilib ketdi. Bu esa pillachilikni oqsashiga sabab bo‘lmoqda. Ko‘rib turganimizdek, birgina tabiiy gaz muamosi bir-biriga bog‘liq bo‘lgan bir necha muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Bir necha yil ish yuzasidan Janubiy Koreya Respublikasida bo‘ldim. Barchaga ma'lumki Koreya Respublikasi yer osti qazilma boyliklari jihatidan o‘ta qashshoq. Deyarli foydali qazilmalariga ega bo‘lmagan, xususan, tabiiy gaz qazib olinmaydigan davlat. Tabiiy gaz to‘liq chetdan import qilinadi. Yaqin yillarga qadar aholi iste'moli uchun suyultirilgan gazdan foydalanib kelingan bo‘lsa, ular endi bosqichma-bosqich quvurlar orqali aholiga tabiiy gaz yetkazib berishni yo‘lga qo‘ymoqda. Buni ko‘rib, “O‘zbekiston tabiiy gaz zaxirasi va qazib olish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan. Qachondir xalq manfaati birinchi o‘ringa qo‘yilib, chekka-chekka qishloqlarga xam zangori olov yetib borar?”, degan umid uyg‘onadi kishida.

Bizda aholiga tabiiy gaz yetkazib berish talab darajasida bo‘lmasada infratuzilma mavjud. Faqat xohish bo‘lsa bas. Lekin tabiiy gaz ta'minoti to‘g‘risida gap ochilsa, mutasaddilar tomonidan aholining qarzdorligi masalasi o‘rtaga ko‘ndalang qo‘yiladi. Axir bularning hech biri yechib bo‘lmas muammolar emasku? Sizlarga bu gaplarni aytishdan  maqsadim, aholiga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha hukumatimiz strategiyasi qanday? Batafsil o‘rganib, maqola tayyorlasangizlar. Sizlardan chiroyli maqola va mutasaddilardan xalq ko‘nglini xotirjam qiluvchi javob kutib qolamiz”, — dedi u.

Tadbirkorning gaplarida jon bor. Bugungi kunda elektr tanqisligining eng katta sababi, aholi xonadonlari va xalq xo‘jaligi obektlarining isitish mavsumida bor kuchni elektrga berayotganiga ham bog‘lash mumkin.

Biroq  Farg‘ona viloyati va Farg‘ona tumani elektr tarmoqlari qishloq joyda mahalliy aholini ish bilan ta'minlab, ishlab chiqarishni yurgizayotgan tadbirkorlarga sharoit yaratib berishga e'tibor qaratsalar bo‘lar edi. Tadbirkorning ishi yurishsa, aholining qozoni qaynab, yurt farovon bo‘ladi. Biz Farg‘ona elektr tarmoqlari mazkur muammoli holatga qanday ijobiy yechim topishini kuzatamiz.

Tabiiy gaz masalasi esa alohida mavzu...    

Elmurod Ermatov,
KUN.UZ muxbiri.

Tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov

Ko‘proq yangiliklar: